Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Matonat malikalari

Ular kuchli, matonatli, chaqqon va chayir. Maqsadlari sari kamondan otilgan o‘q kabi shiddat bilan intiladilar. Ular siz o‘ylagan baquvvat, azamat yigitlar emas, bilaklari yuzlab kilogramlik toshlarni bo‘ysundira olgan To‘maris izdoshlari – polvon qizlar. Ehtimol polvon degan sifat qizlarni ta’riflaganda biroz erish tuyular. Biroq, hikoyamiz qahramonlari Xalqaro sport ustasi, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, bir necha karra jahon va xalqaro musobaqalar g‘olibi bo‘lgan og‘ir atletikachi qizlar.

 

Bilagi tog‘ni yiqib...

Nega aynan og‘ir atletika?! Qo‘l to‘pi, voleybol, suzish, badiiy gimnastika kabi sportning jozibali turlari ham bor-ku.

Shuning uchun ham Shahloning oyisi qizining tanlovidan ranjib, mashg‘ulotga bormaysan, deb turib olgan. Hatto bir-ikki marta sport sumkasini berkitib qo‘ygan. Axir oyisi Shahloning pazandalik, chevarlik, orastalik sirlarini puxta egallashini, kelgusida bolalar shifokori bo‘lishini orzu qilardi-da.

Hammasi Shahlo o‘qiydigan maktabda sport murabbiylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan boshlandi. Viloyat bolalar va o‘smirlar sport maktabidan murabbiylar kelib, og‘ir atletika sport turi haqida qiziqarli ma’lumotlar berishdi-yu, Shahloning yuragida havas ildiz otdi. Xullas, dugonasi Muhayyo ham Shahloga ergashdi. Ular ikkisi “Yoshlik” sport majmuasiga qatnay boshlashdi.

Og‘ir atletika o‘z nomi bilan og‘ir sport turi. Unda tananing barcha a’zolarini sport texnikasi boshqaradi. Tanamiz har doim ham yukni ijobiy qabul qilmaydi. Ayniqsa, texnik xatolarga yo‘l qo‘yilganda. Jarohatlar – bo‘lajak sportchining eng og‘riqli nuqtasi. Agar u jiddiy bo‘lsa, sport haqidagi orzular poyoniga yetadi. Ko‘p o‘tmay Muhayyo, men mashg‘ulotga bormayman, deb turib oldi. Ammo Shahlo taslim bo‘lishni istamasdi.

– Tosh ko‘taraversang, bo‘ying o‘smay qoladi, – dedi qo‘shnilaridan biri. – Og‘ir yuk umurtqa churrasini keltirib chiqaradi, – dedi boshqasi. Ammo Shahlo texnik qoidalarga qat’iy amal qilinsa, hech qanday ko‘ngilsizlik yuz bermasligini yaxshi bilardi.

U 2014-yil ilk bor Farg‘onada o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 3-o‘rinni, Samarqanddagi bahslarda esa 1-o‘rinni egallab, O‘zbekiston chempioni bo‘ldi va O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilindi. 2016-yil Litvada bo‘lib o‘tgan Xalqaro turnirda ishtirok etib, dast ko‘tarish bahslarida 72 kilogramm, siltab ko‘tarishda 90 kilogramm natijani qayd etib, musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Har qanday muvaffaqiyatning ortida mashaqqatli mehnat yotadi. Sportda, ayniqsa, vaznni bir me’yorda ushlab turish ko‘p ter to‘kishni talab etadi. Shahlo 58 kilogramm vazn toifasidagi atletlar orasida ancha tanilib qoldi. 2017-yil Nepal poytaxti Katmandu shahridagi yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati uning yutuqlari ro‘yxatiga birdaniga 3 ta bronza medalini qo‘shib qo‘ydi. Va shu yili Xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi. Ammo shu orada yelkasidan jarohat olib, mashg‘ulotlarga qatnasholmadi. Axir u tarixda ilk bor Urganch shahri mezbonlik qiladigan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ustozlari yuzini yorug‘ qilib oltin medal olishni maqsad qilgandi-ku.

