Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Nafis sanʼat zahmati

– Buvim qoʻli gul kashtachi edilar. Birinchi bor qoʻlimga igna olib, qiyqim matolardan qoʻgʻirchogʻimga koʻylakcha tikkanman. Bu ishimni kuzatib turgan buvim: – buni oʻzing tikdingmi? Buncha chiroyli boʻlmasa, oʻzim oʻrgilay chevar nabiramdan, – deya peshonamdan oʻpib qoʻygan. Buvim zargarlikdan ham yaxshigina xabardor edilar. Bir kuni qarasam mayda, rangdor toshchalardan bilakuzukka koʻzchalar qadayaptilar. Avvaliga menga bu ish juda mayda tuyuldi. Biroq bilakuzuk bitgandan soʻng fikrim oʻzgardi. Bezaklari tushib qolgan koʻrimsizgina temir chiroyli, koʻzni qamashtiradigan, jimjimador bilakuzukka aylanibdi. Shunda men tikuvchi emas, zargar boʻlaman deb yuragimga tugib qoʻydim...

Bugungi kunda oʻzi yasagan nafis taqinchoqlari bilan Respublikamizga yaxshigina tanilib qolgan yosh zargar Ruhshonabonu Shavkatova Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 9-maktabning 10-sinfida oʻqiydi. Qizaloqligida buvisidan zargarlikning sir-asrorlarini, biser toʻqish, doʻppi tikish, munchoqqa ip tizishni oʻrganib yurgan qizaloq keyinchalik zargarlikka mehr qoʻydi.

Ruhshonabonu maktabda tashkil etilgan “Mohir qoʻllar” toʻgaragining sardori sifatida 15 ga yaqin oʻquvchi-qizga zargarlik, toʻquvchilik, sunʼiy gul yasash, biser toʻqish, zardoʻzlikni oʻrgatish bilan birga, oʻzi ham ustozlardan malakasini oshirishda davom etyapti. Zargar qiz amaliy sanʼat ishlari bilan bir necha Respublika, xalqaro va viloyat koʻrik-tanlovlarida muvaffaqiyatli qatnashdi.

2019-yil “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli” va “Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” III Respublika tanlovlarining viloyat bosqichida ikkinchi oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Qoʻqonda oʻtkazilgan “Xalqaro hunarmandchilik festivali”da Ruhshonabonu oʻzi yasagan milliy uslubdagi zargarlik buyumlarni namoyish qilib, “Eng yosh zargar qiz” nominatsiyasida gʻolib boʻldi.

Ruhshonabonu boʻsh vaqtlarida sportning shahmat, adabiyotning sheʼriyat yoʻnalishida ijod qiladi. 2019-yil Rossiyada oʻtkazilgan shahmat boʻyicha ochiq olimpiadada maxsus sertifikat sohibasi boʻldi. Sheʼrlari esa muntazam tuman, viloyat, respublika matbuotida eʼlon qilindi. Uning “Vatan” va “Zulfiya izdoshlari” sheʼrlari Hindistonda nashr etilgan “Golden Bridge” xalqaro toʻplamidan oʻrin olgan.

Yosh boʻlishiga qaramay, salmoqli yutuqlarga erishgan iqtidor sohibasi kelajakda zargarlik sanʼati boʻyicha ijod maktabini tashkil etib, munosib shogirdlar yetkazishni maqsad qilgan. Biz uning orzulari roʻyobga chiqib, tengdoshlariga munosib oʻrnak boʻlishiga ishonamiz.

 

Islom ASILBEKOV

2016–2020 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.