Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Marrani yuksak olib...

Dinora Umarqulova hur O‘zbekistonimizning umidli yoshlaridan biri. Buxoro muhandislik texnologiya instituti qoshidagi 1-son akademik litseyda a’lo baholarga o‘qimoqda. O‘tgan yillar davomida “Yurt kelajagi”, “Yuksak ma’naviyatli avlod”, “Orasta qizlar” respublika ko‘rik-tanlovlarida ishtirok etib, o‘z iqtidorini sinovdan o‘tkazdi. Jurnalistik faoliyatini hozirdanoq boshlab yuborgan Dinora viloyat radiokanalining “Davr va yoshlar”, “Yoshlardan yoshlarga” dasturlarida boshlovchilik qiladi. “Ogoh bo‘ling, yoshlar!”, “Internet to‘ri”, “Bugungi kitobxon” kabi dolzarb davra suhbatlari muallifi sifatida tengdoshlarini bahsga chorlamoqda. Institut qoshida tashkil etilgan “Ziyo chashmasi” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritadi. Dinora intiluvchanligi, tashabbuskorligi bilan Institut tomonidan kollej va akademik litsey o‘quvchilariga maxsus ajratilgan “Iqtidorli talabalar uchun” stipendiyasiga munosib ko‘rildi. U 2015-yilda Avstriyaning Vena shahrida o‘tkazilgan VI Xalqaro Til-adabiyot va jurnalistika konferensiyasida madaniy-ma’rifiy merosimiz bo‘lmish Avesto haqidagi maqolasi bilan qatnashib, “Eng yaxshi maqola, eng yosh ijodkor” sertifikati bilan taqdirlandi. O‘tgan yili Vatanimizning nurli manzillari, timsollari, milliy qahramonlarini madh etuvchi turkum she’rlari Moskva shahrida chop etiladigan “Российская литература” jurnalida nashr qilinib, “Бунинский сборник” to‘plamiga kiritildi. Hamda Bunin nomidagi diplom bilan taqdirlandi. Hozirda Zulfiya Davlat mukofoti uchun o‘tkazilayotgan tanlovning saralash bosqichida ishtirok etmoqda.

Kelajakda O‘zbekiston yuksak darajada taraqqiy etgan iqtisodi bilangina emas, balki bilimdon, ma’naviy jihatdan yetuk farzandlari bilan ham jahonni qoyil qilishi lozim.

Islom KARIMOV

Yosh jurnalist, qalamkash sifatida viloyat miqyosida bo‘lib o‘tadigan ommaviy tadbirlar boshlovchiligi har gal Dinoraga ishonib topshiriladi. Tadbirdan ortgan paytida dadasi, Respublika hunarmandlar uyushmasi a’zosi Sherali aka Umarqulov bilan birgalikda mashhur qorako‘l terisidan buxorocha telpaklar tikishadi. Ark, Minorayi kalon, Labi-Hovuz kabi mumtoz majmualarda tashkil etilgan savdo markazlarida ular tikkan telpaklar xorijlik sayyohlar tomonidan qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Bundan tashqari, u milliy liboslar dizaynini yaratishda o‘z uslubiga ega, yangicha bichimlar bilan dugonalarini xursand qilib kelmoqda. O‘zbekona liboslar bo‘yicha izlanishlar olib borib, yangi yildan boshlab tikuv korxonasini tashkil etish rejalarini tuzib qo‘ygan. Keyingi safar Toshkentga kelganida o‘z qo‘llari bilan yaratgan popukli, buxorocha zardo‘zi do‘ppilaridan olib kelishga va’da berdi.

Dinora kabi iqtidorli yoshlarimiz yorug‘ kelajagimizdan nishona. Ularni kashf qilishda, sahifalarimiz orqali tanishtirishda davom etamiz!

 

Qo‘shsahifa muallifi

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.