Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jarang sochgan marjonlar

– Kutib oling, sahnada “Marvarid” bolalar guruhi!

Boshlovchining jarangli xitobidan so‘ng sahnada bir xilda burmali ko‘ylakcha kiyib, sochpopuk taqqan qizaloqlar-u bayramona libosda bo‘yniga kapalaknusxa bo‘yinbog‘ qo‘ndirib olgan bolakaylar yugurib chiqib, sho‘x qo‘shiq kuylab, shodon raqs tusha boshlashadi...

Ana, jurnalning navbatdagi soni uchun maqolaga mavzu... Qog‘oz, qalamimni olib, “Marvarid” bolalar teatr studiyasi joylashgan “Turkiston” saroyi sari otlandim. Mashg‘ulotlar zali tomon zinalardan ko‘tarilarkanman, qayerdandir mushukchaning miyovlagan ovozi eshitila boshladi. Baroqvoy adashib qolganmikin, deb o‘yladim. Keyin bilsam, teatr studiyasining aktyorlik mahorati darsida Muslima mushukcha rolini bajarayotgan ekan. Qoyil, ular maromiga yetkazib jonivorlar obrazini yaratishardi. Chekkadagi kursiga borib o‘tirib, mahorat darsi mashg‘ulotini kuzata boshladim. Mushtariybegim kosasini zo‘rg‘a sudrab ketayotgan toshbaqa rolini, Malikaxon sabzi kemirayotgan quyoncha, Muslima esa To‘polonxon rolini ijro etishardi.

Aktyorlik mahorati darsi o‘qituvchisi Rustambek Nasriddinov bolalarning zuvalasini pishityapti. Mana, Samina yettinchi marta qaytadan xaltachasiga o‘t solib olgan Kenguru bo‘lib sakramoqda. Rustambek akaning aytishicha, mashq maydonini sahna deb tasavvur qilish kerak. Shunda astoydil rol o‘ynaysiz. Mashg‘ulotlarda ichki kechinmalarni ko‘z orqali ifodalash, nutqni tuzatish mashqlari o‘rgatiladi.

Endi esa sekin vokal ijrochiligi bo‘limi eshigidan mo‘ralaymiz. Bu yerda Maftuna “Muzqaymoq” qo‘shig‘ini ijro etmoqda. Afsuski, unga muzqaymoq yeyish mumkin emas. Bir gal “muzdekkina desert”dan so‘ng “Sehrli globus” konsert dasturi sahnaga olib chiqiladigan kuni Maftunaning tomog‘i qattiq og‘rib qolgan. Rosa yo‘talgisi kelgan. Ammo sahnada yo‘talish mumkin emas. Shundan buyon u boshqa guruhdosh do‘stlari qatori shirinliklar va muzqaymoqdan parhez qiladi. Vokal yo‘nalishidagi ustozi Gulnora opa Muxtorova bolalarga shunday talab qo‘ygan.

Ba’zan uch oylab sahna ortida tayyorgarlik ko‘riladi, liboslar tiktiriladi. Biroq konsert qo‘yiladigan kuni tomoshabinlarni ko‘rib, qo‘rqib ketganidan “sahnaga chiqmayman”, deb turib oladigan bolalar ham bor ekan. Gulnora opa ularning ism-shariflarini aytmayman, sir bo‘la qolsin, dedi. Chunki ular sinov muddati davomida hayajonni yengishdi, xatolarini tuzatishdi. Teatr studiyasining faol a’zolaridan Maftuna Asqarova “Sen ketma” filmida, Bobur Shokirov “Ezgulik hududi” filmida, Xadicha Abduqahhorova “Marom” filmida, “Dugonajonlar” serialida suratga tushishgan. Aytgancha, “Bolajon” telekanalida siz sevib tomosha qiladigan “Zumrasha” telejurnalining asosiy obrazlarini “Marvarid” donalari, yo‘g‘-e, bolalari ijro etishadi.

