Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ezgulikka esh maskan

Toshkent shahrida tarixiy obidalar, madrasalar ko‘p. Mohir usta va me’morlar tomonidan yuz-uch yuz yil avval bunyod etilgan bu inshootlar hali ham o‘z ko‘rki va salobatini yo‘qotmagan. Eng muhimi, ular hanuz faoliyatini davom ettiryapti. Ana shunday nodir va tabarruk binolardan biri Milliy bog‘ to‘rida joylashgan Abulqosim madrasasi.

Uzoq tarix lavhalarini bag‘rida asrayotgan madrasa hovlisida o‘zimni o‘zbek xonadoniga kirganday his qildim. Sershox qantak o‘rik daraxti soyasiga o‘rnatilgan chorpoyada 4-5 kishi suhbatlashib o‘tiribdi. Ikkala qavatga joylashgan hujra-do‘konlar eshiklari ochiq. Xalq amaliy san’ati qadriga yetib, uni hurmat qiladigan xaridorlar orasida chet ellik mehmonlarni ko‘rib dilimda g‘urur tuydim. Hujra-do‘konlarning egalari hunarmand ustalar. Ular o‘zlari yasagan xalq amaliy san’atining noyob durdonalari bilan savdo qilishadi. Bu yer chin ma’nodagi ustayi kalonlar – yog‘och o‘ymakor ustalari, misgar, naqqosh, rassom-miniatyurachilar maskani ekan.

Qiziqishim ortib hujralardan biriga mo‘raladim. Bu do‘konda sopol idishlar sotilar ekan. Idishlarning o‘ziga xos shakli, suratlariga hayrat bilan qarab turganimda ichkaridan yoqimli tabassum bilan bir kishi chiqib keldi.

Bu kishi Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamg‘armasining Toshkent shahar bo‘limi raisi Durbek aka Muhammadkarimov ekan. “Gulxan” jurnalidan kelganimni eshitib quvonib ketdi.

– Bu yerda xalqimiz qadriyatiga aylangan noyob hunarmandlik kasbini ardoqlayotgan kishilar mehnat qilishadi. Ular o‘z hunarlari sirlarini yoshlarga mehr bilan o‘rgatishyapti. Yuring, ular bilan tanishtiraman, – yo‘l boshladi Durbek aka.

Biz yonidagi ikki o‘smirga yog‘ochga naqsh o‘yish yo‘llarini berilib tushuntirayotgan usta huzurida to‘xtadik. – Bu kishi qator xalqaro tanlovlar g‘olibi usta Abbos Qudratov, – deb tanishtirdi Durbek aka. Ibrohim bilan Hojiakbar ustaning iqtidorli shogirdlari ekan. Ibrohim Qurbonov Olmazor tumanidagi Milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida o‘qir ekan. U kollejda olayotgan bilimini bu yerda amaliyotda sinash, tajribasini oshirish uchun Abbos akaga shogird tushibdi. Hojiakbar Yunusobod tumanidagi 265-maktabda o‘qir ekan. Hojiakbar juda kichkinaligidan yog‘och o‘ymakorligiga qiziqar ekan. U kelajakda milliy g‘ururimizdan biri – yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlikni yaxshilab o‘rganib, mashhur hunarmand usta bo‘lishni maqsad qilibdi.

– Atrofimda meni hayajonga solgan narsa-buyumlarni, hodisalarni qanday tasavvur qilsam, shunday tasvirlagim keladi. Ayniqsa, oddiy yog‘ochga ishlov berib ajoyib san’at asariga aylantirgan ustalarga havasim keladi. Ularni sehrgar deb o‘ylayman. Nazarimda, ustozim Abbos aka ana shunday mo‘jizalar yarata oladigan eng zo‘r o‘ymakor usta. Ustoz ko‘rimsizgina taxtani chaqqonlik bilan taroshlab, naqshinkor qalamdon, lavh, bezak buyumlari solinadigan bejirim qutiga aylantiradilar. Ibrohim ikkalamiz ustoz saboqlarini dilimizga tugib olyapmiz. U kishi juda mehribon, shu bilan birga talabchan ham. Har bir chiziqni qanday yaratilishi haqida erinmay tushuntiradilar. Xato qilsak, to uni to‘g‘rilamagunimizcha boshqa shaklga o‘tmaydilar. Ustoz bilan birgalikda naqshli laganlar, kursilar yasadik, – deydi Hojiakbar. – Ulardan biri chet ellik xaridorga juda ma’qul bo‘ldi. Bundan ustoz rosa quvondilar. Maktabni bitirgach, u kishidek usta bo‘lmoqchiman.

– Dargohimizga naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligiga qiziqqan ko‘plab bolalar keladi. Lekin qiziqishning o‘zi bu hunarni egallashga kamlik qiladi. U sabrli, mashaqqatlardan cho‘chimaydiganlargagina o‘z sirini ochadi. Shogirdlikka olishda shularni hisobga olamiz. Dastavval ularga gullar, turli shaklli barglar, ulardagi chiziqlar, ularning o‘rni, vazifasi haqida tushuncha beraman. Keyin birgalikda katak daftarga chizishni boshlaymiz. Aslida mana shu urinish hunarimizdagi eng murakkab bosqich sanaladi. Shu sinovdan o‘tgan bola o‘ymakor bo‘la oladi. Hunarimizning alifbosi yog‘ochni to‘g‘ri ushlashdan boshlanadi. Shundan keyin yog‘ochga oddiy shakllar o‘yiladi, – deydi Abbos aka. – Kimki hunar o‘rganishga ishtiyoq va mehr bilan kirishmas ekan, harakatlari bekor ketadi. Buni menga ustozim O‘zbekiston xalq ustasi Husan G‘aniyev aytgan. Zafar akam ham o‘ymakor usta. Akam xususiy ustaxona ochgach, meni va ukam Abrorni yoniga oldi. Ustaxonada ishlash jarayonida tajribamiz oshdi. Biz yasagan buyumlarimiz bilan bir qancha mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda qatnashib, milliy hunarmandchiligimiz yutuqlarini dunyoga namoyish qildik. O‘tgan yili AQShning Nyu Mexiko shtatidagi xalqaro ko‘rgazmada g‘olib bo‘ldik, – dedi Abbos aka.

Men dilimda, shunday mohir ustaning shogirdlari kelajakda bu noyob hunar rivojiga munosib hissa qo‘shishadi degan ishonch bilan qo‘shni xonaga o‘tdim. Oq qog‘ozga g‘ayritabiiy shaklli gul chizayotgan bolakay Azizbek Faxriddinov, kattakon laganga naqsh tushirayotgan yigitcha Biloliddin Usmonovlar bilan tanishdim. Ularning ham Ibrohimga o‘xshab milliy hunarmandchiligimizga qiziqishlari baland ekan.

– Ijodkor hunarmand bobolarimiz yaratgan binolar o‘nlab asrlardan buyon o‘z bunyodkorlari bo‘lgan me’morlar, naqqoshlar, quruvchilar mahoratiga haykal bo‘lib turibdi. Maqsadimiz, bobolarimizdek o‘z kasbining ustalari bo‘lish. Bu orzuimizning amalga oshishida yozgi ta’tildan, bo‘sh vaqtlarimizdan foydalanyapmiz, – deydi Biloliddin.

Yozgi ta’til pillapoyalaridan orzular sari dadil odimlayotgan hunarsevar, mehnatkash bolalarga, o‘z hunarini ularga bajonidil o‘rgatayotgan qalbidaryo ustozlarga omad tilagan holda ortimga qaytdim.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.