Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Abdulaziz – elda aziz

Karate bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni Abdulaziz Otaboyev o‘quvchilar bilan uchrashuvdan qaytayotgandi. Maktab darvozasidan o‘n-o‘n besh qadam uzoqlashganda, ortidan kimdir chaqirdi. O‘girilib qaradi. Ikkita bolakay u tomonga yugurib kelardi.

– Aka, men bilan Dilshod mashg‘ulotda edik. Uchrashuvga qatnasholmadik. Lekin sizga savolimiz bor edi, – dedi ulardan biri.

Abdulaziz to‘xtadi. – Qanaqa savol ekan, so‘rang-chi, – jilmaydi u o‘ziga havas va hayrat bilan qarab turgan bolalarga. Undagi samimiyat bolalarni dadillashtirdi:

– Aka, chempion bo‘lish qiyinmi? – dedi Dilshod qo‘lidagi “pepsi” shishasini o‘ng qo‘liga olarkan.

– Sport bilan shug‘ullanasizmi? Yoshingiz nechada?

– Ha, shug‘ullanamiz, 4-sinfda o‘qiymiz. Men “A” sinfda, Sherzod “B”da. Bir yildan buyon maktabdagi karate to‘garagida shug‘ullanamiz.

– Menimcha, sizlarga biroz qiyin bo‘ladi-yov.

– Nega?! – baravar so‘rashdi ular.

– Chunki, karate bilan shug‘ullanadigan bolalar, nafas yo‘llarini asrashi kerak. Buning uchun gazli ichimliklar ichmasligi, pista chaqmasligi shart, – bolalarga sinovchan tikildi Abdulaziz.

– Iya, pista ham mumkinmasmi? – qo‘lidagi pistani qayerga yashirishni bilmay xijolat tortdi Sherzod.

– Albatta, mumkinmas. Uning sirtida minglab chang zarralari bor. Sportchi birinchi navbatda irodali bo‘lishi kerak. Chunki yaxshi sportchi bo‘lish uchun, ba’zan eng yaxshi ko‘rgan narsalaringdan voz kechishingga to‘g‘ri keladi.

– Aka, siz “kola” ichmaysizmi, shuning uchun chempion bo‘lganmisiz?

– Nafaqat “kola”, umuman, gazli ichimlik ichmayman. Lekin zo‘rlardan zo‘r chiqib, respublika, Osiyo, jahon chempioni bo‘lish uchun bu kamlik qiladi. Yuringlar, anavi yerda o‘tirib suhbatni davom ettiramiz, – bolalarni chinor ostidagi o‘rindiqqa yetakladi Abdulaziz.

– Men Andijon shahrida tug‘ilganman. Azizbek akam shahrimizdagi “Ahmadshoh” sport klubiga borardi. Bir kuni dadam meni akam qatnaydigan musobaqaga olib bordi. Sportchilarning chiroyli, chaqqon harakatlari, ayniqsa, akamning bu musobaqada shahar chempioni bo‘lganini ko‘rib juda havasim keldi. Dadam murabbiy Azizbek Yusupovga “Ustoz, Abdulaziz o‘g‘lim 5 yoshda. Biroq akasidan ham tirishqoq, iltimos, uni ham bir sinab ko‘ring”, dedi. Men sinovdan yaxshi o‘tdim. Murabbiyning har bir topshirig‘iga amal qildim. Qiynalib, hammayog‘im og‘rigandayam akamga ham, dadamga ham shikoyat qilmadim. 2007-yilda, 1-maktabning 4-sinfida o‘qiyotganimda Toshkentda o‘tkazilgan respublika chempionatida g‘olib bo‘ldim.

– Zo‘r-u. Necha bahoga o‘qigansiz?

– Faqat a’lo bahoga. Chunki, murabbiy, kundaligingda “4” baho tushganini ko‘rsam mashg‘ulotni to‘xtataman, degandi-da.

Chempion bo‘lib maktabga kelganimda sinf rahbarimiz Yelena Vyacheslavovna menga kattakon “Qiziqarli matematika” kitobini sovg‘a qilgan. Bo‘sh vaqtimda misol va masalalar yechishni yaxshi ko‘rishimni bilardilar-da.

– E, men bo‘lsam, chempionga mazza, maktab faxri. Yaxshi o‘qimasa ham bo‘laveradi. Ustozi ham, ota-onasi ham koyimaydi, deb o‘ylardim, – xo‘rsindi Dilshod.

