Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

She’riyat bayrami

Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 270-maktabda g‘azal mulkining sultoni, buyuk bobolarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuni munosabati bilan “Abadiyat farzandi” deb nomlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. Maktab o‘quvchilarining ota-onalari, mahalla faollari hamda bolalarning sevimli “Gulxan” jurnali ijodkorlari ishtirok etgan mazkur tadbirda o‘quvchilar g‘azal, ruboiylar o‘qidi, mumtoz qo‘shiqlarga raqsga tushib yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa, kichkina Alisherning tarixchi Ali Yazdiy bilan bo‘lgan uchrashuvi, “Layli va Majnun” dostonlaridan sahnalashtirilgan parchalarni bolalar mahorat bilan ijro etishdi.

– O‘quvchilarimiz har yili Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunini chinakam she’riyat bayrami sifatida nishonlashadi. Yil davomida o‘qigan, yod olgan g‘azallarini adabiy kechada aytib berishadi. O‘quvchilarning mumtoz adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini e’tiborga olib, adabiyot o‘qituvchilari Sevara Rajabova, Nasiba Haydarovalar mushoira, bahru bayt musobaqalari o‘tkazib turadi. Tadbirga tayyorgarlik jarayonida bolalar sahna bezaklariga, liboslarga ham alohida e’tibor qaratishdi, – deydi maktab direktori Yoqutxon Fayziyeva.

Qadriyatlar qadrlangan bu bayramning eng faol, eng zukko, bilimli o‘quvchilari Husan Jo‘rayev, Muslima Berdiyeva, Mubina Abdunabiyeva va Muxlisa G‘aniyevalar tadbir so‘ngida maktab ma’muriyati tomonidan badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.

 

B. LUTFULLAYEVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.