Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Madinaning marralari

Agar o‘quvchilardan qaysi fanga ko‘proq qiziqasan, deb so‘ralsa aksariyat o‘g‘il bolalar jismoniy tarbiya yoki matematika, qizlar esa adabiyot fani, deydi. Tengdoshingiz Madina biologiya fanini yaxshi ko‘rar ekan. Tuproqda unayotgan har bir giyoh, niholning mo‘jizasi va turfa xilligiga bo‘lgan qiziqish uning izlanishlar olib borishiga turtki bo‘ldi. O‘smir qiz ilmiy ixtirolari bilan iqtidorli tengdoshlari safidan joy oldi. Olimlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Madinaning dadasi, Abduxalil aka seleksiya – urug‘chilik xo‘jaligida fermer. Yerga urug‘ qadab unib chiqquncha yog‘in-sochinga ham qaramay, dalaga shoshadigan dadasining orzusi – iqlim sharoitiga moslashgan navlar yaratish. Yerning tilini tushunadigan, suyagi mehnatda qotgan dehqonga ham bunday navlarni yetishtirish oson emas. Madina ham darslari qatoriga botanika fani qo‘shilguncha xuddi shunday fikrda edi. Ammo, o‘simlikning betakror xususiyat va o‘ziga xos injiqliklarini dars jarayonida o‘rganib dadasini tushungandek bo‘ldi. Ekinlar serhosil bo‘lishi iqlim sharoiti va yerning unumdorligiga ham bog‘liq. Mo‘jizaga boy ma’lumotlar aks etgan bu kitob uning eng sevimli darsligiga aylandi. Dadasi bilan dalada yonma-yon yurib, yerni yorib bo‘y cho‘za boshlagan o‘simliklarni sinchkovlik bilan kuzatdi. Kasallikka chalinmasligi uchun qanday parvarishlash lozimligini o‘rgandi. Respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan seleksioner olimlarning bahs-munozaralariga, maslahatlariga quloq tutdi. O‘rganganlarini amalda qo‘llashga astoydil intildi.

– Mo‘l-hosil olish uchun yerga yaxshi ishlov berish va me’yorida sug‘orish ham muhim. O‘simlikning iqlimga moslashishi, qancha vaqtda hosil berishini batafsil o‘rganishingga, fanga doir kitoblarni ko‘p o‘qishingga to‘g‘ri keladi. Yangilik yaratish uchun avvalo o‘zingda istak bo‘lishi lozim, – dadasining bu o‘gitlariga Madina qat’iy amal qildi. Darsdan bo‘sh vaqtlarini dalalarda, kutubxonalarda o‘tkazib, kerakli ma’lumotlarni to‘pladi. Iqlimga moslashuvchan va chidamli nav yaratish uchun ko‘proq nimalarga e’tibor berish kerakligini o‘rgandi. Tajribalarini kichik sinovlardan o‘tkazdi. Ilmiy maqolalarini “International Journal Of Research” nomli xalqaro nashrda e’lon qilib, jurnal sertifikati bilan taqdirlandi. Rossiya Federatsiyasining “SOKA”, RF “Galaktika” hamda Qozog‘iston Respublikasining “Mikrobiologiya sanoati” kompaniyalari tomonidan yaratilgan kungaboqar navlarini Andijon viloyati sharoitida o‘stirish va hosildorligi yuzasidan ilmiy-tadqiqotidagi faol ishtiroki uchun Faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Qishloq xo‘jaligi olimlari bilan hamkorlik qilib soyaning “Raduga”, “Madina” hamda kungaboqarning “Madina”, “Madina – 17” navlarini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Yosh tadqiqotchining yaratgan navlari respublikamizning barcha viloyatining turli iqlimlarida sinovdan o‘tkazildi. Noqulay ob-havoga moslashuvchan, kasalga chidamli va serhosil yangi nav barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Davlat reyestrlar ro‘yxatiga kiritildi. Uning ilmiy-tadqiqot ishlari “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovi viloyat bosqichida yuqori baholanib, g‘oliblar qatoridan joy oldi. “Fidoying bo‘lgaymiz seni O‘zbekiston!”, “Yuksak ma’naviyatli avlod”, “Birlashib biz katta kuchmiz” festivallari hamda “Soliq bilimlari – bolalarga” respublika ko‘rik-tanlovlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. Bu rag‘batlar Madinani yanada ko‘proq izlanishga, yangi loyihalar ustida ishlashga undadi.

– Bu nav mahalliy navlardan hosildorligi, kasallikka chidamliligi bilan ajralib turadi. Xorijiy navlardan ustunligi esa narxining ancha arzonligida. Ba’zan bahorning seryog‘in kelishi yoki qishning biroz cho‘zilishi endigina u’nib chiqqan ekinlarimizga zarar keltiradi. Bu hosilning kech yetilishiga sabab bo‘ladi. Yangi nav har tomonlama iqlimga moslashgan bo‘lishini nazarda tutdim. Hattoki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yerning sho‘rligini e’tiborga olib har xil sharoitlarda ekib, sinovdan o‘tkazdik. Natija yomon bo‘lmadi. Hozir kungaboqarning yangi navi respublikamizning barcha viloyatlarida ekilmoqda. Kungaboqar o‘simligidan nafaqat yog‘, balki poyasidan qog‘oz, donidan parrandalarga shrot(kunjara), savatchasidan hayvonlarga to‘yimli ozuqa ham olish mumkin, – deydi Andijon viloyati Izboskan tumanidagi 34-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Madina Habibullayeva

Yosh bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz ilmiy izlanish va tajribalari bilan xalqaro miqyosda qishloq xo‘jaligi rivojiga munosib hissa qo‘shib, xalqimiz dasturxonini boyitishni oldiga maqsad qilgan. Orzularing amalga oshsin, Madina.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.