Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olimpiada qahramonlari

G‘alaba totli, zafar quvonchli. Ammo bu shodumonlik tojini yurt nomini himoya qilishdek yuksak sharaf bezab tursa, kuchingga kuch, g‘ayratingga yana g‘ayrat qo‘shiladi. Bilganing mingni, qadaming marrani ko‘zlaydi. Bizni xushnud qilgani, bu xursandchiliklar boshida siz kabi yoshlar, bobolariga munosib avlod vakillari turganidir.

Xabaringiz bor, shu yilning 24-noyabridan 3-dekabriga qadar Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilishi kutilgan 16 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham ishtirok etishi kutilayotgan edi. Teleekran orqali ularni butun xalqimiz katta umid bilan kuzatishganini ham hayajon bilan ko‘rdingiz. Bahslarning shiddatli onlari, yurtimiz vakillarining qat’iy ishonch bilan dona surishlari va eng muhimi, dunyo tan olgan grossmeysterlar bilan tengma-teng kurashishi...hayajonlar, quvonchlar. Biroz xavotir... Muhimi, ishonch!

Bahslarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan xalqaro toifadagi grossmeyster Nodirbek Abdusattorov, xalqaro toifadagi sport ustalari Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, umidli shaxmatchimiz Sitora Saparovalar har bir bellashuvga katta ishtiyoq bilan yondoshishdi. Terma jamoa rahbari va murabbiyi, xalqaro grossmeyster Saidali Yo‘ldoshevning bergan ko‘rsatmalari ularga dalda bo‘ldi.

Natija, deysizmi? Kutganimizdan ham a’lo. Shaxmat olamida o‘ziga yarasha nufuzga ega mamlakatlar – Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Ukraina, Vengriya, Polsha, Moldova vakillari ketma-ket mag‘lub etildi. Bellashuvlar so‘nggida Nodirbek Abdusattorov 5,5 ochko jamg‘arib, 4-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Nodirbek Yoqubboyev 9 imkoniyatdan 8 ochko jamg‘arib, o‘z taxtasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shamsiddin Vohidov ham 8 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg‘arib yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi. Qolgan ishtirokchilarimizning ham yutuqlari quvonarli. Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 9 turdan 8 g‘alabaga erishib, 16 ochko bilan o‘z tarixida ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlarni Hindiston va Xitoy vakillari egallashdi.

Endi natijalarni cho‘tga solib ko‘raylik. Dunyoning 39 mamlakatidan ishtirok etgan 222 nafar o‘smir orasida o‘zbek yoshlarining o‘z so‘ziga egaligi nimani anglatadi? 46 jamoaning yetakchisi bo‘la olishdek sharafning salmog‘i qancha? Yurtining, xalqining g‘ururi, iftixori. Bu tuyg‘uni his qilgan oningiz sizning ham yuragingizda shu Vatan uchun nimagadir ega bo‘lish istagi tug‘ilgan bo‘lsa, Siz – O‘zbekiston kelajagisiz. Ertangi yutuqqa erishish uchun harakatni bugun boshlash kerakligini esa o‘zingiz yaxshi bilasiz.

Katta g‘alabalar bilan yurtimizga qaytgan g‘oliblarimizni Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilgan yuksak e’tibor yanada shodlantirdi. Ya’ni, shaxmat Olimpiadasi qahramonlari – Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidovlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi – “Spark” avtomobillari topshirildi.

Yashang, shovvozlar! G‘alaba muborak, Prezident sovg‘asi muborak!

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.