Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Har sohada yetakchi

“Bugun har bir yosh yigit-qizning ko‘zlarida kelajakka ishonch, dilida quvonch, shuurida esa butun bir olamga sig‘maydigan sevinch bor. Mustaqil Vatan quchog‘ida yayrab, unib o‘sayotgan kelajak avlod yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z iste’dodining rang-barang qirralarini bor bo‘yi bilan namoyish qilayapti”, – deb yozadi Bekobod shahridagi 3-maktab o‘quvchisi Ziyoda Shukurova “Biz istiqlol bolalari” nomli lavhasida. Ziyoda bilan suhbatlashar ekanman, uning o‘zi ham ana shu qobiliyatli, tirishqoq, izlanuvchan yoshlardan biri ekanligiga amin bo‘ldim.

Ziyoda Shukurova maktabning eng a’lochi, jamoatchi o‘quvchilaridan. Ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Ra’no opa Hojimurodovaning o‘ng qo‘li. Bayramlarga bag‘ishlab o‘tkaziladigan maktab tadbirlarini, senariysini ustozi bilan birgalashib tuzadi. Kechalarga boshlovchilik qiladi. She’rlarni nihoyatda ifodali o‘qiydi. Shuncha mahoratni qayerdan oldi deysizmi? U besh yildan buyon “Bekobod ishchisi” shahar gazetasi qoshida tashkil etilgan “Yosh qalamkash” to‘garagi a’zosi. Ustoz Bozorboy aka Saydindan she’r, maqola, badia yozish sirlarini puxta o‘rganib olgan. Ziyodaxonni endilikda bekobodliklar “mitti muxbirimiz”, deb erkalashadi. Chunki tengdoshlari, mahalladoshlari qo‘lga kiritgan yutuqlar haqida gazetaga tez-tez xabar va lavhalar yozib turadi-da.

– Ziyoda, chiroyli she’rlar yozayapsan, ingliz tilini ham yaxshi bilasan, – deb qoldi bir kuni ingliz tili to‘garagi rahbari Nargiza opa Shukurova. – She’rlaringni ingliz tiliga o‘girsang, mashg‘ulotlarda bolalarga yodlatamiz.

Shu taklif sabab bo‘ldi-yu, Ziyoda o‘zi yozgan o‘ndan ortiq she’rlarni ingliz tiliga o‘girdi. Endilikda bu she’rlarni Bekoboddagi bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari o‘rganishyapti. Chunki bu she’rlar ravon, o‘ynoqi, yodlashga oson. Quyida e’tiboringizga uning she’riy mashqlaridan birini havola qilamiz.

 

Kashfiyot

– Yuz-qo‘lni yuv, bolajon,

Tozalik-ku o‘rtog‘ing.

Hamma qo‘ling kir, nega

Toza ikki barmog‘ing?

 

– O‘yindan kelib beri

Biroz uyda bo‘lgandim.

Qildim katta kashfiyot,

“Hushtak” chalish o‘rgandim.

 

Great invention

Always wash your face and hands dear child,

Be friend with cleanliness.

All your fingers are dirty.

Why your only two fingers clean?

 

Leave the game some ago,

Mummy, I was at home.

I made a great invention,

I learnt how to play “whistle”.

 

Shahar “Yoshlik” sport klubida murabbiy Botir Eshmurodovdan o‘zbek kurashi sirlarini o‘rganayotgan Ziyoda bugungi kunda qizil belbog‘ sohibasiga aylangan. Bolaligidan “Alpomish” dostonini sevib o‘qiydi. Oybarchinga, uning shijoatiga, jasorati va mardligiga havas qiladi. O‘zbek kurashi bilan shug‘ullansam, menda ham ana shunday fazilatlar shakllanadi, degan ishonch bilan ushbu to‘garakka kelgan. Haqiqiy kurashchi bo‘lish uchun avvalo, yengil atletika bilan shug‘ullanish, qo‘l va oyoqlarni chiniqtirish talab qilinar ekan. Polvon qiz bo‘lishga astoydil ahd qilgan Ziyoda bu yo‘lda barcha qiyinchiliklarni matonat bilan yengdi. O‘z vazni bo‘yicha tuman va viloyat musobaqalarida mahoratini namoyish qilib, talabchan ustozlar ishonchini qozondi.

Ziyoda shu kunlarda maktab o‘quvchilari orasida respublika miqyosida bo‘lib o‘tadigan kurash musobaqasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biz Mustaqillikning ravon yo‘llarida dadil odimlayotgan iste’dodli qizga ulkan omadlar tilaymiz.

 

M. HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.