Yaqinda Rossiya poytaxti Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Bolalar va o‘smirlar ijodi xalqaro festivalida “Marvarid” bolalar studiyasi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. O‘n sakkizinchi bor tashkil etilgan nufuzli festivalda maqolamiz qahramonlari bir qator yo‘nalishlarda g‘olib deb topildilar.

Raqs san’ati bo‘yicha guruh a’zolarining andijoncha, xorazmcha raqslariga hakamlar mahliyo bo‘lib qolishdi-da, o‘zbek bolalariga 1-o‘rinni bermasak g‘irromlik bo‘ladi, deyishdi.

Estrada vokali yo‘nalishida Gulnora opa Abdurahmonovaning shogirdlari 3-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Gulnora opa ham bolalarning har biri bilan individual shug‘ullanadi. Notalarni aniq olish, ovoz pardalarini ochish uchun bolalar har kuni “Xo‘rozlar qo‘shig‘i”ni kuylasharkan. Xullas, ular “Moda teatri”, “Bastakorlar bolalarga” yo‘nalishlarida ham 3-o‘rin sovrindori bo‘ldilar.

Xoreografiya yo‘nalishi bo‘yicha Dilafro‘z opa Mirzayevaning shogirdlariga yetadigan bolalar topilmadi. Chunki Dilafro‘z opa har galgi mashg‘ulotda shogirdlariga tana imkoniyatlarini boyitish improvizatsiya, ya’ni harakatlar esdan chiqqanda ham uning o‘rnini to‘ldirib keta oluvchi topilma harakatlarini o‘rgatadi.

Bolalar san’atini rivojlantirish, ularning estetik dunyoqarashini oshirish maqsadida tashkil etilgan studiya mana o‘n yildirki, iste’dodli, qobiliyatli tengdoshlaringizni bag‘riga olib, katta sahnalarga uchirma qilmoqda.

Teatr studiyasi rahbari Gulchehra opa Ergasheva har bitta bolaning qanday o‘yinchoq o‘ynashi, qaysi multfilmni yaxshi ko‘rishidan tortib, qaysi fandan qanday baho olishigacha yoddan biladi.

– Xadichada tabiatan qobiliyat yuqori, faqat diqqat masalasida ozgina oqsoq. U bilan ko‘proq xotira mashqlari o‘tkazamiz. Muslima esa tug‘ma aktrisa, matn esidan chiqib qolsa ichidan to‘qib ketaveradi. Faqat talaffuzda ozgina kamchiliklar bor, u bilan birga nutq mashqlarini bajaramiz, – deydi Gulchehra opa.

O‘sha kuni kechgacha kasting jarayonini kuzatib o‘tirdim. Shunday xulosaga keldimki, qobiliyatsiz bolaning o‘zi bo‘lmaydi. She’r, qo‘shiq, raqs, aktyorlik qobiliyatlari sinovdan o‘tkaziladi. Tanlab olingan bolalarning iqtidori ikki oy davomida tarbiyalanadi. Faqat ota-onasining istagi bilangina kelgan ayrim bolalar san’atga mehri bo‘lmasa, guruhdagi ustozlari bilan o‘z ixtiyorlariga ko‘ra xayrlashadilar.

7 yoshda kastingdan o‘tgan bolakay 14 yoshida bitiruvchi sertifikatiga ega bo‘ladi. Ammo Boburga o‘xshab, guvohnomasini uyiga olib borib qo‘yib, ustozlaridan ko‘ngil uzib ketolmay, hanuz teatr studiyasiga qatnayotgan bolalar ham yo‘q emas. Mustaqillik tantanalari, Navro‘z shodiyonalari, onalar va ustozlar ayyomi – ularning mehnatlari uchun imtihon. Chunki oylar davomida yod olingan ijrolar muxlislar ko‘z oldida – sahnada baholanadi, zavq-shavq ulashiladi.

Yurtimizning bayramlari ko‘p... Hali ular bilan ko‘p bor uchrashamiz.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.