Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘n yoshli champion

Nafisa kichkinaligidan sportga havas qilib ulg‘aydi. Yon qo‘shnisi – Feruza opasining xalqaro musobaqalar, respublika chempionatlarida 3 marotaba 1-o‘rinni qo‘lga kiritgani haqidagi xabar uning mitti yuragida ham sportga qiziqish uyg‘otdi. Chempion opasining shoda-shoda medallarini qo‘liga olib ko‘rarkan, ich-ichidan “Men ham sport bilan shug‘ullanib, yuksak marralarni qo‘lga kiritaman”, deb orzu qildi.

Endigina 2-sinfga o‘tgan Nafisa uylari yaqinidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabiga qatnay boshladi. U yerda sportning taekvondo VTF turi bo‘yicha chempion opasi Feruza Bahriddinova murabbiylik qilishni o‘z bo‘yniga oldi. Sportda chaqqonlik, tezkorlik va epchillik kerakligini vaqtida anglagan Nafisa mashg‘ulotlar jarayonidagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishga harakat qildi. Murabbiyining har bir harakatini sinchkovlik bilan kuzatib, maqsadi sari ildam odimlashdan to‘xtamadi. Tinimsiz mashg‘ulotlar, maktabdagi darslar uni biroz toliqtirsa-da, vaqtini behudaga sarflamadi. Ko‘rgan, eshitganini tezda ilg‘ab olish, mashqlarni xatosiz bajarish, dangasalik qilmaslik kabi qoidalarga qat’iy amal qildi.

O‘ziga bo‘lgan ishonch qahramonimizni katta marralar sari yetaklab, tuman, viloyat miqyosida bo‘lib o‘tgan “Konstitutsiya kuni”, “Mustaqillikning 25 yilligi”, “Xotira va qadrlash kuni” kabi bir qator musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Nafisada matonat, sabr-toqat kabi xislatlar borligini ilg‘agan murabbiy u bilan astoydil shug‘ullandi.

– Nafisaning boshqalardan farqli tomoni – qiyinchiliklarga dosh bera oladi. Mashg‘ulotlarga qatnagan birinchi kunlarida oyoqlari og‘rib qolardi. Uyiga bazo‘r ketayotganini ko‘rib ertaga kelmasa kerak, deb o‘ylardim. Mashqimizning ilk kunlarida, sportchining erishgan natijalarini belbog‘ining rangiga qarab ilg‘ashimizni aytgandim. Mana shu gap uning qulog‘iga qattiq o‘rnashgan ekan. Har safar musobaqalarga borganimizda, natijasi e’lon qilinmasdan ko‘ziga yosh olardi. Meni ko‘rganlar mashg‘ulotlarga behudaga qatnagan ekan, degan xayolga boradi, derdi. Nafisa bilan ikki yildan buyon shug‘ullanayapmiz. U hozir qizil belbog‘ sohibasi, – deydi murabbiyi Feruza Bahriddinova.

Nafisa 2016-yil Tailand davlatining Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ochiq turnirda ishtirok etib, bronza medali sohibasiga aylanganini hayajon bilan eslaydi.

– Xalqaro musobaqaga qatnashishimni eshitib qanchalik quvongan bo‘lsam, oldimdagi mas’uliyatni ham shuncha teran his qildim, murabbiyim bilan soatlab shug‘ullanardik. Oyoqlarim zirqirab og‘rir, darslarga charchab borardim. Lekin o‘z maqsadim oldida qiyinchiliklarni yengishim kerakligini bilardim.

3-o‘rin o‘zbekistonlik Nafisa Mamatovaga, deb e’lon qilingandagi sevinch yoshlarimni tasvirlab berolmayman. Hamma zahmatlarni unutdim. Hozirda Rossiya, AQSH mamlakatlarida bo‘ladigan Xalqaro ochiq turnirda ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Menga bildirilgan ishonchni oqlab, yuqori o‘rinni qo‘lga kiritib yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytish niyatidaman, – deydi Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi 23-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Nafisa Mamatova.

Orzular sari intilayotgan qahramonimizga Vatanimizning iftixoriga aylangan sportchilarimiz qatori ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishini tilab xayrlasharkanman, mustaqil yurt farzandlari mana shunday sog‘lom fikrli bo‘lishlari shart, degan xulosaga keldim.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.