Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mashhurlik mayog‘i

Olmazor tumanidagi 326-maktabni nafaqat Toshkent shahri yoki O‘zbekistonda, balki Turkiya, Rossiya kabi xorijiy davlatlarda ham tanishadi. Qanaqasiga, deysizmi?

Ta’lim sohasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, fidoyi o‘qituvchilari hamda bilimdon, chaqqon o‘quvchilarining mehnatlari tufayli, albatta.

O‘quv maskanidagi mavjud 14 ta fan, 4 ta mehnat, 4 ta sport va drama to‘garaklarida bilimlarini oshirib, jismonan va ma’nan ulg‘ayib borayotgan o‘quvchilar shahar, tuman Bilimlar bellashuvida, sport va san’at musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib, maktablari dong‘ini taratib, ustozlari dilini yayratib kelishyapti. Ha, aytmoqchi, chempionlik, g‘oliblikda ustozlar hamisha shogirdlarga o‘rnak. Mana, o‘sha yutuqlardan ayrimlari.

 

Kichkina demang bizni

Gulchehra opa Nabiyeva rahbarlik qilayotgan 3-”V” sinfini a’lochilar, yanayam aniqrog‘i, sportchilar sinfi, deb atashadi. A’lochiliklariga eng birinchi sabab – bolalar juda mehnatkash va kitobsevar. Ular maktab kutubxonasidagi deyarli barcha ertak va she’riy kitoblarni o‘qib bo‘lish arafasida, yangi kitob so‘rab kutubxonachi Saida opa Yo‘ldoshevani shoshirib qo‘yishyapti. Saida opa esa nihoyatda talabchan. Bolalarga o‘qigan kitoblari mazmunini qaytadan hikoya qildiradi, ba’zan kitob voqealari rasmini chizib berishni ham so‘rab qoladi. Lekin bu bolalarning kitobga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirmaydi, aksincha, qiziqtirib qo‘yadi. Shu bois, ular ota-onalar ko‘magida sinf kutubxonasi ham tashkil qilishgan.

Har tomonlama ilg‘or bo‘layotgan 3-”V” sinf o‘quvchilari ikkinchi chorakni ham “4” va “5” baholarga yakunlashyapti.

Maktab dong‘ini dunyoga taratgan Abdulloh Abdusamatov ham shu sinfda o‘qiydi. U sinf rahbarining va futbol to‘garagidagi ustozi Dilshod aka To‘laganovning o‘ng qo‘li. Sinfda sport va harbiy yo‘nalish sardori. Garchi eng sevimli mashg‘uloti sport bo‘lsa-da, barcha fanlardan a’lo bahoga o‘qiydi. O‘qish darsida kitobdagi hikoya, she’r mualliflari hayoti va ijodi haqida qiziqarli ma’lumotlar, suratlarni to‘plab albom tayyorlaydi. O‘rtoqlaridan qo‘lidan kelgan yordamini ayamaydi.

Yuqorida, maktabni Turkiyada ham tanishadi, degandik. Gap shundaki, Abdulloh “Lokomotiv” futbol maktabiga qatnaydi.

U shu yil bahorda jamoasi bilan Turkiyada o‘z tengqurlari orasida o‘tkazilgan kubok musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Oktyabr oyida Sochi shahrida o‘tgan chempionatda ham uning jamoasi muvaffaqiyatli qatnashdi.

Abdulloh futbol murabbiyidan o‘rgangan murakkab taktikalarini jismoniy tarbiya darsida o‘rtoqlariga o‘rgatadi. Abdullohning sinfdosh do‘sti Habibullo Fatxullayev esa kikboksing bo‘yicha shahar chempioni.

Shunday g‘oliblari bor sinfga havas qilmay bo‘ladimi?

 

Barno opaning shogirdlari

Barno opa Mirdadayeva ona tili va adabiyot fanidan dars beradi. U fanini ham, o‘quvchilarini ham juda yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, she’r va g‘azallarni. Opa g‘azallarni shunday chiroyli o‘qiydiki, bolalar uni yodlab olganlarini sezmay ham qolishadi.

U tashkil qilgan drama to‘garagiga 30 dan ortiq adabiyot va san’atsevar bolalar hamda o‘qituvchilar a’zo.

