Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Obod yurtda ungan nihollar

Bugun mustaqil diyorimizga jahon ahli havas bilan ko‘z tikkan. Prezidentimiz doim xalqimiz, yoshlar manfaatini o‘ylab cheksiz imkoniyatlar yaratmoqda. Bu islohotlar Sirdaryo viloyatida ham jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Ayni paytda bu yerda 297 ta maktab – 7 tasi maxsus maktab va maktab-internat, 12 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi va bitta Bolalar shaharchasi o‘quvchilarga oshiyon hisoblanadi.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan azim Sirdaryoga yo‘l oldim. Guliston markazining bir yonida “Yoshlar xiyoboni”, yana bir yonida “Bilimdonlar” maskani ko‘rkam qad rostlabdi. Bayram arafasida “Aziz va yagonasan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida “Qovun sayli” tashkil etilgan ekan. Sayr qilib yurib, nogoh iste’dodli, yosh havasmand ijodkorlarni ko‘rib qoldim.

Bir o‘spirin rassomlik dastgohi oldida turib olib, mo‘yqalamda ajoyib tabiat manzarasini tasvirlardi. Yigitchaning ismi Dostonbek ekan. U bolaligidan tasviriy san’atga mehr qo‘yibdi. Akalari dars tayyorlasa yoniga o‘tirib, ular chizgan har xil rasmlarni kuzatib, o‘zi ham bir nimalarni tasvirlabdi. Bir kuni akalari tumanda yangi ishga tushgan 6-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi haqida so‘zlab qolishadi. U yerda san’atning har xil turlari qatorida rassomlik ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan ekan. Buni eshitgan Doston ota-onasini holi-joniga qo‘ymay, o‘sha maktabga olib borishlarini so‘radi. O‘shanda Doston o‘n yoshda edi.

San’at maktabida Doston tasviriy san’at o‘qituvchisi Nargiza Do‘sanovadan saboq ola boshladi. Dastavval ko‘chirma san’atini puxta o‘zlashtirdi. Tumanlararo, so‘ng viloyatda o‘tkazilgan tanlovlarda ishtirok etdi. Birma-bir faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgan bo‘lsa ham maqsadlari ulkan yosh rassomning ko‘ngli to‘lmasdi. Biroq hayot faqat yutuqlardan iborat emas. 2016-yil “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalida Doston o‘rin ololmadi. Birgina mag‘lubiyat Dostonning kayfiyatini tushirib yubordi. U bir oycha qo‘liga qalam olmadi. O‘qishga ham bormadi. Onasi va ustozlarining mehrli daldalaridan so‘nggina Doston u yerga qaytishni niyat qildi. Bu gal Dostonni rassom Bobur Tursunboyev qarshi oldi. Ustoz shogirdiga tinmay xayolan, tasavvur bilan ishlashni o‘rgatdi. Yosh musavvir mahorat darslari orqali poytaxtlik mashhur rassomlardan ham saboq oldi. Bu orada yigitchadagi noyob iste’dodni payqagan Badiiy ijodkorlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi, taniqli musavvir Anorqul Boybekov uni shogirdlikka tanladi. Ustozlar ko‘magi, izlanishlar, sa’y-harakatlar tufayli Dostonga omad kula boshladi. Manzarali tasviri shu yilning aprel oyida o‘tkazilgan Respublika san’at haftaligi festivalida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining oltin medaliga loyiq topildi.

Oltin medal sohibi Doston Eshqulov bu yil Mirzaobod tumanidagi 1-maktabni tamomlab, Respublika rassomlik kollejiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindi. Maydonni kuzatarkanman, undan sal narida o‘zi yasagan naqshinkor quti-yu laganlari bilan tomoshabinlarni hayratlantirgan yosh hunarmand Suhrob Ahatovni ko‘rdim. Suhrob shu tumandagi 22-maktabda tahsil olarkan. U ham qo‘shimcha tarzda 6-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida o‘qir ekan. 2015-yil respublikaning “Yosh hunarmand” ko‘rik-tanlovida muvaffaqiyatli qatnashgan Suhrobjon “Kamalak yuzlduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining respublika bosqichida 1-o‘rinni egallabdi. Suhrob bilan suhbatimizni sahnadan yangragan jarangdor ovoz bo‘ldi. Qo‘shiqni maroq bilan tinglagach, shu tomonga bordim. Yosh xonanda san’at maktabining “Estrada xonandaligi” yo‘nalishi o‘quvchisi, respublika tanlovlari sohibi Shohjahon Abdug‘aniyev ekan.

Suhrob va Shohjahon shu yilning so‘ngida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan “Issiqko‘l yoshlarni chorlaydi” nomli xalqaro san’at festivaliga yo‘llanma olib, tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Bu yoshlarni ko‘rgach, beixtiyor faxr tuyg‘usini his qilasan, kishi. Demak, shunday obod yurtda ko‘ngillar ham obod. Obod va farovon yurt nihollari esa ko‘kka dadil bo‘y cho‘zadi.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.