Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Navbahorlik chempion

– Esimdan chiqmaydi. Bir kuni maktabdan kelsam, xonamda karatechilar kiyimi turibdi. Sevinib ketdim. Otamdan minnatdor boʻldim. Ularni karate bilan shugʻullanishga qanday koʻndiraman, deb oʻylab yurardim. Bu esa roziliklarining belgisi edi. Ertasigayoq maktabda ochilgan karate toʻgaragiga bordim,-deydi Navoiy viloyati, Navbahor tumanidagi 9-maktabning 10-sinf oʻquvchisi, Osiyo chempioni Sanjarbek Iskandarov.

– Sanjarbek mashgʻulotlarimizga kelgan kunidanoq oʻzining chaqqon, tirishqoq, sabrli jihatlari bilan tengdoshlaridan ajralib turgan. Berilgan mashqlarni toʻgʻri bajarishga harakat qiladi, oʻz ustida tinimsiz ishlaydi, soatlab sport zalidan chiqmay shugʻullanadi, – deydi ustozi Temur Neʼmatov.

2015-yil sportning “Oyama Kiokushinkay-kan Karate” turi boʻyicha oʻtkazilgan tuman musobaqasida I oʻrinni egallashi uni keyingi gʻalabalariga pillapoya boʻldi. Xuddi shu tur boʻyicha viloyat bosqichida II oʻrin, “Ashixara karate” viloyat birinchiligida I oʻrin, respublika birinchiligida II oʻrinlarni egallagan. Respublika turnirida, respublika kubogida, “Eurasian Open Championship Uzbekistan” chepmionatida ham gʻolib boʻlgan.

U bugungi kungacha karate boʻyicha 3 karra O°zbekiston, 1 karra Yevroosiyo chempioni boʻldi. Yaqinda Qozogʻistonning Nur-Sulton shahrida oʻtkazilgan “ASIA OPEN – 2019” Osiyo chempionatida III oʻrinni egalladi.

– Sanjarbek kelajakda harbiy boʻlmoqchi. Tarix, huquq, adabiyot, ingliz tili va jismoniy tarbiya fanlariga qiziqishi katta. Fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvlarida ham qatnashib keladi. Odatda, sport bilan shugʻullanuvchi baʼzi yoshlar darslarga kam vaqt ajratib, fanlarni pastroq oʻzlashtiradi, Sanjarbek unday emas. Sport mashgʻuloti va darslarini teng olib boradi. Boʻsh vaqti boʻldi deguncha yo maktab kutubxonasiga, yo sport zaliga chopadi. Undan umidimiz katta. Sportda erishayotgan yutuqlarini koʻrgan tengdoshlari ham unga havas qilib, karate mashgʻulotlariga qatnashmoqda. Sanjarbek bizning faxrimiz, – deydi sinf rahbari Xushandom opa Azimova.

Biz Sanjarbekning sportdagi gʻalabalari soni bundan keyin ham ortib boraverishiga ishonamiz. Kelgusida jahon chempioni degan sharafli nomga erishishini tilab qolamiz.

 

Islom ASILBEKOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.