Barno opa darsda o‘tilgan badiiy asarlar haqida bolalarning taassurotlarini yozdiradi. Shu taassurotlar asosida ssenariy yoziladi. Keyin bolalarning layoqatiga qarab rollar bo‘lib beradi. Shu tariqa “Shum bola”, “Oq kema”, “Farhod va Shirin” kabi o‘ndan ortiq asarlar sahnalashtirildi. Rollarini qoyilmaqom qilib ijro etayotgan Muhammadkomil Sa’dullayev, Saidkomil Sa’dullayev, Quvonchbek Ibrohimov, Dilafro‘z Hozirjonovalarni maktabdoshlari “O‘zimizning aktyorlar”, deb atashadi. Maktabdagi barcha tadbirlarda to‘garak a’zolari boshlovchilik qiladi.

Ammo bu hali hammasi emas. Barno opa nafaqat o‘quvchilarning balki o‘qituvchilarning ham rejissori. Nega desangiz, drama to‘garagida turli fan o‘qituvchilari ham shug‘ullanadi. Mehnat o‘qituvchisi Saodat opa Xudoyorova to‘garakning pardozchisi va rassomi. Saodat opa dutorni jaranglatib chaladi, yoqimli ovozda qo‘shiq ham aytadi. Barno opa Saodat opaning ko‘magida “Mumtoz adabiyot oyligi”da Yusuf xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” hamda Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” asarlarini sahnalashtirdi. Sahna dekoratsiyasi muallifi albatta, Saodat opa bo‘ldi. Zilola Nuraliyeva, Surayyo Abdullayeva, Ravshan O‘dayev, Nargiza Nurmatova ishtirok etgan bu sahna asari hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Saodat opa shu oylikning “Asarlar so‘zida ijod qaynar” ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni oldi...

 

Va yana...

Shu kunlarda Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Toshkent shahridagi Olmazor, Yunusobod, Shayxontohur tumanlarida “Men shu aziz Vatan farzandiman” shiori ostida “Yo‘l xaritasi” loyihasi amalga oshirilyapti. Bu loyiha doirasida 5–11-sinflar o‘rtasida ochiq darslar, sport musobaqalari, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar, “Kitobxon o‘quvchi”, “Kitobxon o‘qituvchi” tanlovlari o‘tkazilmoqda.

“Kitobxon o‘qituvchi” tanlovida Barno Mirdadayeva, “Kitobxon o‘quvchi” tanlovida 9-sinf o‘quvchisi Javohir Yo‘ldoshev g‘olib bo‘ldi.

Maktab o‘quvchilari yosh matematiklar tanlovining tuman musobaqasida birinchilikni, rus tili va jahon adabiyoti oyligida uchinchi o‘rinni, futbol jamoasi esa shahar chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.

Bu muvaffaqiyatlar garovi birinchidan, maktab o‘quvchilarining aksariyati harbiy kasb egalarining farzandlari. Demak, ular intizomga qat’iy amal qilishadi. Ikkinchidan, maktab hunarmandchilikka ixtisoslashtirilgan. Yog‘och o‘ymakorligi, tikuvchilik, naqqoshlik hunarlarini qunt bilan o‘rganayotgan bolalarda mehnatsevarlik fazilati shakllangan. Uchinchidan, maktab mahalla bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. “Ziyo” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahriddin aka Toshtemirov maktabga tez-tez kelib turadi. Milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, axloq-odobimiz haqida suhbat o‘tkazadi. Maktab kutubxonasi fondining boyishiga ham oqsoqol astoydil hissa qo‘shadi. Yilda ikki marta o‘tkaziladigan kitob marafonida nafaqat fuqarolar yig‘ini balki mahalladagi tadbirkorlarning ham hissa qo‘shishini ta’minlaydi.

Va albatta, bularning bari maktab direktori Rustam Adhamov boshchiligidagi Nasiba Alolova, Salomat Qalandarova, Feruza Mahkamova, Muqaddas Zokirova, Barno Mirdadayeva, Zilola Nuraliyeva, Yulduz Abdullayeva, Mirzohid Tohirov kabi 80 dan ortiq fidoyi, zahmatkash ustozlarning shogirdlariga ko‘rsatgan mehri va mehnatsevarligi natijasi.

Men ular bilan suhbatni yakunlayotgan chog‘imda xonaga Saodat opa Xudoyorova xushxabar bilan kirib keldilar. Saodat opani Turkiya davlatida texnologiya fani bo‘yicha o‘tkazilayotgan Xalqaro simpoziumga taklif qilishibdi.

Aytdim-ku, fidoyi, bilimdon o‘qituvchilari bor bu maktabni dunyo taniydi, deb...

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.