Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir onning bahosi

yoxud vaqtni qadrlaydign yigit

Toshket shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 279-maktabning fizika fani o‘qituvchisi Farida opa uzoq yillik pedagogik faoliyati davomida ko‘plab iqtidorli bolalarga saboq bergan edi. Ularning aksariyati bir-biriga o‘xshardi: fizika, matematika fanlarini yaxshi o‘zlashtirgani, negadir, ona tili, adabiyot, tarixga unchalik qiziqmasdi. Aksincha, adabiyotdan “5” bahoga o‘qiydiganlari fizikadan qiynalishar edi. Bu holat ustozning kuzatuvchan nigohidan chetda qolmas, shu bois darsini iloji boricha qiziqarli o‘tishga harakat qilar, fizika mutaxassisi bo‘lishiga qaramay, mavridi kelganda o‘quvchilarini boshqa fanlarni ham puxta o‘zlashtirishga undardi.

Ammo endigina 5-sinfga o‘tgan o‘quvchilar orasida tiyrakkina bir bola birinchi darsdanoq uning e’tiborini tortdi. O‘zini Zokirov Bobur, deb tanishtirgan yigitcha savollarga shunday ravon, mantiqli, qiziqarli javob berardiki, muallimaning ko‘nglidan: “Kitobxon bolaga o‘xshaydi, ishqilib, fizikaga ham qiziqib qolsin-da...” degan umidbaxsh fikr o‘tdi...

– Ustoz, men fizikani yaxshi ko‘raman! – deb javob berdi u muallimasining “Qaysi fanlarga qiziqasizlar?” degan savoliga...

Bugun siz o‘qiyotgan maktab sinfxonalarini bezab turgan bejirim globuslar-u osma xaritalar, chizg‘ich, transportir singari o‘quv qurollarini ishlab chiqarayotgan “Ziyo Globus” xususiy korxonasi rahbari, yosh tadbirkor akangiz Bobur Zokirovning ilm-fanning sehrli olamiga kirib kelishi shu tariqa yuz bergan edi.

– 1993-yilda ziyolilar oilasida tug‘ilganman, – deya hikoya qiladi u, bolalik damlarini eslab. – Bobom, buvim, ammam va otam jurnalist bo‘lishgan. Amakim esa fizik olim. Esimda, har yakshanba kuni otamning do‘stlari bir joyda yig‘ilib, ilm-fandan suhbat qurishar, biznikida bo‘ladigan shunday yig‘inlarda men ham u kishining yonlarida, tushunsam-tushunmasam, gaplariga quloq solib o‘tirardim. Sekin-asta oq-qorani taniy boshlagach, otam meni shunday suhbatlarga o‘zi bilan birga olib boradigan bo‘ldi.

Ilmli kishilarning suhbatini olgan yosh Bobur qalbida o‘qishga, bilim egallashga havas kuchayib bordi. Bu ishtiyoq u maktabga borgach yana ham kuchaydi.

– O‘g‘lim, ilmli odam hayotda, albatta o‘z o‘rnini topadi, uni hamma hurmat qiladi, – deya bot-bot ta’kidlardi rahmatli otasi Dilmurod aka. Bu so‘zlar Boburning qalbiga oltindek quyildi.

– Barcha bolalar kabi biz ham sovg‘a olishni yaxshi ko‘rardik, – deya o‘sha damlarni eslaydi yosh tadbirkor. – Biz, aka-ukalarning eng yaxshi ko‘rgan sovg‘amiz kitob edi. Otam olib bergan kitoblarni to‘plab, kichik kutubxona ham tashkil qilganmiz.

Oiladagi ajoyib muhit, kattalarning qo‘llab-quvvatlashi natijasida qahramonimiz maktabni a’lo baholarga tugatib, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi 2-akademik litseyga o‘qishga kirdi.

 

FORMULALAR SEHRI

Suhbatimiz davomida: “Sizning fizika, geografiya fanlariga mehringiz bizga ma’lum, siz yoqtirmaydigan fan ham bo‘lganmi?” – deya so‘radik.

