Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mening ismim masxaraboz

Masxaraboz kim, bilasizmi? Sizni turli hajviya va latifalar aytib kuldiruvchi qiziqchilardan farqi nimada? Har yili yangi yil kunlari sirkka borishni juda yaxshi ko‘rasiz. Ana shu quvnoq va hayratlarga boy tomoshani masxarabozsiz tasavvur qilish mumkin emas.

Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi Tutli qishlog‘ida bir bolakay bo‘lgan ekan. Shu qadar sho‘x-shodon, quvnoq ekanki, tengqurlari uni “artist” deb atashar ekan. Maktabda ham u “artist” edi. Qaysi bayram yoki sanaga bag‘ishlangan kecha bo‘lmasin, bir sahnaga chiqmasa, ko‘ngli tinchimas edi.

Darvoqe, siz uni sahna va teleekranlarda ko‘p bora ko‘rgansiz. Faqat masxaraboz qiyofasida ko‘rgansiz, shu bois tanimasligingiz mumkin. Sizlarga asl ko‘rinishda tanishtirmoqchi bo‘lgan bolakay Qamariddin Mostov bo‘ladi. Uning uchun eng sevimli ayyom, bu – bahor bayramlari edi. Bir gal u Navro‘z bayramida diliga tugib yurgan mavzuni sahnada jonlantirishda o‘rtoqlaridan qatnashishini so‘raydi. Qarangki, sinfdoshlari unga yordam berib, qo‘llash o‘rniga masxara qilishadi. Qamariddin o‘zini tutib, shartta bir do‘ppini oladi-da, o‘rtaga tashlaydi. O‘rtoqlariga qarata “Kim oladi-yo shuginani-yo, kim oladi-yo shuginani-yo” deya xalq termasidan kuylagancha, bukilib yerdagi do‘ppini tishida olishga urinadi, ammo uddalay olmay yiqilib tushadi. Buni ko‘rib bolalar battar kulishadi. Peshonasida paydo bo‘lgan g‘urraga chertib kalaka qilishadi. Shuni ham eplolmadingmi, deb o‘zlari urinib ko‘radi. Ammo ular ham Qamariddinning ahvoliga tushishadi. Ular o‘yinga berilib, qiziqib ketganlarini bilmay qolishadi. O‘yinga qizlar ham qo‘shiladi. Xuddi shu quvnoq sahna ko‘rinishini sinfdoshlar Qamariddin boshchiligida Navro‘z bayramida hammaga namoyish qilishadi. Barcha ularni olqishlaydi. Maktab direktori Faxriy yorliq bilan taqdirlaydi.

Qamariddin televizorda “Mening ismim Masxaraboz” degan mashhur hind filmini berilib tomosha qilgan, bosh qahramon – taniqli kinoaktyor Raj Kapur ijrosidagi masxaraboz obrazi uning xayolini butkul egallab olgandi. Maktabni bitirgach, san’at sehri uni Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ga boshlab keladi. Bu yerda taniqli ustoz san’atkor Munavvara Abdullayeva boshchiligidagi “Drama va kino aktyorligi san’ati” kursida tahsil oladi. Talabalik davrida u Toshkent davlat sirkiga qatnab, masxarabozlik san’ati sirlarini o‘rgana boshlaydi. O‘qishni tamomlab masxaraboz janridagi sirk artisti bo‘lib ishga kiradi.

Suhbatimiz davomida Qamariddin aka tanlagan kasb nechog‘lik mashaqqatli ekanini his qildik. Chunki ular voqelikka mos xatti-harakat, imo-ishoralar topa bilishi, sirk aktyorlarining barcha janrdagi harakatlarini o‘zlashtirgan bo‘lishi zarur. Masxaraboz tomoshasi puxta o‘ylangan harakatlar asosida yaraladi. Tomoshabin ularning ana shu topilmalaridan zavq oladi. Bu haqda aktyorning o‘zi shunday hikoya qiladi:

– Bolaligimdagi orzuimga erishdim. Shunday katta dargohda ishlash, xalqimizning bir-biridan shirin, beg‘ubor farzandlari uchun xizmat qilishdek sharafli kasb egasi bo‘ldim. Institutda birga o‘qigan do‘stim Elnur Imomnazarov ishda ham men bilan birga. Ikkalamiz “ElMost” guruhini tashkil etganmiz. Bizga nafaqat yurtimiz, balki boshqa davlatlar xalqiga, farzandlariga xizmat qilish ham nasib etdi. Ta’til paytlari qishlog‘imga borganda qadrdonlarim, sinfdoshlarim qiziqish bilan “ishlaring qalay, nima ish qilasan, asl kasbing nima?” deya so‘rashadi. Shunda mashhur qo‘shiqda aytilganidek, “Men kim oddiy bir masxaraboz”, deb qo‘ya qolaman.

2011-yil 18-dekabr hech qachon xotiramdan o‘chmaydigan kun bo‘ldi. Shu kuni bizni Hindistonga olti oylik gastrolga taklif qilishdi. Yangi yil oldi, kun sovuq. Issiq kiyinib aeroportga yo‘l oldik. Havoga ko‘tarilib, manzilga yetganimizda kiyimlarimizga o‘rangancha samolyotdan tushyapmiz. Bizni kutib olishga chiqqanlar hayratda. Ular hammasi yengil yozgi kiyimda, quyosh tepadan qizdirib turibdi. Bu hayratga sabab mezbonlar yurtimiz ob-havosidan bexabar ekan.

Bizni Bangolor shahridagi “Jemini” sirkiga boshlab kelishdi. Sirkning oldida o‘rnatilgan ulkan afishani ko‘rib, ko‘zimga yosh qalqdi, hayajonlandim. Afishada o‘sha – shu kasbni tanlashimga turtki bo‘lgan “Mening ismim Masxaraboz” filmi qahramoni – Raj Kapur, uning yonida bizning suratlarimiz aks etgan edi. Gastrol kunlari davomida Agra shahriga borib buyuk ajdodimiz Bobur Mirzo hamda uning avlodlari qurgan mashhur inshootlarni ziyorat qilish ham nasib etdi.

2015-yil Xitoyda o‘tgan Xalqaro sirk masxarabozlari festivalida qatnashishga muyassar bo‘ldik. Guruhimiz bilan 1-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Albatta, 18 ta davlatdan kelgan ishtirokchilar orasidan birinchi o‘ringa loyiq bo‘lish oson kechmadi.

Shu kunlarda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladigan xuddi shu festivalning navbatdagi bosqichiga tayyorlanyapmiz. Bu festivalda ham faxrli o‘rinlarga erishishni maqsad qilganmiz.

Bolaligimda “Gulxan” jurnalini juda sevib o‘qiganman. Uning ashaddiy muxlisi edim. Hozir ham o‘shanday yaxshi ko‘raman, endi farzandlarim bilan birga o‘qiyapmiz. Jurnalning ijodiy xodimlarini, shu bilan birga uning barcha muxlislarini yangi 2018-yil bilan chin dildan tabriklayman. Doim kulib yurishsin, umrlari uzoq bo‘ladi.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.