Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Namanganning polvoni

Adhamjon bolaligidan bir so‘zli va dovyurak bo‘lib o‘sdi. Aytganidan qaytmas, oldiga qo‘ygan maqsadi uchun jon-jahdi bilan harakat qiladigan o‘g‘lidagi bu ishtiyoqni ota-onasi o‘z vaqtida payqab, uni sportga oshno qildi. Aniqrog‘i, bo‘lajak polvonni og‘ir atlet qilish maqsadida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi sport maktabiga berdi. Bu yerda unga o‘z kasbining fidoyilari Boris Semyonovich, Sunnat Muzaffarov va Jo‘rabek Zoirovlar ustozlik qila boshladi. Shogirdiga bo‘lajak chempiondek munosabatda bo‘ldi.

Qahramonimiz bunday mehribonlik va qat’iy intizom natijasida mashg‘ulotlarga tinimsiz qatnashdi. Maktabdosh o‘rtoqlari orasida tezda ko‘zga tashlanib, “polvon” degan nomga ega bo‘ldi. Tosh ko‘tarish bo‘yicha o‘zaro bellashuvlarda doimo g‘oliblikka erishib borgan o‘smir bora-bora ustozlari nazariga tushdi. Murabbiylarining qattiq nazoratida musobaqalarga erta tayyor bo‘ldi.

Avvaliga kichik turnirlarda qatnashib yurgan Adhamjon dastlabki katta bellashuvni 2014-yili Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida o‘tkazdi. Yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga uringan qahramonimiz musobaqaning 56 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida munosib ishtirok etdi. Musobaqa davomida dast ko‘tarishda 110, siltab ko‘tarishda 133, ikkikurash natijalariga ko‘ra 243 kilogrammlik toshni hech bir qiyinchiliksiz ko‘targan Adhamjon turnirning bronza medali bilan taqdirlandi. Yosh sportchining ilk qadami uchun, albatta, bu quvonchli edi.

O‘sha yilning so‘nggi oylari ham Adhamjon uchun omadli keldi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha I Afro-Osiyo chempionati va Osiyo kubogida u yana bir muvaffaqiyatini nishonladi. O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Og‘ir atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqada Afrika va Osiyo qit’alaridan kelgan 300 nafarga yaqin sportchilar o‘zaro kuch sinashishdi. Adhamjon yakuniy hisob bo‘yicha o‘z vazn toifasida bir yo‘la ikki – kumush va bronza medallari bilan taqdirlandi.

Qator musobaqalarda toblanib borayotgan iqtidorli shogirdini ustozlari 2016-yilda yanada katta va mas’uliyatli musobaqaga olib chiqishdi. Malayziyaning Penang shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan bu turnir unda qatnashayotgan yuzlab jahon tan olgan sportchilari bilan yanada murosasiz kechishi kutilgandi. Shu sababli Adhamjon bellashuvlarga munosib tayyorgarlik ko‘rdi.

Vazni 62 kilogrammgacha bo‘lgan bahodirlar bahsida qatnashgan qahramonimiz toshni dast ko‘tarishda 125 kilogrammlik natija ko‘rsatib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Siltab ko‘tarish bahslarida esa 155 kilogrammlik ko‘rsatkich bilan kumush medalga loyiq ko‘rildi. Yakuniy natija esa barcha ishtirokchilarnikidan yuqori – 280 kilogramm. Adhamjon yana bir xalqaro musobaqada yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tardi. Albatta, bu yutuqqa shunchaki erishib bo‘lmaydi. Uning ortida katta mehnat va mustahkam ishonch turganligi shubhasiz.

– Men doimo o‘z oldimga katta maqsadlarni qo‘yib kelganman. Nazarimda, sportchi uchun bundan boshqa yo‘l ham yo‘q, – deydi Adhamjon Ergashev. – Har qanday sportchi yurt sharafini himoya qilishdek sharafli vazifani yelkasiga oldimi, demak, u tinimsiz mehnat qilishi kerak. Ortimda millionlab xalqimiz ko‘z tikib turganda boshqa narsalar haqida o‘ylab bo‘lmaydi. Faqatgina g‘alaba qozonish kerak.

Endigina o‘n yetti yoshni qarshilayotgan Adhamjon bugun nafaqat o‘zi tug‘ilib o‘sgan Namanganning, balki butun yurtimizning chinakam faxri. Ishonamizki, uning ko‘plab yutuqlari hali oldinda

 

F. ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.