Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yangi yutuqlar sari

Bizning bolalar musiqa va san’at maktabimiz 1976-yilda tashkil qilingan. Dastlab faqat musiqa yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda tarkibiga An’anaviy xonandalik, Xalq cholg‘ulari, Rassomlik, Milliy raqs va Milliy hunarmandchilik san’ati yo‘nalishlari ham qo‘shilgan. Unda Qarnab ota qishlog‘ida yashaydigan 125 nafar iqtidorli, iste’dodli bolalar tahsil oladi. Har oyda bir marta barcha yo‘nalishlar o‘z hisobot tadbirlarini namoyish etishadi. Unda kim qanday yutuqqa erishgani, qanchalik mehnat qilgani – barchasi ayon bo‘ladi. Bizning rassomlik yo‘nalishimizda yaqindagina “Miniatyura san’atining mohir ustalari”, “Men buyuk rassom bo‘laman” tanlovlari bo‘lib o‘tdi.

Dilnura Baturova BMSMning 1-sinfida o‘qiydi. Miniatyura va dizayn yo‘nalishida rasmlar chizadi. Milliy raqs san’ati bilan ham shug‘ullanadi. Ingliz, rus, turk tillarini o‘rganyapti. Dilnuraning singlisi Mohinur esa “Mening tasavvurimda” tanlovining tuman bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Bizda opa-singillarga o‘xshagan qobiliyatli o‘quvchilar ko‘p.

To‘g‘ri, maktabimiz binosi biroz eski, sinfxonalarimiz kichkina, partalar yetishmaydi. Ammo, Qarnab ota 2019-yil “Obod qishloq” dasturiga kiritilishi munosabati bilan yangi maktab binosi qurish rejalashtirilibdi. Bu quvonchli xabarni maktabimiz direktori Bahriddin aka Normurodov e’lon qildilar. Darvoqe, Bahriddin aka juda jonkuyar murabbiy, har xil tanlovlar uyushtirishga bosh-qosh bo‘ladi. Kattami, kichikmi, barcha tadbirlarda, albatta, ishtirok etadi.

Sevimli jurnalimiz, “Gulxan”! Yangi maktabga ko‘chib o‘tgach, erishgan yangi yutuqlarimiz haqida senga, albatta, yozib yuboramiz.

 

Rahima ZIYODOVA,

Samarqand viloyati Paxtachi tumani

25-BMSM o‘qituvchisi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.