Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orzuimdagi robot

Ilhom kichkinaligidan mashina o‘ynashni, ularning rasmini chizishni yaxshi ko‘rardi. Kelajakda o‘zi ixtiro qilmoqchi bo‘lgan mashinalarni karton qog‘ozdan yasashga harakat qilardi. Keyinchalik daryo va dengizlarda suzadigan kema, o‘zi gapirib harakatlanadigan robotlar yasash ham uning orzusiga aylandi. Ilhomjon bu kashfiyotlarni amalga oshirishda ustoz sabog‘i kerakligini anglab, “Barkamol avlod” bolalar texnik ijodiyoti markazidagi “Robototexnika va elektron o‘yinchoqlar” to‘garagiga a’zo bo‘ldi. Model va maketlarni yasash usullarini o‘rgandi. Qisqa vaqt ichida ustozlar nazariga tushib, qator tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Bugun markazda “Orzuimdagi robot” respublika ko‘rik-tanlovida o‘zi yaratgan modeli bilan ishtirok etayapti.

Men ham tanlov jarayonini kuzatish, yangi ixtirolar, zukko ixtirochilar bilan tanishish maqsadida yon daftarimni bag‘rimga bosganimcha markazga bordim. Tepasiga “Robototexnika va elektron o‘yinchoqlar” yo‘nalishi, deb yozib qo‘yilgan eshikni asta ochdim. Qarasam, allaqanday apparat g‘izillagancha chiqindilarni yig‘ayapti.

– Juda dastyor o‘yinchoq ekanmi? – deb yubordim beixtiyor.

– Bu o‘yinchoq emas, – dedi bir bola. U shu o‘yinchoq ixtirochisi Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi 28-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Fazliddin Rahmonov ekan. – Ko‘rinishdan changyutgichga o‘xshasa-da, u xonalarni emas, balki hovli, yo‘lak va bog‘lardagi xazonlarni tozalashga mo‘ljallangan “bargyutgich” motor qismiga ikkita 9 voltli batareya o‘rnatilgan elektr tok yo‘q vaqtlarda ham zahiradagi quvvati orqali boshqarilarkan. Fazliddin yaratgan model kelajakda ishlab chiqarishga ruxsat olsa katta-katta bog‘ va ko‘chalarni tez va oson tozalash mumkin bo‘ladi.

Alisher Saminjonov Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi 9-maktabning 7-sinf o‘quvchisi. Alisherning dadasi fermer. Erta bahordan yaxshi hosil olish uchun yer haydash, ekinlarga vaqtida o‘g‘it sochish uchun kecha-yu kunduz daladan kelmaydi. Ba’zida ish kuchi yetishmasligidan vaqtida egatlarni kultivatsiya qilish, yer ag‘darish kabi yumushlar kechga qolganini, buning ta’sirida hosil unumdorligi pasayganini Alisher ko‘p ko‘rgan. Shuning uchun ham bugun bu ko‘rik-tanlovga ustozi, O‘g‘iloy Xo‘jayevadan o‘rgangan bilimlarini sinovdan o‘tkazib “Qurilish traktori” maketini yasab keldi. Bu traktor ish vaqtini tejab bir paytning o‘zida yer ag‘daradi. Egatlarni kultivatsiya qilib urug‘ ekadi. Quyosh akkumulatorida ishlagani uchun ekalogiyani zararlamaydi. Yosh ixtirochimizning maketi kelajakda katta-katta zavodlarda ishlab chiqilsa bormi? Yurtimiz ravnaqi uchun hissa qo‘shayotgan fermerlarimizning ishi ancha yengillashib, Alisherdek ixtirochi borligidan faxrlanib yurardi.

Yana bir ixtirochi – Sohibjon Ayomjonov Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi 5-maktabning 10-sinf o‘quvchisi. Tumandagi “Barkamol avlod” ijodiyoti markazining faol a’zolaridan biri. Sohibjon kichkinaligidan tabiat qo‘ynida sayr qilishni yoqtiradi. Har bir giyohni asrash, atrof-muhitni ozoda saqlash har birimizning burchimiz deb biladi. Ayniqsa, ko‘l va daryolardagi suvlarning ifloslanishi havoga salbiy ta’sir ko‘rsatib, sog‘lig‘imiz bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi haqida ko‘p o‘ylaydi. Atrofni chiqindilardan tozalashni imkoni bo‘lganidek, suv ostini kuzatib turish uchun ajoyib “Suv osti kuzatuvi” kemasini yaratibdi. Kemaga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi, loyqalangan suvni chiqindilardan tozalab turishi va baliqchilikka moslashtirilgan ko‘llarni muntazam nazoratga olishga mo‘ljallangan ekan. Sohibjonning aytishicha, kema kelajakda ko‘l va daryolarni tozalashda qo‘llanilsa, baliqchilikning rivojiga ancha hissa qo‘shilarkan. Chunki, toza joyda nafas olish har bir tirik jonzot uchun o‘ta muhim sanaladi.

Raqqos robotni ko‘rganmisiz. Yana u “Reklama roboti” bo‘lsa! “Miyasi”ga joylashtirilgan ikki-uchtadan ortiq so‘zni bilmasa, qanday qilib reklama qilishi mumkin, deb o‘ylayapsizmi? Jizzaxlik tengdoshingiz Asilbek buning yo‘lini topdi. U yasagan mitti robot ichiga aylana motor o‘rnatilib, 12 volt batareyadan quvvat oladi. Robotning orqa va old tomonlariga reklama qog‘ozlaringizni solsangiz, atrofdagilarga tarqatishga yordam beradi.

– Kimda kim o‘z mahsulotiga ko‘pchilikni jalb qilmoqchi bo‘lsa, uning o‘ziga xos qiziqarli, hayratlanarli tomonlariga e’tibor bersin, – deydi Asilbek

Asilbek kelajakda modelini mukammallashtirib oshxona yumushlarida yordam beradigan “Uy xizmatchisi” robotini yaratish niyatida. Yosh kashfiyotchimiz Asilbek G‘aybullayev Jizzax shahridagi 12-maktabning 8-sinfida tahsil olmoqda.

Kunlar isib ketganida hovlingizni mayda o‘t va gazonlardan tozalashga biroz qiynalasizmi? Shu damda qaniydi bu yumushlarni kechasi salqinda bajarishning imkoni bo‘lsa, deb o‘ylab qolasiz. Endi buning uchun sira tashvishlanmasangiz ham bo‘ladi. Tengdoshingiz Amirbek yaratgan “O‘t o‘radigan mashina” kechasi ham ishlashga mo‘ljallangan. Qanday qilib deysizmi? Mashinaning pastki qismiga joylashtirilgan chiroqlar yorug‘ligida yumushlaringizni bemalol bajarasiz. Uning qulay tomoni – chiroqlar batareya orqali yoritilib elektr quvvati bo‘lmagan vaqtlarda ham ishlatish mumkin bo‘larkan. Amirbek Do‘stiyev Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi 22-maktabning 7-sinf o‘quvchisi.

Maktabdan kelgach kechgacha koptok tepib, bekorchi ishlarga vaqtini sarflamaydigan mehnatsevar, iqtidorli tengdoshlaringiz bilan tanishib, orangizda darsga bormaslik uchun turli bahonalar o‘ylab topadigan bolalar qolmaganiga amin bo‘ldim.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.