– Balki ishonmassiz, – jilmaydi Bobur, – men yomon ko‘radigan fanning o‘zi yo‘q. Men yoqtirmaydigan yagona dars – bekor o‘tgan dars edi. Chuqurroq mulohaza qilib ko‘rsak, hayotda har bir fanning o‘z ahamiyati bor. Men bolaligimdan juda sho‘x va sersavol edim. Gohida ustozlarim meni deb charchab ham qolishardi, bilmagan, ozgina tushunmagan narsamni ham so‘rayverardim-da! Lekin birorta o‘qituvchimiz bu odatimdan xafa bo‘lgan emas, aksincha, savollarimga erinmay, batafsil javob berishar edi.

Yashirmayman, eng sevimli fanim fizika bo‘lgan. Chunki 5-sinfda ilk bor fizika darsi o‘tilganda, ustozimiz Oy va Quyosh tutilishi sabablarini tushuntirib, fizika fani shu kabi barcha tabiat hodisalarini o‘rganadi, deganda, men xuddi o‘zim izlagan narsani topgandek quvonib ketganman. Fizika bu – sir-sinoatlar kaliti. Oddiy bir holatni olaylik: nega quyosh rangi tongda boshqacha, botayotganda boshqacha bo‘ladi? Shu kabi savollar bu fanga mehrimni orttirgan. To‘g‘ri, menga ham turli formulalarni yodlash, ularni hisoblash va boshqa uzundan-uzoq qoidalar zerikarli tuyuladi. Lekin ularni tushunib olsak, o‘-ho‘, juda katta olamni kashf etgandek bo‘lamiz. Masalan, o‘zimning shaxsiy fikr, g‘oya, nazariyamni va formulalarimni yaratish menga cheksiz zavq bag‘ishlaydi.

Bobur 7-8 yoshlaridan taekvondo, futbol, basketbol, stol tennisi kabi sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib keladi. Umuman, har bir daqiqadan unumli foydalana olish Bobur Zokirov uchun odatga aylangan. Uning bu xislatini tilga olganda, beixtiyor alloma shoir G‘afur G‘ulomning “Vaqt” she’ridagi:

Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun

Oltindan tarozi, olmosdan tosh oz, –

misralari yodimizga tushadi. Boburbekdagi bu xislat litseyda tahsil olayotganida ham namoyon bo‘ldi.

– Litseyda matematika faniga ko‘proq mehr qo‘ydim, – deya o‘zi tahsil olgan TATU qoshidagi 2-akademik litseydagi ustozlarini ehtirom bilan eslaydi yosh tadbirkor. – Matematika muallimimiz bu fanga ishtiyoqimni uyg‘otish bilan birga izchil mehnat qilishni, ko‘zlagan maqsad sari chekinmay harakat qilish kerakligini o‘rgatdi.

Ustozlar o‘giti, bergan saboqlari bekor ketmadi. Bobur litseyni tugatib, Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga o‘qishga kirdi.

Ayni paytda mazkur oliy ta’lim muassasasining bakalavr bosqichini tugatish arafasida turibdi. Biroq o‘zining sevimli mashg‘uloti bo‘lmish mutolaani tashlab qo‘ygani yo‘q.

– Tarixiy asarlarni ham yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, Amir Temur bobomizga bag‘ishlangan badiiy asarlarni o‘qish jon-u dilim. Ayni paytda esa yapon olimining “Kaydzen” nomli asarini o‘qiyapman...

Bobur Zokirov nomini ilk bor 2014-yil “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan uyushtirilgan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lganida eshitgan edim. Keyinchalik uning faoliyatini kuzatib borib, bir-ikki yil ichida ko‘plab tanlov va festivallarda birinchi o‘rinni olganini ko‘rdim. U xizmat qilayotgan “Ziyo Globus” xususiy korxonasida 20 nafar o‘zi kabi navqiron yigit va qizlar faoliyat olib borayotir. Ularning 14 nafari kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir.

Shuncha yutuq, omad, muvaffaqiyatlar yoshgina yigitni esankiratib qo‘ymaganiga, ochig‘i, avvaliga hayron ham bo‘ldim. Lekin o‘ylab ko‘rsam, omad aslida mana shunday kamtar, bilimli, zukko va albatta, o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yib, bu yo‘lda og‘ishmay mehnat qiladigan insonlarga kulib boqar ekan. Bu barchamiz uchun o‘rnakka munosib xislat, shunday emasmi?

Elmurod NISHONOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.