Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitob bayrami

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 13-maktabda “Kitob insonni ezgulikka yetaklaydi” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. Unda “Gulxan” jurnali xodimlari va o‘quvchilarning ota-onalari ishtirok etdi. Adabiy kechada o‘quvchilar inson hayoti davomida kitobning o‘rni nechog‘liq ahamiyatga ega ekani haqidagi tushuncha va taassurotlarini mahorat bilan namoyish etdilar. Ayniqsa, bolalarning she’rni ifodali yod aytishlari, o‘qigan badiiy asarlaridan sahnalashtirgan ajoyib ko‘rinishlari barchaga manzur bo‘ldi.

– Kitob marafonida ota-onalarimizning faolligi bizni quvontiradi. Maktabda tashkil qilingan kitob savdosi yarmarkasida farzandiga kitob olib berayotgan ota-onalarning soni yildan yilga ortmoqda. Maktab kutubxonachisi Ma’mura Ikromova sinflararo “Targ‘ibotchi – kitobxon o‘quvchi” tanlovi o‘tkazib, kitobsevar bolalar sonini ko‘paytirmoqda. O‘quvchilarimiz o‘qigan asarlarining mazmun-mohiyati haqida sinfdoshlari bilan mulohaza qilib, fikr almashishga o‘rganmoqda. Har bir sinfda kutubxona tashkil qilingan, – deydi maktab direktori Shodiya Umarxo‘jayeva.

Kitobsevar o‘quvchilarga chinakam bayram bo‘lgan bu tadbirda “Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchi”, “Ifodali she’r o‘qish” va “Kutubxona boyidi” nominatsiyalari bo‘yicha eng faol, bilimdon, zukko o‘quvchilar maktab ma’muriyati tomonidan badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.

 

I. UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.