Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orzular izidan

Jurnalni varaqlayotgan aziz o‘quvchim, ushbu sahifadagi kichik aktyor suratini ko‘riboq darrov tanidingiz-a? Ha, u – “Opa-singillar” teleserialining eng kichik qahramoni – Ozodbek. Yana “Zarb” nomli badiiy filmda bosh qahramon – doira cholg‘usi ustasi Sharif akaning shogirdi – Ilhomjon rolining ijrochisi Muhammad Ali Ibrohimov bo‘ladi.

Muhammad Ali “Zarb” filmidagi o‘zi yaratgan Ilhomjon obraziga juda o‘xshash. U besh yoshida videokamera oldida ishlashni boshlagan. O‘sha paytlarda “Opa-singillar” teleserialiga tanlov (kasting) jarayoni ketayotgan edi. Serialning sahnalashtiruvchi rejissori Zamira Begimqulova Ozodbek degan kichik bolakay obraziga mos aktyor izlaydi. Ko‘plab bolalarni sinovdan o‘tkazadi. Ammo o‘zi xohlagan qiyofani hech kimdan topa olmaydi. Nihoyat, serial ijodkorlari poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 136-maktabgacha ta’lim muassasasiga kelishganda Muhammad Alini ko‘rishadi. Bolakayda o‘zlari izlagan qahramon jihatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shunday qilib u besh yoshida Ozodbek bo‘lib tomoshabinlarga tanildi.

Muhammad Alining dadasi Adham aka uni yetti yoshida Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga o‘qishga olib boradi. Hozir u shu dargohning beshinchi sinfida nay, truba va fortepiano yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda. Kichik aktyor tarix, adabiyot, ingliz tili fanlariga qiziqish bilan birga hajviy-yumoristik asarlarni mutolaa qilishni ham yaxshi ko‘radi. O‘zining aytishicha, akademik litseyda tashkil etilgan barcha bayram va tadbirlarda ijro etgan kichik rollari katta ekrandagi ijrosi uchun repetitsiya ekan.

Sinfdoshlari Behruz, Shohjahon, Daliyer, Hasanlar Muhammad Aliga nihoyatda havas qiladi. Ayniqsa, Behruz aktyorlikka juda qiziqadi. Xonadonlariga qarindoshlari yoki mehmonlar kelib qolgudek bo‘lsa, darhol o‘rtog‘i Muhammad Alini ham uyiga taklif qiladi. Mehmonlarga “Bu mening sinfdoshim. Televizorda beriladigan “Opa-singillar” serialidagi Ozodbek bor-ku, o‘shani o‘ynagan. Yana “Zarb” degan kinodagi Ilhom rolini ham...” deya to‘lib-toshib, faxr bilan tanishtiradi. Kunlarning birida u:

– O‘rtoq, kastingga borganingda meni ham olib bor. Qani endi, meni ham biror kinodagi rolga loyiq topishsa. Hech bo‘lmaganda, kichik epizod bo‘lsa ham mayliydi, – deydi. Behruz bir necha bor kastinglarda o‘zini sinab ko‘rdi va hozircha “Shumtakalar” nomli bolalar hajviy kinojurnalida ommaviy sahnalarda ishtirok etib turibdi.

“Zarb” badiiy filmi suratga olinayotganda Muhammad Ali o‘n yoshda edi. U doira chalish sirlarini o‘rganish uchun mashhur doirachi, ustoz san’atkor Elmurod Islomov va uning shogirdlari bilan ikki oycha mashq qiladi. Biroq doirani yaxshi chalishi uchun bu vaqt kamlik qildi. Shu bois kinokartinada u chalgan doiraga kadr ortidan boshqa ijro yozib olingan ekan.

Muhammad Ali keyingi paytlarda teleseriallardagi yosh qahramonlarga ovoz berishga ham taklif qilinmoqda. Uning “Mehmonxona”, “Iqror” seriallaridagi kichik bolalarga bergan ovozi barchaga manzur bo‘ldi. Bundan tashqari u bolalar hajviy kinojurnali “Shumtakalar”da ham qator rang-barang rollarni ijro etib kelmoqda.

Uning dadasi Adham aka: “Yoshligimda men ham san’atkor bo‘lishni orzu qilganman, vaziyat taqozosi bilan u amalga oshmadi. Uning ro‘yobini farzandimda ko‘rib ko‘zimga quvonch yoshlari keladi. Ota-ona uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. O‘sha orzularimni farzandim amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarni yaratib berishga harakat qilaman”, deydi.

Biz ham yosh iqtidor egasi – Muhammad Aliga o‘qish va ishlarida omad tilab qolamiz.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.