Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Metin iroda bilan

Yaqinda “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik-ijodiyot markazida imkoniyati cheklangan maxsus maktab-internatlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning “Mo‘jizalar olami” deb nomlangan ko‘rgazmasi bo‘ldi. O‘quvchilar texnik ijodkorlik yo‘nalishidagi “Boshlang‘ich texnik modellashtirish” mashg‘ulotlarida qog‘ozdan tayyorlangan eng sodda shablonlarni yelimlash orqali modellar yasadilar. Otabek Nabiyevning “avtomobili” diqqatimni tortdi. Muallif Chilonzor tumanidagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab internatining 9-sinfida o‘qir ekan. Uning niyati, kelajakda yurtimizda ishlab chiqariladigan avtomobillar qatorida o‘z mashinasini ko‘rish. Shifokorlar Otabekka salomatligida umurtqa bilan bog‘liq muammolar borligini aytganda ham u bundan tushkunlikka tushgani yo‘q. Maktabda maxsus karavotda yotib dars tayyorlasa-da, barcha to‘garaklarga faol qatnashadi. Taxtadan yasagan qush qafasi uning birinchi ishi bo‘lishiga qaramay, “Mehnat bayrami” tanlovida 1-o‘ringa loyiq deb topildi.

Nasiba va Nargiza Mingnazarovalar esa Chilonzor tumanidagi 66-imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internati o‘quvchilari. Ular ko‘rgazmada ertak qahramonlari obrazini mahorat bilan yasashdi. Opa-singillar maktabdagi rassomlik, to‘quvchilik to‘garaklari qatori sport mashg‘ulotlariga ham muntazam qatnashishadi.

2015-yil Amerika Qo‘shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida imkoniyati cheklangan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Spishel Olimpiks” xalqaro musobaqasida Nasiba Mingnazarova sportning yengil atletika turi bo‘yicha qatnashib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2016-yil Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan “Yozgi sport turi” xalqaro olimpiadasida Ramazon Xo‘jayev, Sanjar Karimjonov, Nasiba va Nargiza Mingnazarovalar stol tennisi musobaqasida 3-o‘ringa ega bo‘ldilar. Murabbiy Ne’mat aka To‘xtayevning aytishicha, bu muvaffaqiyatga ular ulkan ishtiyoq, metin iroda, tinimsiz mehnat, sabr va xohish tufayli sazovor bo‘lishdi.

Tadbirda ishtirok etayotgan o‘quvchilarning mashg‘ulotlar jarayonida, savol-javob shartlaridagi topqirliklarini ko‘rib, ularning intiluvchan, bilimli, ziyrak va qobiliyatli o‘quvchilar ekanligiga amin bo‘ldim.

Yurtimizda iste’dodli yoshlar ko‘p. Tengdoshlari qatori barcha qulayliklarga ega maktablarda ta’lim olayotgan bu bolalarning ulkan orzular, marralar sari ildam odimlayotgani barchamizni birdek quvontirdi.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.