Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ixtirolar olamiga sayohat

Texnik ixtirolar tarixi bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz? Ularning dastlabki sodda ko‘rinishi ko‘pincha bolalikdan qiziquvchan, xayolparast, tinib-tinchimas insonlar tomonidan yaratilgan. Kashfiyotchilar ilk bor 1783-yilda ko‘kda parvoz qilish uchun havo shari, salkam (1882) bir asrdan so‘ng esa samolyotni yaratishdi. Bugungi kunga kelib bu ixtirolarning soni cheksiz darajaga yetdi. Chunki insoniyatning texnikaga bo‘lgan qiziqishi va ehtiyoji kundan-kunga ortib bormoqda.

Yurtimizda har yili muntazam ravishda ana shunday yosh ixtirochilarni kashf qilish uchun o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Yilning eng yosh ixtirochisi” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tanlovga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va barcha viloyatlardagi “Barkamol avlod” bolalar markazlari qoshidagi “Boshlang‘ich texnik modellashtirish va konstruksiyalash” turkumiga kiruvchi avtomodel, aviamodel, robototexnika kabi to‘garak a’zolari ishtirok etadilar.

“Sog‘lom bola buyuk ishlarga qodir! “shiori ostida Mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlangan bu yilgi ko‘rik tanlovning yakuniy bosqichi “Barkamol avlod” Respublika bolalar badiiy ijodiyot markazida bo‘lib o‘tdi. Tanlov ikki yo‘nalish: “Boshlang‘ich texnik modellashtirish va konstruksiyalash” hamda “Robototexnika va elektron o‘yinchoqlar” yo‘nalishlari bo‘yicha izlanuvchan, iqtidorli yosh ixtirochilarni qamrab oldi.

Turli viloyatdan kelgan o‘quvchilar o‘z ishlari bilan tanlov mehmonlari, va hay’at a’zolarini hayratga soldilar. Har bir (maket va modellar) ixtiro o‘zgacha ko‘rinishda, turli maqsadlar uchun xizmat qilsa-da, ammo uning negizidagi asosiy maqsad odamlar ishini yengil qilish, ekologiyani asrab, undan to‘g‘ri foydalanish bo‘ldi. Hakamlar hay’ati tomonidan ixtirolarning bugungi kundagi ahamiyati, dizayni, texnik talablarga javob bera olish mezonlari asosida baholandi. Tanlov ishtirokchilaridan, asosan o‘z ixtirosining mohiyati, maqsadini ochib berish talab qilindi.

“Boshlang‘ich texnik modellashtirish va konstruksiyalash” yo‘nalishi bo‘yicha 15 ga yaqin iqtidor egalari qatnashib, “Yilning eng yosh ixtirochisi” tanlovida faxrli o‘rinlarni egalladilar.

Eng oliy – 1-o‘rin Jizzax shahridagi 12-maktab 7-sinf o‘quvchisi Ulug‘bek Abduvaliyevning “Vertolyot konstruktor” ishiga berildi.

2-o‘ringa esa Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar “Barkamol avlod” markazi to‘garagi a’zosi 33-maktab o‘quvchisi Isroiljon Nosirovning “Mexanik yo‘l chiroqlari” sazovor bo‘ldi.

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 11-maktab 9-sinf o‘quvchisi Salohiddin Qosimovning qurilish ishlarida foydalanadigan, mexanik (gidravlik) usulda quvvat oladigan ekskavatori 3-o‘ringa loyiq topildi.

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidgi 38-maktab 8-sinf o‘quvchisi Bobur Abduxoliqov “Mening orzuyimdagi paxta terish mashinasi” nomli ixtirosi bilan ishtirok etdi. Bu mashinaning o‘ziga xosligi u quyosh batareyasi orqali ishlaydi. Namangan viloyati Kosonsoy tumani 1-maktab 6-sinf o‘quvchisi Akromjon Rasulovning “Savol-javob kemasi” esa boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan ko‘rgazmali qurol vazifasini bajarar ekan. Buxoro viloyatidan kelgan Rustam Avazov tanlovda o‘zining “Airoglisser tezyurar kema” va “Aleksandr Fon Homvolt” yelkanli kemasini namoyish qildi.

“Robototexnika va elektron o‘yinchoqlar” yo‘nalishida ham iqtidorli o‘quvchilar munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.

Ushbu yo‘nalish bo‘yicha Jizzax shahridagi 10-maktab 9-sinf o‘quvchisi Otabek Mo‘minovning qurilish sohasi uchun mo‘ljallangan, quyosh batareyasidan quvvat olib ishlaydigan “Elektr ekskavator”i 1-o‘ringa loyiq deb topildi.

Tanlovning yagona malikasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 18-maktab 9-sinf o‘quvchisi Ozoda Ubaydullayevaning gapiradigan, chiqindilarni tozalaydigan, chaqqon “Aqlli robot”i 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

3-o‘rinni Samarqand shahridagi 33-maktab o‘quvchisi Hasanjon Akbarov yaratgan robot mashina egalladi.

Bu yo‘nalishda yana o‘z ishlari bilan Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 34-maktab 7-sinf o‘quvchisi Shahobiddin Normurodov yoqilg‘isiz, mexanik ravishda ishlaydigan o‘t o‘radigan roboti bilan, Namangan viloyati Chust tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi Asadbek Komilov oshxona yumushlarini bajaruvchi “Oshxona roboti” bilan qatnashdilar. Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 5-maktabdan Jamshid Shukuraliyevning o‘ziyurar roboti barchani hayron qoldirdi. Xorazmning Shovot tumani 2-maktab o‘quvchisi Akbar Matyoqubovning roboti ham hay’at a’zolariga manzur bo‘ldi.

Tanlov so‘ngida g‘oliblar va barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘a va sertifikatlar topshirildi.

Tanlovda yosh texniklar o‘z iqtidorini namoyon qilibgina qolmay, tengdoshlari yaratgan yangi ixtirolar bilan tanishdilar, o‘zlari singari ko‘plab iqtidor egalari bilan do‘stlashdilar. Hakamlar tomonidan qo‘yilgan barcha haqqoniy ballar esa albatta nisbiy edi. Chunki bunday murakkab ishlarni alohida iqtidor egalarigina bajaradilar.

“Barkamol avlod” Respublika bolalar badiiy va texnik ijodiyot markazida bo‘lganingizda bu yer chinakam iste’dodlar olami ekanligiga yana bir bor amin bo‘lar edingiz. Markaz a’zolarining qo‘llaridagi robotlar, aviamodellar, musiqa asbobi, eskizlar, tikish, to‘qish anjomlari, moybo‘yoqlari, o‘ymakorlik buyumlari ularning qiziqishlari naqadar cheksizligidan darak berib turardi.

 

Shuningdek, ijodiyot markazida respublikamiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab, “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim! “shiori ostida o‘tgan tanlov ijodkor bolalar uchun yana bir mahorat sinovi bo‘ldi. Bu tadbirga o‘quvchilar yozgi ta’til davomida amalga oshirgan ishlarining yakunlovchi ijodiy ko‘rgazmasi hamda konsert dasturini havola etdi.

Sahifadagi suratlarni ko‘rib, bu ko‘rgazma haqida tasavvur hosil qilishingiz mumkin.

 

Hilola Hamdamova

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.