Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aql gimnastikachilari

Sizdan aqlni charxlab, xotirani mustahkamlaydigan sport turi qaysi, deb so‘rashsa, hech ikkilanmay shaxmat, deysiz. Sportning bu turida aql va zehn kuchi bilan yo‘lga chiqqan piyoda o‘yin yakunida “shoh”ga aylanishi mumkin. Orangizda hali yosh bo‘lishiga qaramay, o‘z iqtidorini namoyon qilib, xalqaro musobaqalarda yuksak shohsupalarga ko‘tarilgan tengdoshlaringiz ham talaygina.

Yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha G‘arbiy Osiyo chempionatida 122 nafar tengdoshingiz O‘zbekiston nomidan dona surib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni zabt etdi. Quvonarlisi, jamoa mazkur musobaqada 26 ta oltin, 34 ta kumush va 31 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bugun sizga ana shu musobaqa g‘olibiga aylangan yosh shaxmatchilarning yutuqlari haqida hikoya qilamiz.

 

Kenja qizning quvonchi

Umida asli Surxondaryoning Sherobod tumanidan, oilada kenja farzand. Akasi bilan opasi shaxmat to‘garagiga qatnaganda xarxasha qilib ortidan borar, shaxmat donalarini o‘ynab, ularga xalaqit berardi. O‘zaro uyushtirilgan musobaqalarda ancha ko‘zi pishib qolgan qizaloq, men ham to‘garakka qatnashaman, deb turib oldi. Ammo murabbiyning talabiga ko‘ra, bolalar o‘z partiyasini qayd qilib borishlari uchun o‘qish va yozishni bilishlari zarur edi. Umida to‘garak a’zosi bo‘lish uchun besh yoshga to‘lmay o‘qish, yozishni o‘rgandi. Farzandidagi iqtidorni qadrlagan ota-onasi uni respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining shaxmat bo‘limiga olib borishdi. Murabbiyi Vladimir Nikolayevich Yeginning yosh shaxmatchi bilan soatlab shug‘ullanishlari qisqa vaqt ichida o‘z so‘zini aytdi.

Endigina o‘n yoshni qarshilagan yosh shaxmatchi O‘zbekistonda o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan turnirda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ilk g‘alabadan quvongan Umida murabbiyidan endi Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashishini eshitib, o‘z mahoratini ko‘rsatadigan vaqt kelganini tushundi.

2017-yil Xitoyning Panjin shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 2 ta oltin, 1 ta kumush, 2018-yil Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 1-o‘rin, Rossiyaninig Qozon shahrida 14 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilarning rapid yo‘nalishi bo‘yicha IV Butunjahon shaxmat olimpiadasida 1-o‘rin, Belorus Respublikasining Minsk shahrida 12 yoshgacha qizlar o‘rtasidagi blits va rapid yo‘nalishlarida 2 ta oltin, Ispaniyada bo‘lib o‘tgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 2-o‘ringa munosib deb topildi.

– Hozir 2019-yil Tunis davlatida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashib, yaxshi natijaga erishish uchun tinimsiz shug‘ullanyapman, – deydi Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 266-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Umida Omonova.

 

Humoyunga xat keldi

Zuhra aya nabirasi boradigan bog‘chada shaxmat to‘garagi ochilganini eshitdi-yu, Humoyunni yetaklab yo‘lga tushdi. Havaskor shaxmatchilarga murabbiylik qilayotgan To‘lqin Eshboboyev bolaning qobiliyatini sinash uchun undan shaxmat donalari nomlarini, joylashish tartibini so‘radi. Javoblardan ko‘ngli to‘lgan murabbiy uni shogirdlikka qabul qildi va o‘sha ondayoq o‘yin yo‘nalishlari haqida tushuncha berdi.

– Shaxmatda standart, rapid va blits yo‘nalishlari bo‘lib, har bir yo‘nalishning o‘z qoidasi bor. Qoidaga amal qilmaslik – to‘plagan ochkolardan voz kechish degani. Shaxmat taxtasi yog‘ochdan yasalgan, yengil va ovoz chiqarmaydigan bo‘lsa, harakatlanishing oson, fikringni chalg‘itmaydi.

Murabbiyining ilk sabog‘iga qat’iy amal qilgan Humoyun besh yoshida O‘zbekiston chempionatida oltin medal sohibi bo‘ldi. 2016-yil Mongoliyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Kirsan Ilyumjinovdan Humoyun Bekmurodovning “eng yosh shaxmat ustasi” maqomiga nomzod sifatida rekord o‘rnatgani haqida tabrik xati keldi. Bu xat yosh shaxmatchini ruhlantirib yubordi. U mashg‘ulotlarga yanada jiddiy kirishdi. Xalqaro grossmeyster Marat Jumayevdan saboq olishni boshladi. 2017-yil Ruminyada maktab o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 1-o‘rinni egalladi. 2018-yil Minsk shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 2 ta, Shri-Lankadagi Osiyo chempionatida 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Humoyun Bekmurodov hozirda Yunusobod tumanidagi 51-maktabning 2-sinfida o‘qimoqda.

 

Dadamning orzusi

Afro‘za Hamdamova Samarqand shahridagi 42-maktabning 3-sinf o‘quvchisi. U shaxmat o‘ynashni to‘rt yoshidan boshlagan. Ehtimol, qo‘g‘irchoqni qo‘lidan qo‘ymaydigan bu yoshda Afro‘za qanday qilib shaxmatga mehr qo‘ydi ekan, deb o‘ylayotgandirsiz? Uning dadasi Akbar aka havasmand shaxmatchilardan. Shuning uchunmi, bo‘sh qoldi deguncha qizalog‘i bilan shaxmat o‘ynardi. Bolalikdagi orzularini qizining yutuqlari bilan ro‘yobga chiqarishni o‘ylab, besh yoshli farzandini murabbiy Shahobiddin Hamroqulovga shogirdlikka berdi. Murabbiy saboqlarini tinglab, xatti-harakatlarini qunt bilan kuzatgan Afro‘za, yetti yoshida O‘zbekiston chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Eronning Tehron shahridagi Osiyo chempionatida qatnashish uchun dadasi bilan yo‘lga chiqdi. Musobaqada ancha tajribali tengdoshlari bilan yuzlashdi. O‘yin yakuniga qadar kurash og‘ir kechgan bo‘lsa-da, Afro‘za eng munosib sportchi sifatida g‘alaba shohsupasiga ko‘tarildi. Qizalog‘ining bo‘ynidagi 3 ta oltin medal shodasini ko‘rib dadasining ham ko‘zlari yoshlandi. Afro‘za o‘z shijoatiga ishonib, 2016-yil Gruziyadagi jahon chempionatida 52 ta davlatdan kelgan shaxmatchi do‘stlari bilan munosib bellashdi. Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida ham oltin medal yana unga nasib qildi.

Ruminya davlatidagi jahon chempionatida, Shri-Lankadagi Osiyo chempionatida ham ikkitadan oltin medal bilan taqdirlandi.

– Musobaqalarga ketishimdan oldin dadam, imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishni, vaqtni behudaga sarflamasligimni qayta-qayta takrorlaydi. Musobaqaning eng qiziq va hayajonli damlari – barcha bo‘lg‘usi shaxmat daholari oldida yurtingiz nomi bilan shohsupaga chiqish, – dedi Afro‘za suhbatimiz so‘ngida.

Yurt nomini ko‘klarga ko‘tarib, yuksak marralarni zabt etish har bir sportchining orzusi. Mana shunday maqsad yo‘lida bel bog‘lagan tengdoshlaringizning yo‘llari hamisha oq bo‘lsin.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.