Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chempionning chempion shogirdlari

12-maktab Buxoro shahridagi eng namunali maskanlardan biri. Yaqinda to‘liq ta’mirdan chiqqan maktabda 1007 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Jurnalimizga ham shu maktabdan tez-tez xatlar kelib turadi. Buxorolik o‘quvchilar bilan uchrashuvga borgan Gulxanjon safarini shu maktab faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

– Maqtanyapti demagin-u, maktabimiz, bu yerda tashkil qilingan qirqqa yaqin fan va sport to‘garaklarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida yozmoqchi bo‘lsang, jurnal sahifalari yetmaydi, – jilmaydi direktor Shamshod aka Sa’dullayev, hali u to‘garak, hali bu sinfdagi a’lochi bolalar bilan suhbatlashib, shiq-shiq suratga olayotgan Gulxanjonga.

– Unda g‘oliblar, chempionlar eng ko‘p yetishib chiqqan to‘garakni aytaqoling, – dedi Gulxanjon asta soatiga ko‘z tashlab.

– Bunday to‘garaklarimiz ham bir nechta. Ha mayli, sen yaxshisi fidoyi ustoz Nigina Bozorova rahbarlik qilayotgan shashka to‘garagi a’zolari bilan uchrasha qol. Hozir bolalar Andijonda bo‘lib o‘tadigan respublika musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rishyapti.

– Shoshmang, shoshmang, Nigina Bozorova dedingizmi? Haligi mashhur murabbiy Albert Kardashovning shogirdi, 2003-yil Buxoroda o‘tkazilgan respublika chempionatida g‘olib bo‘lgan 5-sinf o‘quvchisi Nigina Bozorova emasmi?

– Xuddi o‘zi, Nigina hozir respublika terma jamoasi a’zosi, jahon chempioni. Uni taniysanmi?

– Taniganda qandoq! Nigina 2015-yil Osiyo chempionatida “Xalqaro sport ustasi” unvoniga sazovor bo‘lgan-ku!

– To‘g‘ri Gulxanjon, biroq suhbatimiz jahon chempioni haqida emas, chempion qizning chempion shogirdlari haqida bo‘lsa yanayam maroqliroq bo‘lardi-da, – Gulxanjonni shashka to‘garagi xonasiga boshladi Shamshod aka.

O‘-ho‘, bu yerdagi bolalar allaqachon o‘yinni boshlab yuborishibdi. Xonaga kirgan mehmonlarni payqashmadi ham. Xayriyat, jajjigina bolakay bilan dona surishayotgan Nigina opa ularni ko‘rdi-yu ko‘zlari quvonchdan chaqnab ketdi:

– Gulxanjon, o‘zingmisan, xush kelibsan, do‘stim, – eski qadrdoniga peshvoz chiqdi chempion. Shamshod aka esa do‘stlar suhbatiga xalaqit bermaslik uchun ortiga qaytdi.

– Bilasanmi, Gulxanjon, ko‘pdan buyon dilimda bilganlarimni, tajribalarimni bolalarga o‘rgatish, shashka sporti sohasida o‘zimga izdoshlar tayyorlash orzusi tug‘ilgandi. Ana shu maqsadda o‘zim o‘qigan maktabda shashka to‘garagi tashkil qildim. Ko‘pchilik negadir, shashka o‘ynash oson deb o‘ylaydi. Biroq unda ham o‘ziga yarasha murakkab kombinatsiyalar, hisob-kitoblar bor. Uni yaxshi o‘zlashtirmagan odam hech qachon yaxshi shashkachi bo‘la olmaydi. Mana, o‘n yildirki, ana shu fikrimni buxorolik bolalarga tushuntiryapman, shashka o‘yini jozibasini, uning sir-asrorlarini shogirdlarimga o‘rgatyapman, – hikoyasini boshladi Nigina opa.

– O‘n yil ustoz uchun ancha fursat. Shu yillar ichida shogirdlar tayyorlagandirsiz?

