Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Iste’dodning turfa jarangi

Tanishing, tengdoshingiz – Barno Mamajonova.

Toshkentdagi 59-maktabning 8-sinfida o‘qiydi. Ilk bora raqs maktabiga borganida 4 yoshda edi, hali “r” harfini to‘g‘ri talaffuz qilolmasdi. “Yulduz” folklor dastasida ustozi Malika Po‘latovadan ilk raqs harakatlarini o‘rgana boshladi. Keyinchalik O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nasiba Madrahimova uni yurtimizning muhim tadbirlari – ommaviy bayramlarda raqs ijro etishga tayyorlay boshladi. 6 yoshida “Kamalak yulduzlari” Respublika ko‘rik tanlovida yakkaxon hindcha raqsi bilan qatnashib laureat bo‘ldi. Hali-hamon esida, maktabga o‘qishga borgan yili u uchun juda ko‘p quvonchli voqealarni tuhfa qildi. Barno Polshada o‘tkaziladigan “Bahorgi yulduzlar” festivalida qatnashadigan bo‘ldi. Varshavaning osmono‘par binolari, afsonaviy osma ko‘priklari uni xuddi ertaklar olamiga eltgandek tuyuldi. U yerda o‘zbekistonlik bolalarga yo‘lboshchilik qilish uchun Natasha bilan Xenezya biriktirildi. Festival kunlari afrikalik Selena, ruminiyalik Katerina, fransiyalik Milanalar bilan do‘stlashib oldi. Natasha bilan Xenezya tilmochlik qilib turishdi, albatta. Nufuzli tanlovda Barno “Quyosh raqsi”ni ijro etib, 2-o‘rin sohibasi bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tib, Chexiyada 27 ta davlat o‘rtasida o‘tkaziladigan “Besh yulduz” xalqaro festivaliga yo‘llanma oldi. U yerda ishtirokchi davlatlar o‘zlarining milliy raqslarini namoyish etishlari kerak edi. Mehmonlar joylashgan binodan tomosha zaligacha yo‘l-yo‘lakay raqslar namoyish qilinayotgandi. Davlatlarning bayroqlari baland ko‘tarilgan, galma-gal mumtoz kuy-qo‘shiqlar jaranglardi. Bizning milliy bayrog‘imiz hammanikidan balandda hilpirashini istagan Barno yo‘lboshchi Lyoshaning yelkasiga chiqib, bayrog‘imizni yuksaklarga ko‘tardi. Festivalda Barno shunchaki ishtirok etib kelmadi, yakkaxon ijroda 1-o‘rinni egallab qaytdi. Bir yil o‘tib, Toshkentimiz mezbonlik qilgan zamonaviy raqslar Xalqaro festivalida “Dilxiroj”ni maromiga yetkazib ijro etdi. Tomoshabinlar uni o‘rinlaridan turib olqishlashdi. Yosh raqqosani ko‘pchilik tengdoshlari yaxshi tanishadi, chunki u Toshkent telekanalida “Bolalar vaqti”, Sport kanalida esa “Sport ekspress” bolalar dasturlariga boshlovchilik qiladi. Bundan tashqari u “Bolalik sinovlari” filmida Lola, “Oyqiz ertagi” filmida Gulzira, “Unutma” filmida Shodiyona obrazlarini yaratib, kinosevarlar ko‘nglidan ham joy olgan.

Maktabdagi darslarga ulgura olmasa kerak, baholari qanaqa ekan, deb qiziqayotgandirsiz?! Ustozlari Faxriddin aka Shamsiyev, Zarifa Pirmuhammedova, Xosiyat Suvonovalar u qoldirgan darslarni o‘zlashtirib olishiga yordam berishmoqda. Barnoning shaxsiy kutubxonasida 300 dan ortiq kitob bor. U o‘tgan yili “Kitobxon oila” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida 2-o‘rinni oldi.

Bu orada Milliy raqslar respublika ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lib, “Bilimlar bellashuvi”da eng yaxshi iste’dod egasi deb topildi. Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan insholar tanlovida ham 1-o‘rinni egalladi. Lug‘atida “charchadim” degan so‘z bo‘lmagan Barno shuncha harakatlar orasida koreys tilini o‘rganib olishga ham vaqt topdi.

“Bunyodkor” yoshlar teleklubi a’zosi, “Kamolot” YIH tadbirlarida boshlovchilik qiladi. Orzusi – kelajakda jurnalist bo‘lish. Uning keyingi erishgan yutuqlari haqida sizga hali ko‘p bora so‘zlab beramiz.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.