Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Katta ishtiyoq bilan

Abdumalikning (u haqida jurnalimizning may oyi sonida qisqacha ma’lumot berilgan) bobosi matematikadan o‘qituvchi bo‘lib ishlar, har kuni o‘quvchilarining uy vazifalarini sinchiklab tekshirib chiqardi. Abdumalik esa bobosi yonida o‘tirib, bu jarayonni kuzatishni yaxshi ko‘rardi. Bir kuni Abdumalik qator misollarni yechib o‘tirsa, bobosi, nabirasining nima bilan mashg‘ul ekanligini ko‘zdan kechirdi va birdan hayratlanib:

– Yuqori sinf darsligidagi misollarni yechdingmi? Axir bu mavzularni o‘rganmaganding-ku! – deb nabirasining daftarini tekshirib chiqadi. Misollarning hammasi to‘g‘ri yechilgan ekan. Ana shundan keyin Abduqayum aka Karimov nabirasi bilan matematika fani bo‘yicha jiddiy shug‘ullana boshlaydi. Unga har onning qadriga yetish, oilasi, yurtiga kerakli inson bo‘lish uchun doimo olg‘a intilish lozimligini uqtiradi. Bugun bu mehnatlar, nasihatlar o‘z samarasini ko‘rsatyapti...

O‘z iste’dodini namoyon qilish orqali ko‘plab bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalari, forumlar va festivallarning sovrindori bo‘lgan Abdumalik Abduqayumov Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Olot tumanidagi 34-maktabda o‘qigan.

– O‘g‘lim bolalik chog‘larida she’r yozishga qiziqardi. Ijodiy mashqlarini “Gulxan” jurnaliga yuborardi. Sevimli jurnalida uning bir nechta she’rlari chop etilgan. Men o‘g‘limni kelajakda shoir yoki yozuvchi bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Ammo o‘g‘lim Qorako‘l tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiy boshlaganidan so‘ng matematika fanini chuqurroq o‘rganishga astoydil kirishdi. Shundan keyin she’r yozishi kamaydi... Maktabni tamomlagunga qadar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan barcha fanlar bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi”da ishtirok etib 9-sinfgacha yuqori o‘rinlarni olib keldi. 2014-yili 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan viloyat olimpiadasida matematika fanidan 100 ball to‘plab birinchilikni egalladi va Buxoro Davlat universiteti qoshidagi 3-sonli Qorako‘l akademik litseyiga imtiyozli qabul qilindi, – deydi faxr bilan Abdumalikning dadasi, Toshkent Davlat moliya instituti qoshidagi akademik litseyning matematika fani o‘qituvchisi Nizomjon aka Karimov.

Abdumalik litseyning birinchi bosqichida o‘qib yurgan yillaridanoq nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – M. V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida o‘tkazilgan matematika va informatika yo‘nalishi bo‘yicha festivalining II darajali diplom sohibiga aylandi. 4 yil davomida aprel oyida o‘tkazilgan “Lomonosov – 2014”, “Lomonosov – 2015”, “Lomonosov – 2016”, “Lomonosov – 2017” forumlarida ishtirok etib 4 ta kumush medal bilan taqdirlangan.

2016-yil yanvar oyida Qozog‘istonning Almati shahrida bo‘lib o‘tgan “Joutinov” olimpiadasida qatnashib “Faxriy yorliq” bilan taqdirlangan Abdumalik 2017-yil xuddi shu olimpiadada kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u mahalla, tuman va viloyat miqyosida o‘tkazilgan tadbirlarda ham faol ishtirok etib Buxoro viloyat hokimi stipendiyasi sovrindori bo‘lgan.

Yaqinda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan 58-Xalqaro matematika olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar ham ishtirok etishdi. Shuhrat Ismoilov rahbarligidagi o‘quvchilar guruhi umumjamoa hisobida 69 ball to‘plab, bitta kumush medal hamda to‘rtta “Faxriy yorliq” bilan taqdirlanishdi. Mazkur olimpiadada qahramonimiz Abdumalik 86,81 foiz natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.

– Bobom Olot tumanidagi 7-maktabda matematika fanidan dars berib, ko‘p yillar davomida maktab direktori bo‘lib ishlaganlar. Buvim Pirriyeva Yaxshigul 8-sonli maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga saboq berganlar. Mening bu yutuqlarimda bobom va buvimning xizmatlari katta. 10 yil avval oilamiz bilan Toshkentga ko‘chib ketadigan bo‘ldik. Ammo men qadrdon maktabim, bobom va buvimsiz yashashimni tasavvur qila olmasdim. Ota-onamdan meni Buxoroda qoldirishlarini so‘radim, ular xohishimga qarshi borishmadi. Shunday qilib, men bobom va buvim bilan qoldim. Ular imkon qadar men bilan ko‘proq shug‘ullanishar, bir-biridan murakkab misollarni yechishni o‘rgatishar edi...

...Men uchun bu yil juda quvonchli bo‘ldi. Ketma-ket yutuqlarim sababli shu yil Toshkent Iqtisodiyot universitetiga imtiyozli, ya’ni imtihonsiz qabul qilindim. Bu yutuqlarim uchun bobom va buvimdan minnatdorman. Ming afsuski, bu kunlarni bobojonim ko‘ra olmadilar... – deydi Abdumalik.

Abdumalik Abduqayumov haqidagi maqolamni yakunlar ekanman, yana bir ajoyib xushxabar eshitdik. Shu yilning 25–31-iyul kunlari Hindistonning Lakxnau shahrida o‘tkazilgan xalqaro matematika musobaqasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar 2 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallashdi.

Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 41 ta davlatidan tashrif buyurgan yosh matematiklar ishtirok etishdi. Quvonarlisi, ushbu tanlovda to‘rtinchi marta qatnashayotgan O‘zbekiston jamoasi joriy yilda ilk marotaba 2 ta oltin medalni olishga muvaffaq bo‘ldi.

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchilari Doniyor Ismoilov, Sevaraxon Ostonovalar individual bahslarda o‘z iqtidorini namoyon etib oltin medalni qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, ushbu maktabning 7-sinf o‘quvchisi Olimjon Olimov va 8-sinf o‘quvchisi Ismoil Po‘latovlar esa yakkalik bahslarda kumush medalga sazovor bo‘lishdi.

Bugungi barkamol avlod ilmiy salohiyati va ijodiy qobiliyati bilan asrlar davomida dunyo ahlini lol qoldirib kelayotgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislariga aylanmoqda. Yoshlarimizning shijoati, bilim olishga bo‘lgan baland ishtiyoqini ko‘rib ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilyapti. Ularga qarata quvonch bilan shunday deymiz: “Vatanimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarish uchun olg‘a, yoshlar!”

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.