Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Lobarim, dilbarim, chevarim, qizlar!...

Har yili ilk bahor – maysalar iliq tuproq bag‘rida nish otganda, “daraxtlar millionlab jajji fonuslar yoqqanda”, binafsha ming bir hadik bilan barglari orasidan mo‘ralab, nazokatli nargis quyoshdan rang olib, mayin yellar soziga raqs tushgan chog‘da zebolik va ezgulik ayyomi nishonlanadi. Nafosat bayrami sabab yurtimiz oqila, fozila, iste’dodli qizlarining ko‘ksiga Zulfiyaxonim izdoshi, degan unvon taqadi.

Ana shunday nafis majlislardan bahramand bo‘ling, deya 2016-yilgi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining eng faollari ishtirokida tayyorlangan sahifamizni sizga ilindik.

Soy jilg‘alarining jildirashi, mayin sabolar shiviri, qaldirg‘ochlar chug‘uri – barchasi bahoriy navolarning jonli ifodasi.

Mohidil fortepianoda kuy ijro etganida ko‘kda arg‘imchoq solib uchayotgan turnalarning “qur-qur”ini, tomchilab yog‘ayotgan yomg‘irning “chak-chak”ini tinglaganday orom oladi ko‘ngil. Mohidil Nizomova ana shunday ijrolari bilan ilk bor 2013-yil “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining respublika bosqichida Fortepiano yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan edi. Ko‘p o‘tmay, “Akademik cholg‘ular va estrada ijrochiligi” tanlovining respublika bosqichida ham g‘alaba qozondi. Da’vogarlik bo‘lmasa, muvaffaqiyat o‘z-o‘zidan eshik qoqib kelmaydi, degan gap bor. Mohidil bor mahoratini ishga solib, xalqaro tanlovlarda e’tirofga sazovor bo‘lish uchun bel bog‘ladi. 2014-yil Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘rta yer dengizi afsonasi” yosh musiqa ijrochilari xalqaro festivalida oltin medal sovrindori bo‘ldi. Bir yil o‘tib, Rossiyadagi xalqaro festivalda tengsiz ekanini isbotladi. Va nihoyat Italiyada o‘tkazilgan xalqaro tanlovda kumush medal sohibasi bo‘ldi. Mohidil Nizomova Yakkabog‘ oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 1-bosqich o‘quvchisi. Uning o‘nlab orzulari orasida Motsart, Betxovenlar singari asrlarni yengib o‘tgan o‘lmas musiqiy asarlar yaratish orzusi ham bor.

Diyora Keldiyorova sportning Dzyu-do turi bilan shug‘ullanadi. Yosh bo‘lishiga qaramay O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, xalqaro toifadagi sport ustasi.

2012–2015-yillar davomida Diyora bor mahoratini ishga solib, to‘rt karra O‘zbekiston chempioni, degan sharafga erishdi.

2013-yilda ilk bor Vatan sharafini himoya qilish uchun Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etdi va bronza medali sovrindori bo‘ldi. Bir yil o‘tib, Rossiyaning Tver shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa ochiq kubogi bahslarida 3-o‘ringa munosib topildi. Va nihoyat, Diyoraning yuksak orzulari ushala boshladi. 2015-yili Bosniya va Gersegovina davlatining Sarayevo shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida oltin medal sohibasi bo‘ldi. Sportda erishgan yutuqlari uchun davlatimiz tomonidan ta’sis etilgan “E’tirof – 2015” mukofoti laureati bo‘ldi.

Diyora Keldiyorova Pastdarg‘om Politexnika kasb-hunar kollejining 3-bosqichida o‘qiydi.

Erishgan yutuqlaridan kuch olib, Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘ydi.

Tasviriy san’atga oshno qalblarga bahor o‘zgacha kirib keladi. Mo‘yqalam ustalari pushti, nafarmon, firuza ranglar uyg‘unligida kamalaklar yaratadilar.

Qahramonimiz Ozodaning sehrli moybo‘yoqlari bor. Nega deysizmi?! U maktabda o‘qib yurgan paytlari tasviriy san’at darsida uy vazifasi uchun berilgan quyoncha rasmini chizayotgandi. Toliqqan shekilli ish ustida uxlab qoldi. Ertasi kuni birinchi soat rasm darsida o‘qituvchi unga “besh” baho qo‘ydi. Ozoda uyga kelib qarasa, quyonchaning bitta qulog‘i yo‘q! Rasm shu darajada chiroyli chizilgan ediki, quyonchaning bitta qulog‘i “tushib qolgani”ni hech kim payqamabdi.

Ozoda Ismoilova Urganch davlat Universiteti qoshidagi akademik litseyning 1-bosqich o‘quvchisi. 2014-yili Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan o‘tkazilgan “Yuksak ma’naviyatli avlod” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “O‘z asarlarida milliylikni yorqin aks ettirgan rassom” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Shu yili Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekistonning yetti mo‘jizasi” yosh musavvirlar tanlovining respublika bosqichida 1-o‘ringa loyiq topildi. 2015-yilda ham Vazirlik tomonidan tashkil etilgan ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichida tasviriy san’at yo‘nalishi g‘olibiga aylandi. Bundan tashqari u Gyote xalqaro Instituti tomonidan tashkil etilgan nemis tili bo‘yicha A 2 Xalqaro darajadagi sertifikat sohibasi bo‘ldi.

Mohigulning ilk yozgan she’riy mashqi o‘rik gullari haqida edi. Bu dilbar mavzuni iztirob bilan qalamga olgani hanuz esida. U bobosining o‘rikzor bog‘ida chappar urib gullagan shoxlarni ko‘ziga surtib, qanot bog‘lab, uylari tomon uchdi. Axir she’rni ilhom keltiruvchi she’r daftariga yozishi kerak edi-da. Ba’zi sabablar tufayli to‘rt-besh kun bog‘ga borolmay qoldi. Bu muddat ichida barq urib ochilgan gullar yaproqlarini to‘kib bo‘lgan edi...

Uning beg‘ubor kuzatishlari, taassurotlari keyinchalik “Sarafroz” nomli she’riy to‘plamidan joy oldi. Sarishta, pazanda Mohigul “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida sertifikat bilan taqdirlandi. “Badiiy nafosat bilimdoni” respublika tanlovida “Yosh jurnalist” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. “Yurt kelajagi” tanlovining Adabiyot va publitsistika yo‘nalishida ishtirok etib, sertifikat bilan taqdirlandi.

Mohigul Raimqulova Jizzax Davlat Pedagogika instituti qoshidagi 2-akademik litseyning 3-bosqichida tahsil olmoqda.

Qizlarimiz yetakchi...

Qizlarimiz intiluvchan...

Ular bilim va iqtidor, kuch va salohiyat jihatidan hech kimdan kam emasliklarini, aksincha butun dunyo yoshlariga o‘rnak bo‘lgulik jihatlarga ega ekanliklarini isbotlamoqdalar.

Vatan ehtiromiga, dunyo e’tirofiga sazovor qizlar ertaga nurli istiqbol yo‘llariga gullar ekajak, bog‘lar yaratajak. Axir dunyoning qaysi burchagida bor ekan maktabda o‘qiydigan qizaloqning ko‘ksiga unvon taqqan yurt?! Bunday sharafga erishgan qizlar kelgusida, albatta, olima, akademik, qahramon bo‘lmoqlikni dilga tugadilar...

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.