– Yo‘q, mazza emas, aksincha, chempion bo‘lganingdan keyin hammaning e’tiborida bo‘lasan. O‘qishing, bo‘sh vaqting ham, mashg‘ulotlarda erishayotgan natijalaring ham. Murabbiy esa mashg‘ulotlarni murakkablashtirib boradi.

– Bu yaxshimi?

– Yaxshi. Lekin qiyin. Biroq men bundan xursandman. Nega desangiz, ana shu mashaqqatli mehnatlarim evaziga qora belbog‘ sohibi bo‘ldim, 10 karra respublika musobaqalari g‘olibligini qo‘lga kiritdim. 1-DAN qora belbog‘ sohibi bo‘ldim. 2 marta Markaziy Osiyo chempionligiga erishdim. Bolalar va o‘smirlar maktabi direktori, 2-DAN qora belbog‘ sohibi Iqboljon Haydarovdan ham karatening juda ko‘p sirlarini o‘rgandim. 2013-yilda yuksak ko‘rsatkichlarim uchun respublika terma jamoasi safida Dubayda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ishtirok etib kumush medal sohibi bo‘ldim.

– Nega oltin medal olmadingiz, raqibingiz kuchlimidi? – Dilshod qo‘lidagi “kola” idishini og‘ziga olib bordi-yu, chempionning gapi esiga tushib, uni asta o‘rindiq tagiga qo‘ydi.

– Ehtimol, chunki bu musobaqada Osiyoning eng kuchli o‘yinchilari yig‘ilgandi-da. Lekin bu menga saboq bo‘ldi. O‘sha o‘yinlarni sinchiklab kuzatdim. Raqiblarimning o‘zimdan ustun tomonlari nimadaligini bildim. Shu bois 2015-yil poytaxtimizda o‘tkazilgan Osiyo chempionati g‘olibiga aylandim. O‘shanda juda hayajonlandim. Chunki musobaqani ko‘rishga onam ham kelgandi-da. Onam menga doim, o‘g‘lim, raqibingga hech qachon dushman ko‘zi bilan qarama, uni hurmat qil, niyating ham kimonongdek oq bo‘lsin, derdilar. Onamning ishonchini oqlaganim oltin medaldan ham qadrli bo‘lgan.

– Ha, mening onam ham, men seni qanday yaxshi ko‘rsam, raqibingning onasi ham o‘g‘lini shunday yaxshi ko‘radi. Shuning uchun jangda shafqatsiz bo‘lma, deydilar. Aka, men ham tumanda g‘olib bo‘lganman. Endi murabbiyimni o‘zgartirishim shartmasmi?

– Murabbiy otangdek gap, agar u sening imkoniyatingni, nimaga qodirligini tushunib yetgan bo‘lsa, almashtirmagan yaxshi.

Men ham trenerim Azizbek aka bilan 10 yil shug‘ullandim. Muvaffaqiyatlarimning barchasiga ustoz saboqlari sabab. Lekin har bir murabbiyning o‘ziga xos uslubi bo‘ladi. Bu yil Bokuda o‘tgan chempionatda 3-o‘ringa tushib qoldim. Rosa xafa bo‘lib turganimda, terma jamoa bosh murabbiyi O‘ktam aka Bekpo‘latov menga dalda berdi. Imkoniyatlarim kattaligini, yaxshilab shug‘ullansam, ulkan zafarlarni egallashimni mehr bilan tushuntirdi. Ustozning otalarcha maslahat va o‘gitidan o‘zimga ishonchim ortdi. Nazarimda, endi men o‘z vaznim bo‘yicha jahondagi barcha raqiblarimdan ustun bo‘la olaman. Hozir jamoadoshlarim Sadriddin Soymatov, Dostonbek Otabolayevlar bilan shu oy oxirida Ispaniyada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorlanyapmiz.

– O‘ho‘, bellashuvda yutsangiz, jahon chempioni bo‘larkansiz-da, – o‘rindiqdan turib ketdi bolalar.

– Nasib qilsa. O‘zingiz-chi, o‘zingiz qanday musobaqaga tayyorlanyapsiz?

– Viloyat musobaqalariga. Unda g‘olib bo‘lsak, mamlakat chempionatiga boramiz.

– Barakalla, g‘oliblik shohsupasiga qarab yurdik bo‘lmasa, – Abdulaziz bo‘ynidagi shoda-shoda medallardan ko‘z uzolmayotgan ukalari bilan samimiy xayrlashdi. Biz ham O‘zbekiston nomini dunyolarga tanitgan mashhur sportchimizga jahon chempionatida ham ulkan zafarlar tilaymiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.