Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Intizomning do‘sti

Sport o‘z nomi bilan intizomli, irodali, shijoatlilar do‘sti. U chidamni charxlaydi, sog‘lom va bilimli bo‘lib ulg‘ayishimizni ta’minlaydi. Ammo ba’zan jarohatlar, kutilmagan zarbalar sog‘lig‘imizga aks ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Sharq yakkakurashlari orasida Penchak silat nomli sport turi borki, u bilan shug‘ullanuvchilar xavfli jarohatlar olmaydi, sog‘lig‘ini xatarga qo‘ymaydi. Sababi, unda boshga va hayot uchun xavf tug‘diruvchi boshqa a’zolarga zarba berish ta’qiqlangan. Bundan tashqari himoya jileti kiyiladi. Ayrim sportchilar boshdan olgan kuchli zarbalar oqibatida keyinchalik jiddiy xastaliklarga chalinganliklaridan xabarimiz bor.

Penchak silat – Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlarida yashaydigan xalqlarning milliy sport turi sanaladi. Uning tarixi VII asrlarga borib taqaladi. Malayziya, Indoneziya, Filippin mamlakatlarida ommalashgan sport turi bilan o‘zbekistonliklar so‘nggi 10 yillikda shug‘ullana boshlashdi. 2009-yilda Penchak silat federatsiyasi tashkil etildi. Ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchilar soni kun sayin ortmoqda.

Zaytuna bilan Ruxshona ham ana shunday yosh sportchilardan. Opa-singillar Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 84-maktabda tahsil olishadi.

Kichikligida chempion bo‘lib, shohsupaga ko‘tarilishni, shoda-shoda medallar taqishni orzu qilmaydigan bola bo‘lmasa kerak. Zaytuna ham ana shunday orzumand bolalar orasida shirin xayollarga berilardi. U maktabida ochilgan Sharq yakkakurashi sport to‘garagiga qatnay boshlagach, maktabdagi a’lo baholari soni yanada ko‘paydi. Chunki har tong soat 5 da akasi Fatxiddin va singlisi Ruxshona bilan toza havoda yugurishga chiqishadi. Kislorodga to‘yingan miya, yaxshi nonushta, albatta, a’lo baholar va unumdor kun garovidir.

Sport klubidagi murabbiyi Dildora Shukrullayeva juda talabchan ustoz. Chunki “o‘tkazib yuborilgan bir martalik mashg‘ulot zinadan bir pog‘ona tushish bilan barobar. Sen bo‘shliqni to‘ldirayotganingda sheriklaring ancha ilgarilab ketishadi. Demak, sportning birinchi temir qoidasi – intizom!” – deydi Dildora opa.

– Zaytuna va Ruxshona juda intizomli qizlar. Jismoniy yuklamalardan qiynalgan paytlarida ham bardosh va chidam bilan ko‘rsatmalarimni so‘zsiz bajarishadi. Axir qizlar kelgusida vatan himoyachisi – harbiy bo‘lishmoqchi, – deydi murabbiy Dildora Shukrullayeva. Ruxshona Zaytunadan 2 yosh kichkina. Shu sababli opa-singillar sparringga tushganida kattasi kichigini ayaydi. Singlisining ruhi cho‘kmasligi uchun ataylab yutqazib beradi.

Zaytuna 2018-yil Toshkentda o‘tkazilgan Respublika chempionatida O‘zbekiston kubogi sohibasi bo‘ldi. Ilgari sportga unchalik qiziqmagan akasi Fatxiddin ham singlisining medaliga havas bilan tikildi. Shu yili viloyat chempionati bahslariga Ruxshona ham boradigan bo‘ldi. Natijalarga ko‘ra opa-singillar baravar g‘oliblikka erishishdi.

Shundan so‘ng ular Toshkent shahri mezbonlik qilgan nufuzli musobaqa, Penchak silat bo‘yicha o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Bahslarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Rossiya, Ozarbayjon va Turkiyadan kelgan yosh sportchilar kuch sinashdilar. Chempionatda Zaytuna 42 kilogramm, Ruxshona esa 33 kilogramm vazn toifasida jang qilishdi. Natijalar yomon bo‘lmadi. Qizlar shohsupaning 2-pog‘onasiga ko‘tarilib, kumush medal taqdilar.

– Ozarbayjonlik raqibim bilan yuzma-yuz kelganda o‘zimning kuchli va kuchsiz tomonlarimni chamalab ko‘rdim. Jismoniy jihatdan ustunman, ammo raqibim tez ishlarkan. Tungal, Regu kabi qoidalarni yaxshi o‘zlashtirgan. U meni “qaychi” uslubida mag‘lub etdi. E’tibor qaratishim kerak bo‘lgan tomonlarimni bilib oldim, – deydi Zaytuna.

Eng muhimi, ular sabab nufuzli musobaqa arenasida yurtimiz bayrog‘i hilpiradi, madhiyamiz yangradi. Hali oldinda ulkan dovonlar turibdi. Ularni oshib o‘tish uchun ko‘p ter to‘kish, mashaqqatlarni yengish kerak.

Zaytuna bilan Ruxshona maktabda a’lo baholarga o‘qishadi, kitoblar mutolaa qilishadi. Ota-onasi o‘qituvchi bo‘lgani uchun ham oilaviy kutubxona javoni rang-barang kitoblarga liq to‘la. Qizlar maktabda “Kamalak” bolalar tashkiloti hamda sinf sardori. O‘quv seminarlari, treninglar va tadbirlarga qatnashishga ham vaqt topishadi. Biz esa ular kabi ildam, tirishqoq, a’lochi va faol bolalarni kashf qilishda davom etamiz.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.