31 mamlakat sportchilari ishtirokida o‘tgan nufuzli chempionat eng kuchlilarni saraladi. 16 davlat og‘ir atletikachi qizlari orasidan Shahlo Abdullayeva finalgacha yetib keldi. Ammo dast ko‘tarishda va siltab ko‘tarishda bittadan kumush, ikki kurash bo‘yicha 165 kilogramm toshni zabt etib 3 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi. Natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shahloxon Abdullayeva hozirda Xiva pedagogika kasb-hunar kollejining 3-bosqichida o‘qimoqda.

 

Zalvorli yutuqlar yo‘li

2018-yil aprel oyining so‘nggi kunlari. Urganch shahridagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining ulkan arenasi. Yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslari qizg‘in pallaga kirgan. Sportchilar ancha toliqqan, murabbiylar asabiylashgan. Axir yil bo‘yi to‘kilgan ter, uyqusiz kechalar bir necha soniya ichida g‘olib yoki mag‘lub degan nom bilan baholanadi. Bunday nufuzli musobaqalar oldidan sportchi ham ruhan, ham texnik jihatdan to‘liq tayyor bo‘lishi kerak. Mashg‘ulotlar paytida 100 kilogramm toshni bemalol bo‘ysundirgan bilaklar hayajon yoki kichik texnik xato sabab bir necha kilogramlarni yo‘qotishi mumkin. Bu juda alamli. Zuhra Otajonovada ham xuddi shunday bo‘ldi. Vyetnamlik raqibi bilan bo‘layotgan murosasiz bahslarda qattiq asabiylashdi. 48 kilogramm vazn toifasidagi atletlar musobaqasini dast ko‘tarish bo‘yicha 63, siltab ko‘tarishda esa 85 kilogramm og‘irlikni zabt etib kumush medal bilan kifoyalandi.

Aslida “kumush” ham “oltin”ning ukasi. Qolaversa, 9-sinf o‘quvchisi uchun bu yuqori ko‘rsatkich. Zuhra 12 yoshidan buyon katta musobaqalar maydonida. 2014-yil Farg‘onada o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rinni egalladi. 2015-yilda esa O‘zbekiston kubogi bahslarida 83 kilogramm tosh ko‘tarib musobaqaning eng yuqori pog‘onasini zabt etdi.

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining 1-o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov hamda ayollar terma jamoasi murabbiysi Bahrom Mendiboyevlar uni milliy terma jamoaga qabul qilishdi. Shundan so‘ng Zuhra zalvorli yutuqlar yo‘liga qadam qo‘ydi. Dastlab 2017-yil Tailandda o‘tkazilgan Jahon chempionatida ishtirok etdi. Nepalning Katmandu shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 4-o‘ringa sazovor bo‘lgach shu yili unga Xalqaro toifadagi sport ustasi unvoni berildi. 2018-yil Toshkent shahri mezbonlik qilgan Jahon chempionatini ham omadli yakunladi.

“Qizlarga tosh ko‘tarib, polvon bo‘lish yarashmaydi”, deganlar uyalib qolishdi. Zuhraning shoda-shoda medallarini ko‘rib faxrlanishdi. Ustozi Bahrom Mendiboyev bir oyda ko‘rsatkichni 5 kilogramga oshirishni talab qiladi. Buning uchun sportchi qizlar kuniga 4-5 soat mashq qilishi kerak. Natijada anchagina quvvat sarflanadi. Bu o‘rinda sportchi taomnomasi ham g‘alabaga erishishning bir qismini tashkil qiladi. Oldinda chempionatlar, turnirlar, kubok bahslari... Zuhra Otajonova hozirda Xiva shahridagi 5-maktabning 10-sinfida o‘qiydi.

Sportchi qizlar marrani yuksak olishgan. Maqsadlari – Olimpiada chempioni bo‘lish. Kutamiz. Umid qilamiz, tez orada ular bilan Olimpiada g‘oliblari sifatida yana qayta tanishamiz.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.