Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hunarim – hurmatim

Bu yilgi yozgi ta’til men uchun juda samarali o‘tadigan bo‘ldi. Qanday qilib deysizmi? O‘quv yili oxirlab qolgan kunlarda maktabimizda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida “Kim bo‘lsam ekan?” degan mavzuda tanlov bo‘lib o‘tdi. Ustozning aytishicha, odam kichkinaligidanoq kim bo‘lishni o‘ylashi, unga qanchalik layoqatli ekanligini bilishi va mahoratini oshirib borishi kerak ekan. Shundagina odam o‘z kasbining ustasiga aylana olar ekan.

Sinf rahbarimiz Lola Azimova bizga kasblar, ularning xalq xo‘jaligidagi o‘rni va ahamiyati haqida to‘liq ma’lumot berdi. Ayniqsa, mustaqillik tufayli paydo bo‘lgan yangi kasblar – tadbirkorlik, bankirlik, ishbilarmonlik va tijoratchilik haqida tayyorlangan hujjatli filmlar, bu kasb egalari bilan bo‘lgan uchrashuvlar bizga juda manzur bo‘ldi. Bu tadbir orqali biz kasb bilan hunarning bir-biridan farqini ham anglab yetdik. Qadimdan davom etib kelayotgan, me’morlik, naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik hunarlari xalqimizning milliy qadriyatiga aylangani, ular qurgan, bezak bergan ulkan inshootlar, betakror buyumlar tarixiy obidalar sifatida yurtimizni dunyoga tanitganidan g‘ururlandim. Men katta bo‘lsam bankir bo‘lmoqchiman. Biroq, yigit kishiga yetmish hunar oz, degan maqol qalbimdagi naqqoshlikka bo‘lgan mehrni alangalatdi. Endi yoz bo‘yi tuman “Barkamol avlod” markazidagi naqqoshlik to‘garagiga qatnab, shu hunarni egallab olmoqchiman. Katta bankir bo‘lganimda ham bu hunarimni tashlab qo‘ymayman. To‘garakda mo‘jazgina pardoz qutichaga naqsh solishni o‘rganyapman. O‘qish boshlangach uni ustozimga sovg‘a qilaman.

 

Jamoliddin SOLIJONOV,

Toshkent shahar 300-maktab 5-sinf

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.