Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ilk sambochi champion

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tug‘ilib o‘sgan Jahonoy Turkmanova 9 yoshidan sport bilan muntazam shug‘ullanib keladi. Hozirda Samarqand oliy sport mahorati maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Jahonoy o‘tgan yili Latviyaning Riga shahrida o‘tkazilgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi sambo bo‘yicha jahon chempionatida o‘z vazn toifasida barcha raqibalarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

– Tengdoshlarimga nisbatan jussam kichik bo‘lgani sabab boshida bu sport turi bilan shug‘ullanish menga biroz qiyinchilik tug‘dirdi, – deydi Jahonoy. – Ammo bo‘sh kelmadim. Murabbiyim Xurshida opa Xoliqovaning aniq ko‘rsatmalari hamda mehribonchiliklari bois to‘siqlarni yengib o‘tdim. Hozirda barcha yaqinlarim ishonchini oqlab, yanada katta va ko‘proq musobaqalarda g‘alaba qozonishni maqsad qilganman.

Albatta, Jahonoy murabbiylari hamda xalqimiz ishonchini bir necha bor oqladi. Dastavval viloyat va mamlakat birinchiliklari g‘olibi bo‘ldi. Ko‘p bora mamlakat chempionligiga erishdi. Osiyo chempionatida ikki marta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida bo‘lib o‘tgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida kumush medal bilan taqdirlandi. Eng muhimi, mamlakatimiz sambochi qizlari orasida birinchi jahon chempioni, degan yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.