Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mukofot muborak, qizlar

“... Bu mukofotning eng katta ahamiyati shundaki, unga sazovor bo‘lgan har bir qizimizga yuzlab, minglab yoshlar havas qilib, ularga ergashadi. Yoshlar uchun ibrat timsoli – yetakchilik, liderlik timsoli paydo bo‘ladi. Eng muhimi, bunday ibrat o‘z qizlarimiz orasidan, o‘zimizning ma’naviy muhitdan yetishib chiqmoqda. Ularni ko‘rib, yoshlarimizda o‘ziga, o‘z kuchi va salohiyatiga ishonch, kelajakka intilish paydo bo‘lmoqda”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat MIRZIYOEVning xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqidan

 

El suygan ijodkorimiz o‘z asarlaridan birida ayolni bahorga o‘xshata turib shunday deydi: “Bahor va ayol tushunchalari egizak. Mening nazarimda, Olloh ayolni ayni ko‘klam faslida yaratgan”. Hech mubolag‘asiz aytilgan bu o‘xshatma haqiqatdan suv ichganligiga biz ishonamiz. Chunki ayoli shodumon yurtning mudom quyoshi charaqlab turadi. Onasi baxtiyor bolalarning esa ertasi porloq, kelajagi yorqindir.

Har gal Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan qizlarning yuzidagi xursandchilikni ko‘rganimizda, bahor kelganligini, atrof kundan-kun chiroy ochib borayotganligini yanada chuqur his qilamiz. Dimog‘imizga ajib iforlar urilib, quloqlarimiz mayin kuylarga ergasha boshlaydi. Demak... yangi hayot boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanalar davomida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalariga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirildi. Mukofotga sazovor bo‘luvchi qizlar uchun keyingi ikki yil juda omadli keldi, desak yanglishmaymiz. Sababi, Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, 2018-yildan boshlab bu yuksak maqomga har bir viloyatdan ikki nafardan ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga ega, iqtidorli qizlar ega bo‘lishdi. Shuningdek, Farmonga muvofiq, mukofot nomzodlari yoshi ham 22 dan 30 yoshgacha oshirildi. Yosh chegarasining uzaytirilganligi fan-ta’lim sohasida ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanayotgan olima qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berganligi, shubhasiz.

– Bunday yuksak mukofotga erishganimdan g‘oyat baxtiyorman, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining 2019-yilgi sohibasi, R. Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining 9-sinf o‘quvchisi Dilnoza Asadova. – Zulfiyaxonimdek zabardast, Vataniga, xalqiga, o‘z vijdoni, hayotiy qarashlariga sodiq bo‘lgan shoira nomi yuritiluvchi mukofot bilan taqdirlanish bizni o‘qishda, ijodda, jamoatchilik ishlarida yanada mas’uliyatli hamda bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo‘lishga chorlaydi.

Mukofot Nizomiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan bo‘lgan jami 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar. Sovrindorlarning har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berildi.

 

Gulxanjon

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.