Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oltin meros izidan

Xalqimizda hunar bilan bog‘liq yuzlab maqollar bor: Hunarli – elda aziz, hunardan rizqing unar, bir yigitga qirq hunar oz...

Yog‘ochga jon bag‘ishlab, temir bilan tillashib bobolardan meros bo‘lib kelayotgan milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirayotgan yoshlarni ko‘rib “otangga balli”, deysan kishi.

Chor atrofimizni turfa axborotlar, virtual xatarlar, intellektual texnologiyalar qamrab olgan bir davrda qo‘liga bosqon, bolg‘a olib cho‘g‘da qizigan temirni yassilayotgan, randa bilan yog‘och yo‘nib beshik yasayotgan, taxmonbop sandiqqa gul ishlab, ko‘ngli yorishayotgan yosh hunarmandlar mahorati bu galgi maqolamga mavzu bo‘ldi. Bugun so‘lim Andijonning Shahrixon shahrida kamolga yetayotgan ustazoda pichoqchi Arobiddin, sandiqsoz Yahyobek, beshikchi Umarbeklar haqida sizlarga hikoya qilib bermoqchiman.


 
 

Olovda toblangan iroda

 

G‘arq pishgan o‘rik shoxlari egilib, soya solib turgan chog‘roqqina hovlining so‘l biqinida pichoqchi ustaning devorlari pastakkina, xira lampa yonib turgan eski do‘koni. Olovda toblangan po‘latni sandonga qo‘yib goh bosqon, goh damgir bolg‘a bilan urib tig‘ keltirmoqda. Pichoqning dami keskir, pishiq bo‘lishi uchun oralatib suvga tiqib olishmoqda. Tig‘ sug‘orib bo‘lingach, uni g‘iraga qistirib katta chorsi egovda ortiqcha joylarini olib tashlashdi. Yupqa qilib charxlab, yirik va mayin pardoz berdilar. Shundan so‘ng tig‘ga dasta o‘rnatildi...

Arobiddin pichoqchilarning to‘qqizinchi avlodi. Uning o‘yinqaroq bolaligi ham, maktabdan qaytgach mashg‘ul bo‘ladigan yumushlari ham mana shu ustaxona bilan uyg‘un. Hunar egallashning ilk davrlarida ko‘p qiziq voqealar bo‘lgan. Goh qizigan temirda qo‘llarini kuydirib olsa, goh tig‘ni dastaga teskari ulab qo‘yib, kulgi bo‘ldi. Yozning qaynoq kunlarida dim va issiq do‘konda ta’tilni o‘tkazishning o‘zi bo‘lmaydi. Tag‘in do‘stlaring “ketdik, anhorga cho‘milishga boramiz”, deb har kuni eshik qoqib turishganida. To‘g‘ri, u ham tengqurlari qatori xiyobonlarga, sayohatlarga borib turadi. Ammo koptok tepishga, velosiped uchishga vaqti yo‘q-da. Qishin-yozin ustaxonada ish qaynaydi. Dadasi Nosirxon amakining yasagan pichoqlari Farg‘ona vodiysidan tortib Buxorogacha mashhur. Shuning uchun ham Arobiddin maktabdan bo‘sh paytlari tig‘ga zarb urish bilan mashg‘ul. Bir urganda ellikka yaqin zarb beradi. Ba’zida amakisining o‘g‘illari Mansurxon bilan Alixo‘ja ularnikiga mehmon bo‘lib kelishadi. Shunda ular kim birinchi va chiroyli ish yasash bo‘yicha bahs boylashadi. Bir gal Alixo‘ja g‘irromlik qilib, dastaga teriladigan sadaflar o‘rnini almashtirib qo‘ygan. Darvoqe, pichoq yasashning so‘nggi bosqichida pichoqdo‘z dastaga bezak beradi. Pichoqning sifatiga qarab rangli yelim mahsulotlaridan boshlab, piston, sadafgacha terib chiqiladi.

O‘z bilganlarini avlodi davomchisi, sevimli shogirdiga qunt bilan o‘rgatishdan zavq olayotgan Nosirxon aka usta-shogird an’analarini davom ettirib, milliy merosimizning ravnaqiga hissa qo‘shmoqda. Arobiddin No‘monov Shahrixon tumanidagi 65-maktabning 11-sinf o‘quvchisi.

