Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Oyqiz” haqida bilganlarim

Tengdoshingiz Feruza Yusupovani teleekran orqali ko‘p bora ko‘rgansiz. U bilan bir necha yillar oldin “Xazon” filmini suratga olish jarayonida tanishib qolganmiz. Avvaliga uni erkatoy, tantiq qiz deb o‘ylaganman. Ammo yaqindan bilgach, jasoratli, sabrli, tirishqoq qiz ekanligiga amin bo‘ldim. Ayniqsa, “Oyqiz ertagi” filmi ikkimizning ham matonatimizni sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda sal keyinroq so‘zlab beraman.

Feruza hozirda poytaxtimizdagi 178-maktabning 8-sinfida o‘qiydi. Bir kuni, hali u bog‘chaga boradigan paytlarida onasi “O‘zbekfilm” kinostudiyasi rejissori yordamchisi Dilbar opa Yusupova uni ishxonasiga olib boradi. Va o‘sha kundan boshlab u “kichkina aktrisa” sifatida ish boshlaydi. Ya’ni, “Tuzoq” filmida rol ijro etish uchun kichkintoylarni kastingdan o‘tkazaverib charchagan rejissor Bahriddin Oynazarov uni shu filmdagi Nigora obrazini yaratishga tayyorlaydi. O‘shanda Feruza endigina 5 yoshda edi. Keyinchalik qahramonimiz orzulari yelkanini keng yozib, “Sabr” filmida Dilbar, “Jodugar” filmida Ruxshona, “Men yulduzman” filmida Zuhra va nihoyat, “Oyqiz ertagi” filmida malika Oyqiz obrazlarini ijro etadi. Yuqorida aytib o‘tganimiz “Oyqiz ertagi” filmi qadim va mo‘jizakor Xiva shahrida suratga olinadi. Ayniqsa, Qoraqum sahrosida olingan sahnalar unga ancha og‘irlik qiladi. Yozning issiq kunlarida sahroda qalin paxtali libos, shunga mos bosh kiyim, oyog‘ida etik kiyib, kun bo‘yi quyosh tig‘i ostida qilichbozlik qilish ancha mushkul vazifa edi. 2-3 daqiqali kadrni suratga olish uchun ba’zan kun bo‘yi vaqt sarflanardi. Cho‘ntaklariga qum kirib qolar, suv ichidagi raqib bilan olishuv sahnalari jismoniy kuch talab qilardi. Hatto qiyinchiliklar jon-jonidan o‘tib ketganda yig‘lagan paytlari ham bo‘ldi. “Oyqiz” bo‘lish uchun Feruza ikki oy davomida Turon sport klubiga qatnab, qilichbozlik san’ati sirlarini o‘rganadi. Xullas, jang sahnalarida qo‘llari qiyilib, qavarib ketsa ham vazifasini a’lo darajada bajarishga intiladi. Mening rolim unikidan farqli o‘laroq, Ichanqal’ada, paveleonda suratga olindi. Har holda men jismonan Feruzachalik toliqmadim. Xullas, ikkimiz yaqin dugona bo‘lib qoldik. Feruza maktabda ham a’lo baholarga o‘qishga harakat qiladi. Bundan tashqari u “Yulduz” folklor dastasida ustozi Malika Po‘latovadan turli xil raqslarni o‘rganmoqda. Kelajagini kino san’ati bilan bog‘lagan bugungi qahramonimiz jangovar filmlarda yordamchi aktrisalarsiz, ya’ni kaskadyorlarsiz suratga tushishni orzu qiladi. Yaqin vaqt ichida sizning ekraningizda ham “Oyqiz ertagi” filmi namoyish etiladi. Yaxshilab kuzating-chi, men Feruza haqida sizga gapirib berolmagan qirralarni balki siz kashf etarsiz...

 

Barno MAMAJONOVA,

Toshkent shahar 59-maktabning 8-“B” sinf o‘quvchisi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.