Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

G‘alabaga ilk qadam

G‘alabaga shunchaki erishilmaydi. Unga yetishishda mashaqqatli mehnat, yuksak ishtiyoq va eng muhimi, qulay sharoitning o‘rni beqiyos. Mana shu pog‘onalarda qiyinchiliklarga dosh berib, vaqtini besamar o‘tkazmagan sportchigina “chempion” degan unvonga erishadi. Millati, oilasi faxriga aylanadi. Aka-uka Bobur va Jahongir Mo‘minqulovlar ana shunday mehnatlari natijasida barchaga o‘rnak, namuna sifatida ko‘rsatilayotgan sportchilar.

Najmiddin aka “yigit kishi albatta, sport bilan muntazam shug‘ullanishi shart” deb, o‘g‘illari – besh yoshga to‘lgan Jahongir va endigina 1-sinfga qatnay boshlagan Boburjonlarni Yunusobod tumanidagi 1-sonli Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga yetaklab bordi. U yerda sportning taekvondo ITF turi bilan ularga murabbiylik qilishni Jamshiddin Saidxo‘jayev o‘z zimmasiga oldi. Jussasi kichkina bo‘lishiga qaramay, chaqqon harakatlari, mashqlarni tezda ilg‘ashi va qiyinchiliklarga parvo ham qilmayotgan bu jasur o‘g‘lonlarning sportga bo‘lgan mehri, ishtiyoqi ustunligini sezib mashg‘ulot vaqtlarini ko‘paytirdi.

– Mashg‘ulotlarda faolliging, raqibga chaqqon harakatlaring bilan zarba berishing menga ma’qul. Ammo, yanada kuchliroq jang qilish uslublarini mukammal o‘rgan. Sport bilan muntazam shug‘ullanishga ahd qildingmi, albatta, chempion bo‘lish, jahon arenalarida shohsupaga chiqish uchun olg‘a qadam bosishdan to‘xtama, – dedi shogirdi beliga qizil belbog‘ni mahkam bog‘lagan murabbiy. Uning so‘zlari sportchi tengdoshlaringizni zafar sari yetakladi. Maktabdagi darslar, qo‘shimcha mashg‘ulotlardan biroz toliqsa-da aka-uka sportchilar o‘z ustida tinimsiz izlandi. Shahar, respublika ochiq chempionatlarida 1-o‘rinlarni qo‘lga kiritib ustozlar nazariga tushdi.

Yosh sportchilar 2017-yil sentabrda Italiya davlatida bo‘lib o‘tadigan XI jahon Chempionatiga saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tishdi. Bobur va Jahongir o‘z kuch va iqtidorini namoyish qiladigan vaqt kelganini anglab mashqlarni kuchaytirdi. “Chempionatga tayyorgarlik” degan so‘zlarning zalvori bo‘larkan. Taekvondo bilan shug‘ullanishda asosiy og‘irlik oyoqlarga tushishi bois, aka-uka sportchilar murakkab mashg‘ulotlardan so‘ng oyoqlari zirqirab og‘risa-da, “Yurtimga, ustoz va do‘stlarim yoniga g‘alaba bilan qaytishim shart”, deya mashaqqatlardan qochmadi. Murabbiyning har bir xatti-harakatini sidqidildan o‘rganganlari Italiyaning Rimini shahrida 20 dan ortiq davlatlardan kelgan sportchi tengdoshlari bilan jang qilganda qo‘l keldi. Gruziya, Koreya, Rossiya va italiyalik raqiblari ustidan g‘alaba qozongan Boburjon 2 ta oltin, Jahongir 1 ta oltin, 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Hozirda Boburjon Yunusobod tumanidagi 260-maktabning 4-sinfida, Jahongir esa 1-sinfda o‘qiydi, maktabning eng a’lochi o‘quvchilari. Ularning yuksak orzusi – olimpiada chempioni bo‘lish. Aka-uka Mo‘minqulovlarga bu dovonlardan ham muvaffaqiyatli o‘tib yana-da katta yutuqlarga erishishlarini tilab xayrlashdim.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.