Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

G‘ijduvonning yosh kulollari

Asqarjon ixtirochi bola. U besh yoshidan yog‘ochdan mashina, loy yoki plastilindan kema, odam, hayvon va turli-tuman buyumlar shaklini yasardi. Ikki yildirki, qo‘shnisi Bahrillo To‘yevga shogird tushgan. Bahrillo aka quruvchi – usta bo‘lib, kulolchilik bilan ham shug‘ullanadi. Asqarjon esa G‘ijduvon tumanidagi 18-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, darsdan so‘ng to‘g‘ri ustozinikiga boradi. U yerda kulolchilikning sir-asrorini o‘rganish bilan birga, o‘zi ham mustaqil ravishda loydan har xil hayvonlar, qushlar, “afandi”lar shaklini yasayapti. Bir so‘z bilan aytganda, o‘rganganlarini amalda sinab ko‘ryapti.

– Asqarjon Najimov maktabimizning faol, iqtidorli o‘quvchisi. Bo‘sh paytlarida kulolchilik hunari bilan shug‘ullanadi, tuman va viloyatda o‘tkazib kelinayotgan ko‘rik-tanlovlarda milliy o‘yinchoqlari bilan qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. U o‘tgan yili “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining “Amaliy san’at” yo‘nalishi bo‘yicha Respublika bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Asqarjonning maktabdoshi Zuhra Abdullayeva esa “Yuksak ma’naviyatli avlod” Respublika ko‘rik-tanlovining kulolchilik yo‘nalishida muvaffaqiyatli qatnashib sertifikat egasi bo‘ldi. Maktabimizda ular kabi intiluvchan, izlanuvchan o‘quvchilarimiz Gullola To‘ymurodova, Saodat Yusupova, Marjona Muxtorova, Sharofat Muqimovalar bilan faxrlanamiz, – deydi maktab direktori o‘rinbosari Sayyora Sharopova.

 

Mirzo AHAD,

G‘ijduvon tumani

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.