Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Samarqand bo‘sag‘alarida

– Musofir yurtig‘a kelayotirmen, deb qayg‘urmang. Albatta, vatanni tark etmak oson ermas. Ammo beixtiyor ollig‘a safar tushgan kishi, tavakkal otig‘a minib, sabr-matonat kamari bila belini bog‘lab olmog‘i zarur. Katta boshingizni kichik qilib, har yerga sig‘ib ketaverasiz. Muqarrar maoshim yo‘q, deb qo‘rqmang, Samarqandda mendek do‘stlaringiz bor ekan, xor-zorlig‘ ko‘rmagaysiz.

Samarqand ahli mehmondo‘st, musofirparvar. Ul yerga Toshkand, Andijondin kelib tahsil ko‘rayotgan yigitlar ko‘p. Samarqand – olamning sayqali, ilmning koni... – gap boshladi tug‘ilgan yurti Hirotdan bu muazzam shaharga kelib xomush tortib turgan Navoiyga peshvoz chiqqan Samarqand hokimi Ahmadxojibek uning dilidagi tashvishni tarqatish uchun.

– Rost, Ulug‘bek zamonida shundog‘ erdi. Ulug‘bek, Qozizoda bu dunyodin o‘tdilar. Ali Qushchi Rumga ketib qoldi, Samarqand egasiz, huvillab qolg‘on uyga o‘xshasa kerak.

– Qatig‘ to‘kilsa yuqi qolur, degan maqolni eshitmaganmusiz? Alar dunyodin o‘tgan bo‘lsalar dog‘i, qurib ketgan binolari, madrasalari, hammom, karvonsaroylari o‘z o‘rnida turibdur, shogirdlari, suhbatdoshlari barhayot... Rost, ilm, riyozat va falakiyotdin ta’lim beradurganlar yo‘q, ammo mantiq, falsafa, faroiz (yer o‘lchovi) ilmi ravnaq topg‘on. Hirotg‘a boqa bul yer tahsil olmoq uchun tinch va qulay. Bu yil necha yoshg‘a kirdingiz?

– Yigirma beshg‘a.

– Hali yoshsiz, vaqt g‘animatda o‘qib qoling! Sizni hazrat Abullays madrasasig‘a joylashtirib qo‘yamen.

– Og‘aliq qilg‘oningiz uchun tashakkur.

Samarqand yosh shoirni kulib qarshi oldi. Koshinlari oftobda yarqiragan madrasalar nurdan uning oyog‘iga poyandoz solayotganga o‘xshardi. Samarqand tuprog‘iga oyoq bosishi, ajoyib jome va madrasalarni ko‘rishi bilan Navoiyning ko‘ngli ko‘tarilib, tashvishlari unutilgandek bo‘ldi.

Mudarris Xoja Fazlullo Abullays Alisherni ochiq yuz bilan qarshi olib, madrasasiga qabul qildi. Arab tili, sarf nahvini arablarning o‘zidan ham yaxshi biladigan bu olim – fozil va shoir odamga Navoiyning hurmati zo‘r edi. Alisher zavq bilan undan arab tili, falsafa, mantiq ilmini o‘rgana boshladi. Yonidagi hujrada andijonlik ikki yigit – Yusuf Safoyi bilan Yusuf Andijoniy turardilar. Bir kun ular palov pishirib, Alisherni mehmonga taklif etishdi. Yusuf Andijoniy xushchaqchaq yigit ekan. Dasturxon yozib, palov keltirganidan keyin “oling, oling”, deyaverib, mehmonni to‘yguncha taom yeyishga majbur etdi. Qo‘llarga suv quyilib artilgandan so‘ng, biroz suhbatlashib o‘tirishdi. Navoiyning Hirotdagi hayoti, oshna-og‘aynilarini so‘rab-surishtirdilar.

– Hirotga nisbatan bu joylar tinch, – dedi Yusuf Alisherni yupatmoqchi bo‘lgandek, – Samarqand bahavo jannatdek makon, Zarafshon suvi boldin shirin, yetmish yetti xil dardga davo, bu yerda hayot qaynaydur.

– Alisherni shahar aylantirib tomosha qildirsoq yaxshi bo‘lur erdi, – dedi Safoyi sherigiga qarab.

– Men jome, madrasalar, Ko‘k saroyni tomosha qildim. Ulug‘bek soldirgan hammomg‘a dag‘i tushdim, – dedi Alisher kulib. – Ammo Rasadxonani borib ko‘rolmadim. Yiroq...

– Yiroq ermas, – dedi uning gapini bo‘lib Yusuf. – Obi Mashhad bo‘ylab borilsa, o‘n besh daqiqalik yo‘l. Istasangiz, juma kuni boraylik.

 

Oradan ikki kun o‘tgach, ikki do‘st Mashhad arig‘i yoqalab Rasadxona tomon yo‘l olishdi, gap bilan bo‘lib, u yerga qanday qilib yetib borganlarini payqamay qolishdi. Ko‘hak tepaligi ustiga qurilgan uch qavatli ustivona shaklidagi, balandligi qirq gazdan ziyod bo‘lgan bino o‘zining hashamati, ulug‘vorligi bilan Alisherni hayratda qoldirdi. Pishiq g‘ishtdan ishlanib, sirti marmar tosh bilan qoplangan yoy shaklidagi kuzatish asbobining bir uchi binoning o‘rtasidan chiqib osmonga qarab turardi.

Egasiz qolgan Rasadxona eshigiga qulf solingan, endi bu asbobdan hech kim yulduzlar sayrini kuzatmas edi. Pastda, Obirahmat soyi yaqindagina bu yerlarni obod qilgan ulug‘ olimlarni xotirlab shovillardi. Ko‘m-ko‘k tuman qo‘ynidagi Zarafshon tizma tog‘laridan esgan shamol bog‘larning xushbo‘y hidlarini keltirardi. Rasadxonani pastroqda ekinzorlar, bog‘lar uch tomondan o‘rab olgan. G‘arbi-janub tarafdan Samarqand madrasalari, saroylar, jomelarning koshinkor peshtoqlari, minoralar ko‘zni qamashtirardi. Shahar ustini yengilgina qo‘ng‘ir chang qoplab olgan, bu yerning esa havosi musaffo, osmoni chang-to‘zondan xoli, yulduzlarni kuzatish uchun qulay edi.

“Dunyo Ulug‘bek yanglig‘ olimlar podshosini va podsholar olimini ko‘rmag‘on. Hirotdek yerdin kelib, shu yerlarni ziyorat qilg‘onim uchun taqdirdan minnatdormen”, deb o‘yladi Alisher ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib. U ko‘pdan buyon o‘zini bunday baxtli his etmagan edi.

 

Mirkarim OSIM

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.