Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ajdodlarga munosibmiz

Buyuk Amir Temur saltanatni boshqarishda “Yetti o‘lchab bir kes” degan naqlga amal qilgani barchaga ayon. Ayniqsa, jang san’atida mohirligi, har tomonlama o‘ylab, aql bilan g‘alabaga erishgani olam ahlini lol qoldirgan. Buyuk davlat arbobi va sarkardaning Vatanga sadoqat, mardlik, fidoyilik, elparvar hamda adolatparvarligi yosh avlodlar uchun o‘rnakdir. Uning tutgan yo‘li har bir bolaga qiziq tuyulishi tabiiy.

Islombekning akasi harbiy xizmatdan qaytganida uylari faxr va quvonchga to‘lib ketadi. Mahalla bolalari askarga havas qilib, atrofini o‘rab olishadi. Islombek esa akasining harbiy libosini kiyib, o‘rtoqlariga maqtangani ko‘chaga chiqadi. Bolalar uni qurshab oladi. Kimdir askarning bosh kiyimini, kimdir gimnastyorka tugmasini havas bilan ushlab silaydi. Qo‘shni xola esa, askar libosi senga yarashibdi, buyursin, deb duo qiladi. Ana o‘shanda Islombek qalbida harbiylikka havas uyg‘ongandi.

Kunlarning birida televizorda Amir Temur haqida badiiy film namoyish etiladi. Filmni ko‘rgan Islombekning sarkarda haqidagi qiziqishi kuchayadi. Tarixni sevuvchi bolakay kerakli adabiyotlarni topishga urinadi. Ko‘p o‘qiydi. Uning bilimini, darsdagi faolligini ko‘rgan o‘qituvchisi Islombekni gapga tutadi. Shunda u Amir Temur hayotiga qiziqishi va maqsadini ustoziga aytadi. Sofiya Qurbonova unga Amir Temur boshqargan janglar haqida hikoya qiluvchi ma’lumotlarni tutqazadi. Islombek voqealarni o‘qir ekan, o‘zini o‘sha davrda his qilardi. Ayniqsa, Hindiston jangi uni lol qoldiradi.

Tarixdan ma’lumki, hindlar qo‘shini jangga kirganda asosiy kuch sifatida fillardan foydalangan. Bahaybat fil qo‘shini raqib ustiga ayovsiz bostirib borgan. Buni oldindan bilgan Amir Temur fillarga qarshi turish uchun barcha zarur choralarni topishga harakat qiladi. Bunda o‘tkir uchli qoziqdan qopqon yasattiradi. Yasalgan qopqonlar butun jang maydoniga pinhona joylashtiriladi. Keyingi bosqichda chuqur qilib xandaqlar qaziladi. Shu tariqa dushman qo‘shinini mag‘lub qiladi.

Sarkarda bobosining topqirligi va mahoratiga qoyil qolgan Islombek uzil-kesil harbiy zobit bo‘lishga ahd qiladi. 9-sinfda o‘qiyotganida akasidan Toshkent harbiy-telekommunikatsiya akademik litseyi haqida eshitadi. Islombekka bu xabar imkoniyat eshigini ochadi. Shu dargohga o‘qishga kirish uchun qattiq tayyorlanadi. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 1-maktabni bitirgan Islombek Toshkentga kelib, litseyga hujjat topshiradi. U jismoniy tayyorgarlik bilan birga tabiiy fanlar – fizika, matematika, kimyo fanlaridan sinovdan o‘tadi.

Islombek Boboqulov maqsadiga erishdi – harbiy libos kiyib, vatan himoyachisiga aylandi. U hozir o‘qish bilan birga harbiy hayot sinovlarida toblanmoqda. Chunki bu yerda o‘qish va yashash tarzi haqiqiy harbiycha. Ertalab soat 05: 50 da uyg‘onish, 06: 00 da sakson daqiqalik ertalabki badantarbiya, yarim soatlik tanaffus (shaxsiy vaqt), keyin saf ko‘rigi va mashg‘ulotlar. Ayni paytda u litseyning 3-bosqichida o‘qiyapti.

O‘tgan yilning dekabr oyida Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan “Combat Aikido” sport turi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasida I o‘rinni egalladi. Bu g‘alaba bilan u Tailandda o‘tkaziladigan “MUAY BORAN” yo‘nalishidagi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. “MUAY BORAN” tailandliklarning milliy sport turi hisoblanadi. Shunday qilib, mart oyida Islombek va ikki kursdoshi Tailandga borishdi. Bahslarga boy xalqaro bellashuvda uch o‘rtoq uchinchi o‘rin – bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.

Jahon chempionatida Islombek bilan birga yonma-yon qatnashgan kursdoshi Orziqul Xolmatov yoshlikdan kurash bilan shug‘ullangan. U Surxondaryo viloyati Denov tumani Toqchi qishlog‘idan.

– Harbiy akademik litseylar Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida tashkil qilingan, deydi Orziqul. – O‘tgan yili Yurtboshimiz farmoniga binoan ushbu harbiy akademik litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berilib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ixtiyoriga topshirildi. Ushbu o‘quv maskanlariga o‘rta maktabning 9-sinfini tugatgan, uch saralash bosqichdan o‘tgan yoshlar qabul qilinadi. Saralash bosqichining birinchisi yashash joyidagi Mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan o‘tkaziladi. Ikkinchisi – viloyatlar mudofaa ishlari boshqarmalarining harbiy professional saralash bosqichi. Uchinchisi – davlat test sinovlari. Test sinovlari “Temurbeklar maktabi”da o‘tkaziladi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu maktabga jismonan sog‘lom o‘quvchilar qabul qilinadi. Bunda xalqaro va fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Madaniyat vazirliklari, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan turli musobaqa g‘oliblari ham test sinovlaridan ozod etiladi.

Mamlakatimizda iqtidorli va faol qizlar uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilganini bilasiz. Har biringizning dilingizda qani endi, o‘g‘il bolalar uchun ham alohida Davlat mukofoti bo‘lsaydi, degan fikr o‘tgan, albatta. Ana shu orzuingiz ushaldi. Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi Farmoniga muvofiq, endi turli soha va tarmoqlarda yuqori natijalarga erishayotgan yigitlar uchun “Mard o‘g‘lonlar” nomli Davlat mukofoti ta’sis etildi. Bu esa “Temurbeklar maktabi”ning o‘zida mardlik, jasorat kabi xislatlarni mujassam qilgan barcha o‘g‘lonlar omadlarini sinab ko‘rishlari uchun ulkan imkoniyat. Sohibqiron bobomizning “Kuch – adolatdadir” degan hikmatini shior qilib olgan o‘quvchilar sport zallarida muntazam shug‘ullanar ekan, kuch faqatgina adolat va uning himoyasi yo‘lida ishlatilishi lozimligini doimo yodda saqlashadi.

Yana bir gap: o‘qishda, mehnatda, jamoat ishlarida har tomonlama faol bo‘lgan yigit-qizlar endi “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanadigan bo‘ldi. “Temurbeklar maktabi”dagi mashg‘ulotlarni zimdan kuzatar ekanman, kursantlar harakatlarini ko‘rib havasim keldi. Zero, ko‘zlari chaqnoq, shijoati qaynoq, yuragi otash bu yigitlar Vatanimiz mudofaasining ishonchli kelajagidir.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.