Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Istiqlolning iste’dodli farzandlari

Xorazm – osmonida ma’naviyat yulduzlari porlagan diyorimizning ko‘hna maskanlaridan biri. Bu zamindan Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Munis, Ogahiy, Jaloliddin Manguberdi singari buyuk ajdodlarimiz yetishib chiqqan. Birgina “algoritm” nomi bilan dunyo tamadduniga abadiy muhrlangan olim, algebra fani asoschisi al-Xorazmiyni yaxshi bilasiz. Ajoyib yosh matematik Hakimboy Egamberganov ana shu ulug‘ allomamizga havas qilgan yoshlardan. U haqida jurnalimizning o‘tgan yilgi sonlarida ma’lumot bergan edik. Bo‘lar bola boshidan ma’lum, deganlaridek, Hakimboy maktab paytidayoq samarali yutuqlarga erishib kelgan.

U O‘zbekiston milliy universiteti qoshidagi S. Sirojiddinov nomli akademik litseyda o‘qigani sizga yaxshi ma’lum. U 2014-yilda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Respublika fan olimpiadasida 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu esa unga Milliy universitetga imtiyozli ravishda o‘qishga kirish huquqini berdi. Hakimboy Mexanika-matematika fakulteti talabasi bo‘lganini ham bilasiz. Bugun u 2-bosqichda o‘qiyapti. Mana shu qisqa vaqt ichida Hakimboy tinch o‘tirgani yo‘q. Intiluvchan, izlanuvchan, kuchli, bilimli qahramonimiz o‘z iqtidorini namoyish qilishga yanada ko‘proq harakat qildi. Shu yili u o‘z iqtidorini yana bir bor namoyish etdi. Kiprning Protoras shahrida o‘tkazilgan “SEEMOUS” X xalqaro olimpiadada O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi nomidan qatnashib g‘oliblikka, ya’ni oltin medalga ega bo‘ldi. Gap uning g‘olibligidami-yo‘qmi, bilmadim-u, lekin yurtimizda u singari yoshlar ko‘paysa, mamlakatimiz nufuzi jahon miqyosida yanada yuksaklarga ko‘tarilib boraveradi. Zero, Yurtboshimiz aytganlaridek, “Kecha kim edig-u bugun kim bo‘ldik”, degan iboraga yaqqol namuna bo‘ladi.

Yurtimiz sha’ni va universitet nomini munosib himoya qilgan yana bir oltin medal sohibi – yosh matematik, Hakimboyning ham kursdoshi, ham do‘sti Shohrux Ibragimovdir. Matematiklar oilasida o‘sib-ulg‘aygan Shohrux mamlakatimizning ko‘hna Samarqand shahridan. Akalari Orif va Zarif Ibragimovlar matematika yo‘nalishida salmoqli yutuqlarga erishgan. Orif matematika bo‘yicha Shveysariyada malaka oshirmoqda. Zarif Samarqand davlat universitetining 4-bosqich talabasi. Matematika bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiadalarning respublika bosqichida 2-o‘rinni egallagan Zarifboy xalqaro miqyosda kumush medal sohibi bo‘lgan. Opasi Iroda Umarova Samarqand temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida matematika fanidan dars beradi.

Boshlang‘ich ta’limni Samarqand shahridagi 24-umumta’lim maktabida olgan Shohrux oltinchi sinfdan 1-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida tahsil ola boshlaydi. Maktabni tamomlagach, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi 2–akademik litseyga o‘qishga kiradi. Bu yerda o‘qib yurgan kezlari go‘yo uning qo‘liga omad kaliti tushib qolgandek edi. Qator fan bellashuvlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2014-yilning may oyida Bolgariyaning Pleven shahrida o‘tkazilgan Valkan nomli XXXI xalqaro olimpiadada kumush medalga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, Shohrux ham Hakimboy singari o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika fan olimpiadasida ishtirok etdi. Uning Hakimboy bilan tanishuvi aynan shu bellashuvda boshlangan. Yuqorida aytganimizdek, Hakimboy birinchi, Shohrux ikkinchi o‘rinni egallashadi. Bu g‘alaba Shohruxga ham O‘zbekiston milliy universitetiga imtiyozli ravishda o‘qishga kirishi uchun yo‘llanma, degani edi.

Ikki do‘st bilan suhbatlashganimda ular erishayotgan yutuqlari va kelgusidagi rejalariga ham to‘xtalishdi:

– Matematikani chuqur egallashimizda, nufuzli oliy dargohda o‘qishimizda, albatta, avvalo oilamizdagilar, maktabdagi ustozlarimizning o‘rni beqiyos. Kiprga borgan universitetimiz jamoasi tarkibida biz bilan birga kursdoshimiz Mirmuhsin Mahmudov ham bor edi. Uning bilimi ham bizga ancha yordam berdi. Mirmuhsin musobaqada maxsus diplomga ega bo‘ldi. Bellashuv jarayonida rus va ingliz tillarida o‘qigan qo‘llanma-yu manbalarimiz juda qo‘l keldi. Chunki xalqaro olimpiadalarda ingliz tilini bilmasangiz, qatnashishning hojati ham yo‘q. Hech bir natijaga erisha olmasligingiz tayin. Bellashuv maydonida kuchli hayajon bilan turibmiz-u, ko‘z oldimizda ona Vatanimiz, qadrdon o‘quv dargohimiz – universitet gavdalanaveradi. Yurtboshimiz aytganlaridek, marrani kengroq olib, kelajak sari dadil qadam tashlaymiz. Zero, bizni doim buyuk ajdodlarimiz ruhi qo‘llab turadi. Axir biz ham ularga munosib avlod bo‘lishimiz kerak.

Ha, bugun yurtimizda Hakimboy va Shohruxdek iste’dodli yoshlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ular Istiqlolning eng baxtli farzandlaridir. Demak, oldinda ularni bundan-da ulkan sinov va g‘alabalar kutyapti.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.