Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Hayot elementlari”

Kimyo fani insoniyat uchun zarur bo‘lgan barcha ixtirolarning asosidir. Boshimiz yoki tishimiz og‘riganda ichadigan bitta dorining tarkibida necha xil kimyoviy element borligini bilasizmi?! Uni yaratguncha farmatsevt olimlarning qancha kimyoviy jarayonlar ustida bosh qotirishlarini-chi?!

Faxr bilan aytishimiz mumkinki, bugun yurtimizda yetishib chiqayotgan yosh kimyogarlar xalqaro darajada e’tirof etilmoqda. Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi 1-akademik litseyda tahsil olayotgan o‘quvchilar kimyo fanidan Butunjahon hamda Mendeleyev olimpiadasida yuksak natijalarga erishib kelmoqdalar.

Ular respublikamiz ta’lim tizimi tarixida ilk bor xalqaro va jahon fan olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritishgan. 1997-yil – litsey ilk tashkil qilingan kunlardan buyon unga rahbarlik qilib kelayotgan fidoyi ustoz – biologiya fanlari doktori, professor Ortiqboy aka Eshonqulov iqtidorli shogirdlari bilan maqtandi. Men esa darrov qog‘oz-qalamimni qo‘limga oldim...


 

 

Ushalgan umidlar

 

Behzodning dadasi fermer. Ota-bola bir paytlar ekin maydonlarini birga kezishgan. Qo‘shquloq g‘o‘zalarni, nish urgan maysalarni birga sug‘orishgan. Matyoqub aka yoshligida shifokor bo‘lishni niyat qilgan, ammo bu maqsad orzuligicha qolib ketgan edi. O‘sha umidlarni ushaltirish endi Behzodga bog‘liq. Boshqa ko‘plab maktablarda bo‘lgani kabi ularning maktabida ham kimyo chuqur o‘rgatilmasdi. Bu bilim bilan tibbiyot institutiga o‘qishga kirish qiyin. Shu sababli Behzod Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi 1-akademik litseyda o‘qishni davom ettiradi. Ammo jon-u dili matematika fani edi. Matematikadan olgan bilimlari kimyoni oson o‘zlashtirishga yordam berdi. Litsey direktori Ortiqboy Eshonqulov tashabbusi bilan bir nechta iqtidorli o‘quvchilar Xalqaro va jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda qatnashib, yuqori pog‘onalarni zabt etishayotgandi. Behzod ham anchadan beri zimdan tayyorlanib yuribdi. Xullas, 2013-yil Toshkentda 47-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda Behzod ham ishtirok etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Endi ustozlari unga umid ko‘zi bilan qaray boshlashdi. Shu yili Moskvada bo‘lib o‘tgan 45-jahon olimpiadasida eng yuqori ko‘rsatkich bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. 80 dan ortiq davlat ishtirok etgan tanlov shartlari og‘ir, misollar juda qiyin edi. Behzod buni uddaladi.

– Irodasizlik, maqsadni ko‘tara olmaslik, o‘z iqtidoriga baland baho berib yuborish – muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi to‘siqdir, – deydi qahramonimiz. U sportning taekvondo, suzish, kurash turlari bilan ham shug‘ullanadi. Sport kimyoni chuqur o‘rganishda irodani toblarkan. Behzod 2014-yilda Moskvada o‘tkazilgan 48-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida kumush medal sohibi bo‘ldi. Uning eng yaxshi ko‘rsatkichi 2014-yil Vyetnamning Xanoy shahrida o‘tkazilgan 46-Jahon kimyo olimpiadasida qayd etildi. Behzod Boltayev yana bir bor oltin medalga loyiq ko‘rildi. U hozirda Toshkent Pediatriya tibbiyot institutida tahsil olish bilan birga kimyo bilimdonlarini Xalqaro va Jahon olimpiadalariga tayyorlash bilan band. Uning shogirdlari ana shunday nufuzli musobaqalarda 10 dan ortiq medalni vatanimiz yutuqlari tarixiga qo‘shdilar.

