Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mohir qo‘llar mo‘jizasi

Har safar erishgan yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan o‘quvchilarni uchratganimda, keng imkoniyatlar davrida yashayotgan yoshlarga havasim keladi.

Tengdoshlaringiz Jonibek Shokirov va Zarnigor Yusufjonovalar maktabdagi darslar, to‘garaklar va qo‘shimcha mashg‘ulotlardan ortib, hunarmandchilik bilan shug‘ullanishga ham vaqt topishadi. Ular yaqinda o‘tkazilgan “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti festivalining “Kulolchilik va mayda plastika” hamda “Do‘ppido‘zlik” yo‘nalishlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lishdi.

 

Bo‘lajak kulol

Jonibek betobligi sababli tengdoshlari qatori bog‘chaga borolmadi. Uyda zerikib qolmasligi uchun onasi Nasiba opa unga rasm daftari, rangli qalam hamda plastilin keltirib berdi. Endigina uch yoshga to‘lgan Jonibek dastlab ertak kitoblaridagi qahramonlarni chizib, bo‘yashni o‘rgandi. Qo‘llari chaqqon harakat qilib, ko‘rgan narsasini bir zumda yasayotgan Jonibekni kuzatgan Nasiba opa unga yanada ko‘proq rasmli ertak kitoblar olib berdi. Maktabga bora boshlaganda ham eng yaxshi ko‘rgan fani mehnat darsi edi. Onasi uning tasvir va holatlarni o‘xshatishi, ranglarni to‘g‘ri tanlay bilishini ko‘rib, mehnat o‘qituvchisi Mansur aka Norovdan alohida shug‘ullanishini iltimos qildi. Plastilinda ishlab yurgan Jonibek ustozidan tuproq tanlash, loy tayyorlash, haykalchalar pishiq chiqishi uchun, olovning issiqlik darajasini puxta o‘rganishga sidqidildan kirishdi. Bir qarashda bularning barini oson deb o‘ylagan Jonibek, ish jarayonida har bir bosqich me’yoriga yetgachgina yakunlanmasa, yasaganlari ko‘ngildagidek chiqmasligini tushundi. Ustozining o‘gitlariga quloq tutib, xatti-harakatini sinchkovlik bilan kuzatib, undan o‘rinli foydalangan yosh hunarmand tuman, viloyat hamda respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok eta boshladi.

2015-yil “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining tuman bosqichida, “Yosh hunarmand” viloyat ko‘rik-tanlovining “Mayda plastika” yo‘nalishida, 2016-yil “Barkamol avlod” bolalar markazlariaro o‘tkazilgan “Yosh hunarmand” respublika ko‘rik-tanlovlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

– Qo‘llarim harakatlanib hushtakmi, miniatyura qahramoninimi yasasam, barmoqlarim dam oladi. Shu kungacha choyxonada o‘tirgan chollar tasviri, tarixiy minoralar, ertak qahramonlari va turli jonivorlar haykallarini yasaganman. Ularning holatini to‘g‘ri tasvirlashim uchun kitoblar o‘qiyman. Ko‘proq milliy buyumlar yasashni yoqtiraman. Kelajakda hunarmandchilikning o‘ziga xos qirralarini puxta o‘rganib, o‘zimning ustaxonamni ochmoqchiman, – deydi Samarqand tumanidagi 39-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Jonibek Shokirov.

 

Ipaklari tillodan

Zarnigorning onasi Zamira aya tikkan do‘ppilar Chust bozorida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Ranglarning tabiiyligi bilan mijozlar didiga yoqadigan do‘ppilarni qo‘liga olgan Zarnigor o‘zi ham onasidek mohir, qo‘li gul hunarmand bo‘lishni orzu qilardi. U ilk bor kalavada matoga naqsh solganda 9 yoshda edi.

– Do‘ppi tikishda ishlatiladigan ipakni bo‘yashda sun’iy ranglardan umuman foydalanmaymiz. Oyim, “tikkan do‘ppilaring chiroyli chiqishini istasang, tabiiy ranglardan foydalan”, deydi. Bodom, yong‘oq, anor va piyoz po‘choqlarini qaynatib, tabiiy bo‘yoqlar olamiz. Shu kungacha “Tog‘ do‘ppi”, “Nihol”, “Namangan”, “Andijon” do‘ppilarini tikib, ko‘plab ko‘rgazmalarda ishtirok etdim. Uch yildan beri tumanimizdagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markaziga qatnab, ustozim Muhayyo opa Sultonovadan qadimiy do‘ppilarni tikishni o‘rganayapman. Chiroyli naqsh va gullarni ko‘rsam, darrov tikayotgan do‘ppimda ularni aks ettirishga harakat qilaman. Kelajakda hunarmandchilikning boshqa turlarini ham o‘rganib jahon ko‘rgazmalarida ishtirok etmoqchiman, – deydi Namangan viloyati Chust tumanidagi 3-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Zarnigor Yusufjonova.

Ezgu orzular yo‘lida izlanayotgan Jonibek va Zarnigor yillar o‘tib o‘z ko‘rgazmalarini jahonga namoyish etishlariga ishonamiz.

Buning uchun barmoqlar sehrli bo‘lishi shartmas. Mehnatsevarlik va bilim bilan har qanday marrani zabt etsa bo‘ladi.

Zero, inson oddiy qo‘llari bilan mo‘jizalar yaratishga qodir.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.