Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Akbarshohning maqsadi

Olti yoshidan san’atga qiziqa boshlagan Akbarshoh nafaqat qo‘shiq kuylashni, raqs tushishni ham sevadi. Avvaliga DVD disklar orqali turli raqslarni sekinlashtirgan holda kuzatib, o‘zicha shug‘ullana boshlagan. Bundan qanoat hosil qilmagach, tumandagi “Barkamol avlod” markazida Doniyor Mavlonov rahbarlik qilayotgan raqs to‘garagiga a’zo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, bir qancha raqslarni o‘rganib oladi. Akbarshoh o‘zlashtirgan raqslar orasida nafaqat milliy, balki jahon xalqlari raqs namunalari ham o‘rin olgan. U tahsil olayotgan maktab va tumandagi tadbir, bayramlar uning ishtirokisiz o‘tmaydi. Maktabdoshining chiqishlarini ko‘rgan tengdoshlarida ham san’atga qiziqish uyg‘onib, bizni ham yoningga olib raqs sirlarini o‘rgat, deyishdi. Shu tariqa u o‘zi o‘rgangan raqslarni xohlovchilarga o‘rgata boshladi. Akbarshohning sa’y-harakatlarini kuzatib yurgan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 223-maktab direktori Dilfuza Yusupova unga to‘garak tashkil etishni taklif qiladi va bunga sharoit ham yaratib beradi. Hozir Akbarshoh shu maktabning yettinchi sinf o‘quvchisi. U darsdan keyin to‘garakda tengdoshlariga raqs sirlarini o‘rgatmoqda.

Tumanda joylashgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining bitiruvchi talabalari diplom ishi uchun suratga olinayotgan filmga kasting e’lon qilishadi. Ulardan biri Akbarshohni uchratib o‘zining “Kechikish” nomli qisqa metrajli filmidagi epizodik rolga taklif qiladi. Filmdagi lavha orqali Akbarshoh kinorejissor Ozod Shamsning nazariga tushadi. Rejissor “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlab suratga olayotgan “Super jamoa” nomli badiiy filmidagi asosiy rolga taklif qiladi. Mazkur film voqealari yosh futbolchilar jamoasi haqida. Film ijodkorlarining aytishicha, filmni suratga olish jarayonida yosh aktyor ortiqcha qiynalmadi. Sababi, u sportda ham tuman bo‘yicha peshqadamlik qilib kelgan. O‘zi o‘qiyotgan maktab qoshida ochilgan futbol to‘garagiga a’zo, jamoada himoyachi bo‘lib harakat qiladi. Yana u yengil atletikaning uzunlikka sakrash turi bilan ham shug‘ullanadi. “Umid nihollari” sport musobaqalarida tuman va tumanlararo bosqichda muvaffaqiyatli qatnashmoqda.

Akbarshohning yagona maqsadi – kelajakda el ardog‘idagi san’atkor bo‘lish. Buning uchun u ko‘p o‘qishi, o‘rganishi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi zarurligini juda yaxshi biladi.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.