– 12 nafar shogirdim respublika, 4 nafari Osiyo chempioni bo‘lishdi. Agar iqtidorli bola bo‘lsa, bir-ikki yilda shashka o‘ynash sirlarini yaxshi o‘zlashtirib oladi. Hozir to‘garagimda shug‘ullanayotgan 24 nafar bolaning barchasi nihoyatda mehnatkash, layoqatli. Men to‘garakka asosan matematikani yaxshi tushunadigan bolalarni qabul qilaman. Chunki shashkada sabr va irodadan tashqari hisob-kitobni yaxshi bilish ham talab qilinadi. To‘garakning dastlabki mashg‘ulotlarida bolalar bilan shashka o‘ynash taktikasi haqidagi adabiyotlarni o‘qib-o‘rganamiz... Aytmoqchi, ana shunday adabiyotlar ichida saksoninchi yillarda “Gulxan” jurnali sahifalarida e’lon qilingan “Shashka saboqlari”dan ham foydalanamiz. Demak, shogirdlarim erishayotgan yutuqlarda “Gulxan”ning ham hissasi bor, – jilmaydi Nigina opa. – “Gulxan” bolalar dunyosini, ularni nimalar qiziqtirishini yaxshi biladi. – Bu bahodan Gulxanjonning yuzlari yanayam lovullab ketdi.

– Kimlar ekan, o‘sha chempion bolalar, jurnalxonlarga bir tanishtiray, – dedi u ruchkasini qo‘lga olib. Keyin yonidagi stolda o‘zidan kattaroq bola bilan dona surishayotgan bolakayga yuzlandi. Bolakay o‘yindan to‘xtab Gulxanjonga salom berdi. – Kichkintoy, sen to‘garakda yangi bo‘lsang kerak-a, akangdan o‘yin sirlarini o‘rganyapsanmi? Tanishib olaylik, – unga qo‘l cho‘zdi Gulxanjon.

– Ismim Fitrat Olimov, Osiyo chempioniman. Raqibim esa akam – Firdavs Olimov, respublika chempioni, – dedi kichktintoy dona-dona qilib.

– Nima, Osiyo chempioni! Kechirasan ukam, bilmabman. Shashka bilan tug‘ilgan zahoti shug‘ullanganmisan deyman, – xijolatdan hazil bilan chiqishga intildi Gulxanjon.

– Men besh yoshimdan, akam 2-sinfdan buyon shu to‘garakda shug‘ullanamiz.

– Bizda chempionlar ko‘p. 4-sinf o‘quvchisi Shahzoda Fayzullayeva, 6-sinf o‘quvchisi Olimjon Elmurodov Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishgan. Fitrat bilan Shahzoda kelgusi yil Bolgariyada o‘tkaziladigan Jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritishgan. Olimjon yaqinda Andijonda bo‘ladigan respublika kubogiga tayyorgarlik ko‘ryapti. Ular 64 va 100 katakli rus shashkasida bellashishadi. Sardorbek Hakimov 4 karra respublika chempioni. Murakkab kombinatsiyalarda uning oldiga tushadigani yo‘q, – faxrlanib so‘zlaydi Nigina opa. – Bahorda Buxoroda bo‘lib o‘tgan musobaqada jamoa hisobida respublikada 2-o‘ringa sazovor bo‘ldik. Kelgusi yil esa mutlaq g‘olib bo‘lishni rejalashtirganmiz. Aka-singil Sarvarbek va Sabina Po‘latovlar chempionlikka nomzod. 2018-yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan respublika musobaqasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishyapti. Kelgusi yildan umidimiz katta. Men Turkiyada o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida respublika terma jamoasi safida qatnashib chempion bo‘lishni, shogirdlarim esa bolalar o‘rtasida bo‘ladigan barcha nufuzli bellashuvlarda g‘olib chiqishni rejalashtirganmiz.

Gulxanjon shogirdlari bilan yangi-yangi yutuqlarni qo‘lga kiritish maqsadida tinimsiz izlanayotgan jahon chempioniga ulkan zafarlar tilab xayrlashar ekan, kelajakda ularning jahon chempionatlarida erishgan yutuqlari haqida yozishni diliga tugib qo‘ydi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.