Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Isfandiyorning qat’iy maqsadi

Isfandiyor ikkinchi sinfga o‘tganida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga qabul qilindi.

Bu yerda u gitara sinfining tayyorlov guruhida mashg‘ulot o‘tay boshladi. Undagi iqtidorni sezgan muallim Igor Budnokov bolakayga notalar joylashuvi, kuy chalish sirlarini o‘rgatishga kirishdi. Isfandiyor u yerdagi xalqaro ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning mahoratiga havas qilar, katta sahnalarda o‘z iste’dodini namoyish qilishni istardi. Buning uchun u o‘z ustida ko‘proq izlanishi, mehnat qilishi va ustoz saboqlarini qunt bilan o‘rganishi zarurligini tushunib yetdi.

– Bir oydan keyin Rossiyaning Suzdal shahrida “Ustoz saboqlari” nomli xalqaro ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tadi. Bu tanlovda ishtirok etib, iqtidoringni namoyish qiladigan vaqt keldi. Agar o‘zing istagan marralarga erishishni xohlasang, soz chalayotganimda barmoqlarim harakatini sinchkovlik bilan kuzatishing, izlanishing kerak, – dedi ustozi unga bir kun.

Isfandiyor ustozining qaroridan, o‘ziga bildirilgan ishonchdan xursand bo‘ldi. Ammo katta sahna, minglab tomoshabinlar hamda iste’dodli tengdoshlarini ko‘z o‘ngiga keltirib, biroz cho‘chidi. Zimmasiga yuklangan mas’uliyatni a’lo darajada bajarish uchun ustozi bilan soatlab mashq qilishdan to‘xtamadi.

Isfandiyor ustozi ishonchini oqladi. May oyida Ispaniya davlatida bo‘lib o‘tgan “Quyoshli dengiz” nomli xalqaro ko‘rik-tanlovda ishtirok etib, 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Kichik sozanda o‘sha kunni hayajon bilan eslaydi.

– Qo‘liga musiqa asbobini olib, kuy chalganlarini ko‘rganimda, men uchun oddiy holatdek tuyulardi. Sozdagi simlarga qo‘l tekkizilsa kuy jaranglayveradi, deb o‘ylardim. Musiqa maktabiga qatnay boshlagach, xato o‘ylaganimni, sozandalik oson emasligini angladim. Biroq sozga, kuyga bo‘lgan muhabbatim sababli maktabni tashlab ketolmaganman. Chunki do‘stlarimga gitara chalishni o‘rganayotganimni aytib maqtangan edim-da. Agar mashg‘ulotlarni to‘xtatsam, ular oldida yolg‘onchi bo‘lib qolishdan uyalganman. Ustoz bergan topshiriqlarni vaqtida bajarmasam, keyingi darsga undan ham ko‘proq topshiriqlarni yuklardi. Ayniqsa, xalqaro tanlovlarga borishimdan oldin mashg‘ulot soatlari tugasa ham olib qolar, har bir kuyni qayta-qayta chaldirib, kamchiliklarimni ko‘rsatardi. Mehnatlarimiz besamar ketmadi. Rossiya, Ispaniya davlatlaridagi xalqaro ko‘rik-tanlovlarda nomim g‘oliblar qatorida e’lon qilingandagi sevinchimni tasvirlab berolmayman. “Mehnatning tagi rohat” degan maqolning ma’nosini ana shunda angladim. Bundan buyon ham ulkan orzularim yo‘lida tinmay mehnat qilishdan charchamayman, – dedi Bulung‘ur tumanidagi 23-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Isfandiyor Mahmudov.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.