Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orzular izidan

Eldorning matematikaga mehr qo‘yishida oiladagi muhitning o‘rni katta. Ota-onasi matematika o‘qituvchisi bo‘lgani bois, uyda fanga doir qiziqarli kitoblar, ko‘rgazmali qurollar ko‘p. O‘zidan katta opasi maktabga borganda, unga qo‘shilib kitob o‘qishni, yozishni o‘rgangan Eldor yuzgacha sanashni, ko‘paytirish jadvalini ham yodladi. Matematikaga bo‘lgan qiziqish uni 4-sinfdaligida Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internat tomon yetakladi.

Kuchli, bilimli o‘quvchilar qatoridan joy olish uchun u tinimsiz o‘qidi, bilimini mustahkamladi. Maktabga qabul qilish imtihonidan yuqori ball to‘plagan Eldorning matematikaga bo‘lgan layoqatini sezgan ustozi Baxtiyor aka Abdiyev u bilan alohida shug‘ullanishga kirishdi. Darslik dasturlaridan tashqari mavzularni ham astoydil erinmasdan o‘rgatdi. Har yili o‘tkaziladigan “Bilimlar bellashuvi”da yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan Eldor, opasi Yulduz Koreya davlatida o‘tkazilgan matematika bo‘yicha fan olimpiadasida kumush medal sohibi bo‘lgach, o‘z oldiga xalqaro fan olimpiadasida qatnashish va opasidek g‘olib bo‘lishni maqsad qildi. Uning orzuyini anglagan ustozi Baxtiyor aka mukammal dasturlar asosida o‘qita boshladi. Dam olish va mashg‘ulotlar vaqti teng taqsimlanib, sabr-toqatli bo‘lishni, ortiqcha narsalarga chalg‘imaslikni talab qildi. “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichida bilimini namoyon qilgan Eldor Xalqaro fan olimpiadasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

– Har bir sinovga puxta tayyorlanganimiz, ustoz saboqlarini qunt bilan o‘rganganimiz tufayli 600 nafar o‘quvchi orasida g‘oliblar qatoridan joy oldim. Maqsadim, matematika fanining yetuk mutaxassisi bo‘lish. Fan olimpiadalarida yuqori o‘rinlarni egallash, – deydi qahramonimiz.

Yuksak marralarni zabt etish uchun oldinga qarab intilayotgan yosh matematiklarning maqsad va orzularini eshitib, mustaqil yurt farzandlari mana shunday sog‘lom fikrli, bilimli bo‘lib ulg‘ayayotganlaridan boshimiz ko‘kka yetdi.

 

Iroda Umarova

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.