Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ixtirolar olamida

Jamshidning qishlog‘i qir-adirlar yonida joylashgan. Bahorda qirga chiqib varrak uchirish uning jon-u dili. Mustahkam, katta va hammanikidan baland uchadigan varrak yasaydigan Jamshid, tumanda iqtidorli bolalarga yo‘nalish beradigan markaz borligini eshitdi. O‘quvchilarni qiziqishlariga qarab turli to‘garaklarga jalb qiladigan u qanday dargoh ekan, deb yo‘lga tushgan Jamshidni “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi joylashgan binoga taklif qilishdi. Jamshid u yerdagi sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Unga ayniqsa, karton qog‘ozlardan samolyot yasayotgan tengdoshlari ma’qul bo‘ldi. Shu kuniyoq u “Aviamodel” to‘garagiga a’zo bo‘ldi. Bir yil davomida ustozidan robot mashina, raketa va samolyotlarni mustaqil yasashni qunt bilan o‘rgangan Jamshidbek, yangi yil arafasida “Barkamol avlod” respublika texnik ijodiyot markazida o‘tgan “Xonada uchuvchi samolyot modellari” respublika musobaqasida qatnashib, sovrindor bo‘ldi.

 

Ustoz sabog‘i

Sardor Omonov Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 13-maktabning 6-sinf o‘quvchisi. U qalin qog‘oz va qamish tolalaridan kemalar, samolyotlar yasashni yaxshi ko‘radi. Kelajakda uchuvchi bo‘lishni orzu qiladi. Sardor har bir yasayotgan modeliga chinakam konstruktordek jiddiy yondoshadi. U mayda detallarini ham qunt bilan yasab to‘g‘ri joylashtiradi. Bu ishga sabr bilan yondoshish kerakligini ustozi Dilshod aka Qulsahadov o‘rgatgan.

– Texnikada ko‘zga arzimas bo‘lib ko‘ringan mayda murvatlarning ham vazifasi katta. Me’yoriga yetib mahkamlanmasa katta va kichik halokatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Birgina parrak notekis joylashtirilsa, samolyot biz istagan yo‘nalish tomonga uchmaydi. Shunday ekan, modelni qog‘oz kartondan yasayapman-ku, degan fikrdan uzoqda bo‘lishimiz, har bir ishni qunt bilan bajarishimiz lozim, – deydi Sardor. – Chunki har qanday ixtiro oddiy modeldan boshlanadi.

 

Orzuim – styuardessa bo‘lish

Gulshodaning bobosi Ahmadjon aka bir necha yildan beri tumandagi “Vatanparvar” sport klubi qoshida ochilgan “Aviamodel” to‘garagida mashg‘ulot o‘tadi. Bir safar bobosi bilan mashg‘ulotlarga borgan Gulshoda bolalarni eskirgan buyumlardan raketa, suvosti kemalari, o‘ziyurar mashinalarni yasayotganini zavq bilan tomosha qildi. Qo‘g‘irchog‘iga chiroyli ko‘ylak tikib, qo‘shni qizlarga maqtanishni xayolidan o‘tkazib yurgan Gulshoda, orzusi shu yerda ushalishini bilib qoldi. Chunki u to‘garakda oddiy qopqoq va tugmachalardan ajoyib narsalar yasash mumkinligiga guvoh bo‘ldi-da. Gulshoda o‘zini ixtirolar olamiga kirib qolgandek his qildi. “Qiz bola uyda o‘tirib qo‘g‘irchog‘ini o‘ynamaydimi?” degan gaplarga parvo qilmay “Aviamodel” to‘garagining eng faol a’zolari qatoridan joy olish uchun tinimsiz izlandi.

– Qo‘l mehnatim, izlanishim besamar ketmasligi uchun bobom boshqa shogirdlari qatori menga ham qattiqqo‘llik qiladi. Mashg‘ulotlarga vaqtida kelish, topshiriqlarni har qanday vaziyatda puxta va pishiq tayyorlashni oldimga maqsad qilib qo‘yganman. Samolyot yoki raketa yasaganimda, o‘zimni katta kashfiyotni amalga oshirgandek his qilaman. Kelajakdagi orzuim styuardessa bo‘lish, – deydi Namangan shahridagi 31-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Gulshoda Tursunaliyeva.

 

“O‘n besh yoshli kapitan”dan ilhomlanib

Javohirdagi kemasozlikka qiziqish bundan to‘rt yil oldin – Jyul Vernning “O‘n besh yoshli kapitan” romani asosida tayyorlangan badiiy filmni tomosha qilganidan keyin boshlandi. Filmda kemaning yosh, tajribali kapitani barcha qiyinchiliklarni yengib, halokatga uchragan kema yo‘lovchilari bilan manziliga yetib boradi. Bu filmdan keyin tubsiz okeandagi kema xavfdan xoli bo‘lishi uchun nimalarga e’tibor berish zarurligini o‘ylab qolgan Javohir, hech ikkilanmay “Barkamol avlod” bolalar markazidagi “Kemasozlik” va “Aviamodel” to‘garaklariga a’zo bo‘ldi. To‘siqlarga uchramay, istagan orzulariga erishish uchun o‘zining ilk yasagan kemasiga “Orzular kemasi” deb nom berdi. “Kemaga” chiqqan barcha yo‘lovchilarga qulay imkoniyatlar yaratilgan. Unda suzish havzalari, sport maydonchasi, dam olish maskanlarini ham barpo qildi. Dengizda suzish mazza-ya! Ammo, qisqa fursatda manzilga yetish uchun nima qilish kerak? Buning yechimini osongina topgan Javohir ustozi Shahram Saydullayev yordamida samolyot yasashga kirishdi. U o‘z bag‘riga yuzlab yo‘lovchilarni sig‘dira oladigan, noqulay ob-havo sharoitida ham yo‘lovchilarni manziliga bexavotir yetkazadigan bu aviamodelini bugun ilk bor hakamlar oldida sinab ko‘rdi. Kelajakda yurtdoshlariga qulay imkoniyatlar yaratish ilinjida yashayotgan Javohir Tursunov hozirda Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 6-maktabning 9-sinfida o‘qimoqda.

Shu kuni bo‘lajak ixtirochilarning orzu va maqsadlari haqida eshitib ortga qaytarkanman, yurtimizning umidli, iqtidorli o‘quvchilari safi yanada kengayganiga amin bo‘ldim.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.