Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chempion qiz

Mashgʻulotdan charchab qaytayotgan Durdonani kimdir orqasidan ismini aytib chaqirdi. Oʻgirilib, roʻparasida oʻziga havas bilan qarab turgan 8-9 yoshli qizaloqni koʻrdi.

– Opa, siz chempionmisiz?

– Kim aytdi? – jilmaydi Durdona.

– Televizorda koʻrdim. Kikboksingchi, chempion, deyishdi. Menga ham chempionlikni oʻrgating, – astoydil yalindi qizaloq.

– Asalim, chempionlikni emas, kurash turlarini oʻrgatishadi. Murabbiyning aytganlariga amal qilgan, dangasa boʻlmagan bolalar chempionlikni qoʻlga kiritadi.

– Siz ham jang turini oʻrganganmisiz. Qayerda? – koʻzlarini pirpiratdi qizaloq.

– Savoling koʻpga oʻxshaydi. Ertaga maktabimizga kel. Oʻsha yerda gaplashamiz.

– Qaysi maktabga?

– Men oʻqiydigan 26-maktabga-da.

– Iye, men ham oʻsha maktabda, 2-sinfda oʻqiyman, – quvonib ketdi qizaloq. – Ismim Alesiya.

– Boʻlmasa xayr, ertagacha Alesiya.

– Ertagacha, – qoʻl silkidi Alesiya.

Qizaloq Alesiya havas qilgan sportchi qiz Durdona Fayzullayeva Toshkent tumanidagi 26-maktabning 10-sinfida oʻqiydi. Ikki yildan buyon maktabda sportning Kikboksing turi boʻyicha Jahon chempioni Behzod Bahodirov tashkil qilgan toʻgarak mashgʻulotlariga qatnaydi. Behzodning televizor orqali berilgan bellashuvlarini koʻrib, shu sport turiga qiziqib qolgan. Afsuski, kikboksing muxlislari orasida qiz bolalar juda kam. Maktabdagi toʻgarakka ham atigi ikkita qiz – Durdona va Shahodat Abdusamigʻova aʼzo.

– Sportchi degani nihoyatda abjir, uddaburon boʻlishi kerak. Eplay olarmikansan? – dedi onasi.

– Mana koʻrasiz, oyijon, hali shu gapingiz uchun uyalib qolasiz, – qizishdi Durdona. – Mendan zoʻr sportchi chiqadi.

– Koʻramiz, – unga sinovchan tikildi oyisi.

Buni qarangki, murabbiy ham shu fikrlarni aytdi. – Bu kurash sportchidan nihoyatda chaqqonlik va hushyorlikni talab qiladi. Qoʻl-oyoq baravar juda chaqqon harakat qilishi kerak. Bundan tashqari, jangchiga oʻtkir nigoh nihoyatda zarur. Chunki u raqibining har bir mayda harakatini ham koʻzdan qochirmasligi kerak, – dedi Bahodir aka. – Jangchi har doim sport formasida boʻlishi kerak. Demak, yugurish, jismoniy mashqlar bajarishdan erinmasligi shart. Toʻgarak aʼzolaridan yana bir talabim, ular maktab darslarini yaxshi oʻzlashtirmasa, mashgʻulotlarga qoʻymayman.

Durdona murabbiyning har bir oʻgitiga qatʼiy rioya qildi. Oʻgʻil bolalardagi shijoat va jasoratni ham oʻzlashtirdi. Chunki guruhda qiz bolalar kam boʻlgani uchun baʼzan oʻgʻil bolalar bilan bellashishga toʻgʻri kelardi. Charchoq va mashaqqatlar haqida hech qachon nolimadi. Murabbiy, mashaqqatli mashgʻulotlar gʻalaba garovi, derdi-da. Toʻrt oylik tinimsiz mashqlar natijasi esa iyun oyida Qarshi shahrida boʻlib oʻtgan respublika ochiq chempionatida samarasini koʻrsatdi. U 15-16 yoshli qizlar oʻrtasida 48 kilogramm vaznda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bir oy oʻtgach, gʻolib qiz Penchak silat turi boʻyicha “Biz sogʻlom turmush tarafdorimiz” shiori ostida boʻlib oʻtgan sport musobaqasida ham gʻoliblik shohsupasini zabt etdi. Bu bellashuvlar unga nufuzli musobaqalarda ishtirok etish imkonini berdi. U 2019-yil sentabrda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida faxrli 2-oʻrin sohibasi boʻldi. Oʻtgan yilning noyabr oyida Samarqand shahrida kikboksing sport turining Lov-kik yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan ochiq chempionatda professional yoʻnalishda 15-16 yoshli qizlar oʻrtasida 50 kilogramm vazn toifasida Durdona Fayzullayeva gʻolib boʻlib, kamar sohibasiga aylandi. Gʻolib qiz onasi va murabbiyga bergan soʻzining ustidan chiqdi. Darslarni 4-5 baholarga oʻzlashtiryapti. Sinf rahbari Nasiba Isroilovaning oʻng qoʻli. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovining viloyat bosqichi gʻolibi.

Toshkent tumanidagi 26-maktabda Durdonaga oʻxshagan sportsevar bolalar juda koʻp. Sportning kikboksing turi boʻyicha uch karra respublika va Osiyo chempioni Humoyun Rustamov, Muay-tay boʻyicha Xalqaro turnir gʻolibi Aziza Joʻrayeva, respublika chempioni Bobur Qoʻchqorovlar shu maktabda oʻqishadi. Darvoqe, ularning ustozi jahon chempioni Behzod Bahodirov ham shu maktabni tamomlagan.

Shu kunlarda Durdona Fayzullayeva yozda boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatiga puxta hozirlik koʻrmoqda. Niyati, gʻoliblikni qoʻlga kiritish. Biz sportchi qizga omad yor boʻlsin, deb qolamiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.