Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

G‘oliblik yarashgan qiz

Qizaloqlik paytlarida radio, televideniye orqali yangraydigan qo‘shiqlar ohangiga monand tebranib, o‘z holicha nimalarnidir xirgoyi qilib yuradigan Mohichehradagi san’atga bo‘lgan ishtiyoqni, eng avvalo, buvisi payqadi. Nabirasi biroz ulg‘aygach, uning maqom yo‘nalishidagi qo‘shiqlarga qiziqishini sezib quvondi. “Nasib bo‘lsa, qizalog‘im xonanda bo‘ladi”, degan ezgu niyatni ko‘ngliga tugib, uni Jondor tumanidagi 14-bolalar musiqa va san’at maktabi sari yetakladi. Biroq ko‘nglining bir chekkasida, nabiramni san’at yo‘lidagi mashaqqatlar cho‘chitib, tinimsiz mashqlar toliqtirib qo‘ysa, bolaligiga borib o‘z fikridan qaytib qolsa, uyalib qolmasmikanman, degan xavotir bor edi. Lekin Mohichehraning ustozi Qayum Qurbonovdan an’anaviy xonandalik sirlarini qunt bilan o‘rganishga intilayotgani, kundan-kunga ochilib borayotgan ovozi, sayqal topayotgan iste’dodi ko‘nglidagi g‘ashlikni tarqatib yubordi. Qizaloq ko‘rik-tanlovlarda ishtirok eta boshladi. Buvisining duolari, ota-onasining qo‘llab-quvvatlashlaridan ruhlangan qizaloq bellashuvlarga dadil chog‘landi. 10 yoshida “Yagonasan, muqaddas Vatan!” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyat bosqichida oliy o‘ringa munosib ko‘rildi. “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining ham viloyat g‘olibi bo‘ldi. Mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko‘rik-tanlovining “Eng yosh va faol ishtirokchi” nominatsiyasida faxriy yorliq bilan taqdirlandi. “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining respublika bosqichida 1-o‘rinni egalladi.

Ulkan maqsadlarni ko‘zlab, marrani baland olayotgan istiqlol yoshlaridan biri Mohichehra Salimova xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etishni, mumtoz qo‘shiqlarimiz ohangi dunyo sahnalarida ham aks-sado berishini, yurtimizda o‘zi kabi iste’dodli yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida chet elliklarga ularning o‘z tilida so‘zlab berishni orzu qiladi. Hozir ingliz, rus, koreys tillarini mukammal o‘rganishga intilayotgani ham bejiz emas.

G‘oliblik nashidasidan yuzlari lov-lov yonib turgan Mohichehra Salimovaga boqib, ko‘nglimizdan bir o‘y kechadi: yoshlarga hamma narsa yarashadi, beqasam to‘nlar ham, g‘oliblik ham, katta-katta orzular ham. Ayniqsa, O‘zbekiston yoshlariga!

 

Feruza JALILOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.