Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Iste’dodlar maskani

Tahririyatimizga kelayotgan maktublar orqali yurtimiznining barcha viloyat, tuman va qishloqlaridagi o‘quvchilar hayoti, iqtidorli bolalarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari haqida muntazam xabardor bo‘lib turamiz. Yaqinda ana shunday bilimli, zukko tengdoshlaringiz haqida xabar topdim-u, ular bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi 10-maktab sari yo‘l oldim.

– O‘quv maskanimizdagi har bir o‘quvchini bilimga chanqoq, iste’dodli deb ayta olaman, – deydi maktab rahbari Gulnoz Sharipova. – 2017-yil o‘quvchilarimiz ixtiyoriga ko‘rgazmali qurollar va kerakli jihozlar bilan ta’minlangan yangi maktab binosi topshirildi. O‘quv dargohimizda 1000 nafarga yaqin o‘quvchilarimiz ta’lim olayotgan bo‘lsa, ularning qiziqishlarini e’tiborga olib turli to‘garaklarga va tanlovlarga jalb qilyapmiz. Ustozlar sabog‘ini qunt bilan o‘rgangan bolalarning yutuqlari yildan yilga oshmoqda. A’lochilarning safi kengaymoqda. Shu yili o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”da rus tili fanidan o‘quvchimiz Dinora Norpo‘latova viloyatda 3-o‘rin, Nurbek Abdug‘aniyev nemis tili fanidan respublikada 1-o‘ringa munosib deb topilishi barchamizni birdek quvontirdi. O‘quvchilarimizga berayotgan sabog‘imiz besamar ketmayotganidan mamnun bo‘ldik.

Gulnoz opa bilan suhbatimiz tugamasdan maktab kutubxonasidan chiqib kelayotgan bir guruh o‘quvchilarga ko‘zim tushdi. Ular navbatdagi “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanloviga ketayotgan ekan.

– Kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Maktabimiz kutubxonasida qiziqarli badiiy kitoblar ko‘p. Har kuni darsdan keyin sinfdoshlarim bilan kutubxonaga kirib o‘qigan kitoblarimizdan olgan taassurotlarimiz haqida o‘zaro suhbatlashamiz. Har bir sinfda “Kitob javoni” burchagi tashkil qilganmiz. Uni sevimli shoir va adiblarimizning asarlari bilan boyitib boryapmiz. Oilada ham shaxsiy kutubxonamizdagi kitoblar sonini ko‘paytirib, o‘qigan asarlarimiz mazmunini birgalikda muhokama qilyapmiz. Shu yili o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovida tuman miqyosida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Bugun ham kitobsevar o‘quvchilar o‘rtasida maktablararo “Kitobdan olgan taassurotlarim” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilayotganini eshitib, tengdoshlarim bilan bellashish uchun ketyapman, – deydi 7-sinf o‘quvchisi Bekzod Hamidov.

Maktabda tashkil etilgan milliy kurash, futbol, stol tennisi, badiiy gimnastika, yosh musavvir va tikuvchilik to‘garaklariga muntazam qatnashib kelayotgan o‘quvchilar tuman, viloyat miqyosida o‘tkazilayotgan “Bilimlar bellashuvi”, sport musobaqalari hamda ko‘rik-tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqdalar. Kichikligidan sportga mehri tushgan Dilnoza maktabda tashkil qilingan stol tennisi to‘garagiga qatnayotganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo qisqa vaqt ichida uning epchil, chaqqon harakatlarini kuzatgan ustozi Nasiba Bekqulova u bilan mashg‘ulotlar soatini ko‘paytirdi. Maqsadi – turli xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lib qaytayotgan tengdoshlari haqida havas bilan gapirayotgan kichik shogirdini marralar sari yetaklash edi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan tuman, so‘ngra viloyat ochiq birinchiligida o‘z mahoratini namoyish qilib, tengdoshlaridan qo‘li baland kelgan Dilnoza Majidovaning 1-o‘ringa munosib deb topilishi ham bejizga emas.

– Sport bilan shug‘ullanish jon-u dilim. Ota-onam ko‘p vaqtimni sportga sarflayotganimdan xavotirlanib, kundaligimni tez-tez nazorat qilib turishadi. Agar biror fandan “4” baho olsam, o‘sha kuniyoq sport bilan boshqa shug‘ullanmasligimni aytishgan. Oldimga qo‘ygan maqsadim, sportga bo‘lgan mehrim balandligidan darslarda, qo‘shimcha mashg‘ulotlarda faol qatnashishga harakat qilaman. Shu yili maktabimizga “Viloyat bolalar va o‘smirlar sportini rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan o‘n xildan ortiq sport anjomlarining berilishi meni o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga undadi. Niyatim g‘alabalar sari olg‘a ildamlab, yuqori marralarni zabt etish, – deydi Dilnoza.

Darhaqiqat, bolalarning o‘z maqsadi yo‘lida izlanishlari uchun maktabda yaratilgan sharoit, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga bo‘lgan e’tibor alohida diqqatga sazovor. “Biz kitobni sevamiz”, “Huquq bilimdonlari”, “Kim chiroyli va bexato yozadi?”, “Siz tarixni bilasizmi?”, “Ajdodlar merosi”, “Yosh tabiatshunoslar” va “Alisher Navoiy vorislari” kabi tadbirlarning o‘tkazilishi o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan qiziqishi oshishiga, buyuk allomalarimiz, tariximiz haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishib borishga xizmat qilmoqda. Har yili maktabda o‘tkaziladigan “Gullar va qushlar bayrami” esa o‘quvchilarning tabiatga bo‘lgan mehrini oshirmoqda.

– Bu bayramni bolalar kabi o‘zim ham katta ishtiyoq bilan o‘tkazaman. O‘quvchilarimiz sinfda o‘stirgan anvoyi gullari, xonadonlarida parvarishlagan qushlari bilan bayramda qatnashib, bizni lol qoldirishadi. Ular o‘stirgan bir-biridan chiroyli gullarni ko‘rib ko‘zimiz quvnaydi. Bolalar bayramga yil davomida tayyorlanishadi. Ular parvarishlagan gullari, qafasdagi qushlari haqida ma’lumot to‘plab, uning xususiyatlari haqida yig‘ilganlarga gapirib beradilar. Bu esa ularni yil davomida tabiat va qushlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plashga undaydi. O‘quvchilarning bu kabi qiziqish va intilishlarini kuzata turib yangi tanlov o‘tkazishni rejalashtiryapmiz, – deydi maktabning biologiya fani o‘qituvchisi Dilnoza Murodova.

Shu kuni maktabning fidoyi, zahmatkash, mehnatkash o‘qituvchilari, ilmga chanqoq yoshlari bilan suhbatlashib, bir olam taassurotlar bilan tahririyatga qaytarkanman, ular haqida tezroq sizlarga yozib bergim keldi.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.