Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Aqlli” do‘ppi

Dunyoda yon-atrofidagi yordamga muhtoj insonlar taqdiriga befarq qaray olmaydigan tengqurlaringiz ko‘p. Ular imkon qadar imkoniyati cheklangan odamlar og‘irini yengil qilish uchun izlanishadi. Turmush tarzida foydalanadigan yordamchi qurilmalar ixtiro qilishga harakat qilishadi.

Sattigali Jo‘ldasboy ana shunday izlanuvchan tengdoshlaringizdan biri. U Aktaudagi (Qozog‘iston) Nazarboyev nomidagi intellektual maktabning 12-sinfida o‘qiydi. Jo‘ldasboyning yaqinda yaratgan antiqa do‘ppisi ko‘plab ko‘zi ojiz kishilarni xursand qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo xalqlari do‘ppini milliy bosh kiyim sifatida juda qadrlashadi. Shu sababli Jo‘ldasboy oddiy telefondan olingan vibromotorga signal beruvchi harakat datchigi joyladi hamda uni do‘ppiga maxsus o‘rnatilgan sensor ekrani bilan jipslashtirdi.

Bu qurilma ko‘zi ojiz kishiga qanday yordam berishi mumkin, deya o‘ylayotgandirsiz? Gap shundaki, do‘ppining old qismidan o‘rin olgan sensorlar yo‘ldagi to‘siq yoki chuqurlikni ilg‘ay oladi. Va shu zahoti vibratsiya orqali do‘ppi egasiga xabar beradi. Qarabsizki, bu ogohlantirishdan hushyor tortgan kishi harakatini ehtiyot bo‘lib davom ettiradi.

Yana bir yangilik. Jo‘ldasboy o‘zining bu ixtirosi bilan xalqaro tanlovlarda qatnashib, munosib o‘ringa ega bo‘lish uchun “aqlli” do‘ppisini yanada mukammallashtirish ustida ish olib bormoqda. Ya’ni unga chuqur suv havzalari, harakatdagi avtomobillar haqida oldindan xabar berish, hattoki biror manzilni topib bora olish xususiyatlarini ham “o‘rgatmoqchi”. Bu esa ko‘zi ojiz odamlar uchun ayni muddao bo‘lishi, tabiiy. To‘g‘rimi?

 

Farhod BEK tayyorladi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.