 

Umidlar belangan beshik

 

Hunarmandchiligimizning nodir turlaridan bo‘lgan beshikchilik tarixi o‘rta asrlarga borib taqalarkan. Beshikda go‘dak ilk bor vatan tuyg‘usini tuyib, sog‘lom, bexavotir ulg‘ayadi. Uning xosiyatini his qilgan usta ixlos va qunt bilan pishiq yog‘och tanlaydi. Buning uchun yong‘oq, tut, tol daraxtlari ayni muddao. Yog‘och to‘rt oy davomida quyosh tig‘ida obdon quritilib, so‘ng beshik yasashga kirishiladi. Har bir beshikchi ustaning o‘z “dastxati” bo‘lib, tanlagan uslubi orqali mahorati ko‘rsatiladi. Usta Qobiljon akaning barmoqlari izini ham andijonlik beshikchilar darhol tanib olishadi. Umarbek amakisi Qobiljon akaga shogird tushganida endigina to‘qqiz yoshda edi. Shovqin-suronli, g‘ala-g‘ovur bozor oralab borarkansiz, san’at asari darajasida yaratilgan beshiklar rastasiga ko‘zingiz tushadi. Huv anavi, rangdor hoshiyali, tulporday qaddini kerib turgan beshikni Umarbek yasagan. U endi o‘zi mustaqil yog‘och tanlashni, silliqlashni, qaynoq suvda ivitib bukishni, issiqxonada quritib, so‘ng lak bilan bezaklar berishni o‘rganib oldi. Bitta beshikni yasab, savdo rastasiga eltguncha 3 kun vaqt ketadi. Bolaligidan yangiliklar yaratib, atrofdagilarni lol qoldirishga o‘ch qahramonimiz endi o‘zi tebranib, alla aytadigan beshik ixtiro qilishga kirishdi. Imomali bobo bilan birga bosh qotirib, “aqlli beshik”ni yaratishdi ham. Umarbek Imomaliyev yaqindagina o‘tkazilgan “Eng iqtidorli hunarmand” tanlovining respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. “Aqlli beshik” bemalol bir yarim, ikki soat tebranish quvvatiga ega. Uni istalgan paytda o‘chirib qo‘yish mumkin.

Umarbek yaratgan beshiklar qalin g‘uppali, mustahkam qotirilgani uchun ham qancha ishlatmang, g‘ichirlamaydi. Yosh beshikchi usta bu yil Shahrixon tumanidagi 62-maktabning 7-sinfiga o‘tdi. U bilan navbatdagi tanlovlarda yana ko‘rishamiz.

 

Sandiqsoz barmoqlar siri

 

Shahrixonlik mashhur sandiqsozlar sulolasining kenja vakili Yahyobekni mahalladoshlari kichik usta, deb atashadi. Xalq amaliy san’atining yuksak namunasi hisoblangan sandiqlar qadimdan to‘y-hashamlar uchun yig‘iladigan sarpolar, uy anjomlari, zeb-ziynat buyumlari saqlanadigan jihoz sifatida qadrlab kelingan. Noyob kitoblar, qo‘lyozmalar, hatto hujjatlar sandiqda asralgan.

Yog‘ochdan, temirdan yasalgan usti qopqoqli, zulfinli, ushlab ko‘tarish uchun ikki yoniga halqa o‘rnatilgan, yuzasiga tunuka qoplab, bezak beriladigan sandiqlar yaqin o‘tmishda qoldi. Ularning o‘rnini zamonaviy uy-jihozlariga monand yangicha sandiqlar egalladi. Biroq, bugun ham yasalishi birmuncha oson, naqshlari kompyuter grafikasi asosida chiziladigan, laklangan qubbali yangi avlod sandiqlarining azaliy vazifasi, qadriyati o‘zgargani yo‘q. Hamon uni yasashmoqda, hanuz uy jihozlari orasida ardoqlashmoqda.

Yahyobekning dadasi Farhodbek aka mana, 20 yildirki, sandiqlarning 50 dan ortiq turini yasadi. Endi esa bilganlarini o‘g‘liga o‘rgatib, o‘lmas qadriyatlarimizning rivojiga hissa qo‘shmoqda.

Yahyobek To‘xtasinov Shahrixondagi 62-maktabning 9-sinfini a’lo baholarga tugatdi. U yasagan sandiqlar xalqimizning yaxshi kunlariga xizmat qilib, tengdoshlari havasini keltirib, hurmatini qozonmoqda.

Hunar – kishini faqatgina ulug‘laydi. Shuning uchun ham uni qunt bilan egallaganlarni hurmat bilan Usta, deb ataydilar.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.