 

Sinovlar ortida

 

Sarvar huquqshunoslar oilasida tarbiyalangan. U bolaligida diplomat bo‘lishni orzu qilardi. Biroq, katta akasi betob bo‘lgani uchun u niyatlariga o‘zgartirish kiritdi – endi shofokor bo‘lmoqchi. 7 yoshdan 15 yoshgacha musiqa ustozi Galina Ivanovnadan pianino chalish sirlarini o‘rgandi. 8-sinfda o‘qib yurganida shaxmat bo‘yicha shahar birinchiligida ishtirok etdi. Avvaliga Sarvar kimyo fanini yomon ko‘rardi. Chunki yaxshi bilmasdi-da. Lekin, kimyosiz shifokor bo‘lishning iloji yo‘q. U litseyda o‘qib yurgan kezlari Behzod Boltayev bilan tanishib qoladi. Behzod uni shahar olimpiadasiga tayyorlaydi. Sarvar tirishqoqligi sabab Respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, 2015-yil Armaniston poytaxti Yerevan shahrida o‘tkazilgan 49-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida ishtirok etdi. Ilk katta tanlovi bo‘lganligi uchun qattiq hayajonlandi. Shu sababli ikkinchi turda pastroq ball to‘plab, olimpiadaning bronza medaliga munosib ko‘rildi. Shu yili u astoydil tayyorlandi. Ba’zan tonggacha uxlamay masala yechib chiqqan paytlari bo‘ldi. Oldinda katta sinov – Moskvada bo‘lib o‘tadigan 50-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi kutib turardi. Bu safar u bilimiga ishondi. 2016-yilgi MDH davlatlari o‘rtasidagi kimyo bilimlari bahsida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Do‘sti Behzodning ham chekkan zahmatlari o‘zini yana bir karra oqladi. Shu yili Gruziyaning Tbilisi shahrida o‘tgan, 75 davlatdan 300 ga yaqin kimyo bilimdonlari ishtirok etgan 48-Jahon olimpiadasini kumush medal bilan yakunladi. Sarvar kimyodan yuqori ko‘rsatkichga erishish uchun matematikani chuqur o‘rganish, mantiqni yaxshi egallash kerak, deb hisoblaydi. Shaxmat musobaqalariga qatnashgani unga katta yordam bergan. Sarvar Shoyunusov Toshkent Pediatriya tibbiyot institutining 2-bosqichida o‘qimoqda. U yaqin do‘sti Behzod bilan birgalikda bilganlarini Dildora Hakimboyevaga o‘rgatmoqda.

 

Katta dars

 

Dildoradan kimyoni mukammal o‘rganish sirlari haqida so‘raganimda u: – Faqat shu fanning o‘zini o‘qish kamlik qiladi. Geometriya, algebra, geografiya fanlarini ham chuqur o‘rganish kerak, – dedi. – Misol uchun, ayrim masalalarda doira, to‘rtburchak yuzi hajmini hisoblash uchun geometriya, yer o‘lchamlari, quruqlik darajasi, hududiy o‘ziga xosliklarni yaxshi bilish uchun geografiyani o‘zlashtirish zarur.

Dildoradan yana, bir kunda o‘z ustingizda necha soat ishlaysiz, deb so‘rayman.

– O‘rtacha 10 soat. Ba’zida bu ham yetmaydi, chunki xalqaro darajadagi musobaqalarga qatnashish uchun darslik qo‘llanmalarining o‘zi kamlik qiladi. Qo‘shimcha ilmiy adabiyotlarga ham murojaat qilish kerak, – deydi u.

Dildora Hakimboyeva litseyning 3-bosqichida o‘qiydi. O‘tgan yili u MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada qatnashdi. 51-Mendeleyev olimpiadasiga Qozog‘istonning Astana shahri mezbonlik qildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Dildora bronza medalini qo‘lga kiritdi.

– Medallar soni bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi 2-o‘rinni egalladi, – deydi u musobaqa hayajonlarini eslarkan. Hozirda qahramonimiz 52-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasiga hamda Chexiya va Slovakiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan 50-Jahon olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Vaqt oz qolgan. Dildora bu yil oltin medal olishga ahd qilgan. Qahramonlarimizdan faqat xushxabarlar kutamiz.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.