Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qat’iy maqsad ortidan

Rustambek Temirboyev va Ilhomjon Umarboyevlar Zangiota tumanidagi 13-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining eng iqtidorli va izlanuvchan o‘quvchilaridan. Yillar davomidagi tinimsiz mashqlar, ustozlar sabog‘i bu bolalarni maktabning faxriga aylantirdi.

Rustambek kichikligidan tog‘asinikiga borishni, uning do‘mbirasida kuy chalishni yaxshi ko‘rardi. Bir kuni u do‘mbira sozidan saboq beruvchi ustoz haqida eshitib qoladi. Do‘mbira chalishga bo‘lgan ishtiyoq o‘n yoshli Rustamni uyidan olisdagi musiqa maktabi tomon yetaklab bordi va u “O‘zbek xalq cholg‘ulari” bo‘limida dutor va do‘mbira sozidan saboq olishni boshladi. Avvaliga “do‘mbirani qo‘limga olib, barmoqlarimni harakatlantiraman-u istagan kuyimni chala beraman,” deb o‘ylagan Rustambek maqsadiga erishish uchun musiqaning barcha sir-asrorlarini sidqidildan o‘rganishi lozimligini tushundi. Rustambekka Ziyyar Reyimova ustozlik qildi. Ustozi qo‘liga soz olib chertar ekan, o‘quvchisiga har bir xatti-harakatini qunt bilan kuzatish kerakligini ko‘p uqtirardi. Maktabga vaqtida bordi, o‘z ustida tinimsiz izlanishdan erinmadi. Mehnatsevarlik esa o‘z samarasini berdi. U bir qator tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egalladi.

Rustambek 2013-yil tuman miqyosida bo‘lib o‘tgan “Yangi avlod” bolalar ijodiyot festivalida, 2015-yil “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovida faol ishtirok etib faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. O‘ziga bo‘lgan ishonchi ortgach respublika miqyosida, xalqaro tanlovlarda qatnashish qat’iy maqsadiga aylandi.

2015-yil 10–16-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida xalqaro festival o‘tkazilishini eshitgach, bor mahoratini namoyish qilish uchun astoydil bel bog‘ladi. Festivalga o‘ttizdan oshiq davlatdan kelgan iste’dodli bolalar qatnashdi. Yuzlab tomoshabinlar nigohi ostida biroz hadik va hayajon bilan sahnaga chiqqan Rustambek dutorda “Rohat”, “Dutor bayoti”, do‘mbirada “Sari arqa” kuylarini mahorat bilan ijro etib, Gran-priga sazovor bo‘ldi.

– O‘sha kungi konsertni hayajon bilan eslayman. Maqsadim, xorijlik tengdoshlarimdan o‘zib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytish, ustozlarim, do‘stlarimni ishonchini oqlash edi. Albatta, bu muvaffaqiyatga erishish oson bo‘lmadi. Ba’zida, maktabdan charchab kelganimda, musiqa mashg‘ulotlariga borgim kelmagan vaqtlarim ham ko‘p bo‘lgan. Xato qilganimda, topshiriqlarni yaxshi bajarmay ustozimdan dakki eshitganimda “chalishni o‘rganib oldim-ku, endi boshqa kelmayman”, degan lahzalarim ham bo‘lgan. Ko‘pincha uyimizning uzoqdaligi pand berardi. Ammo musiqaga bo‘lgan mehrim tufayli mashaqqatlarni yengishga o‘zimda kuch topdim. Kelgusida bundan-da yuksak muvaffaqiyatlarga erishish uchun tinmay izlanaveraman, – deydi Chilonzor tumanidagi 188-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Rustambek Temirboyev.

Ilhomjon Umarboyevning esa musiqa maktabida “O‘zbek xalq cholg‘ulari” bo‘limining rubob yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotganiga besh yil bo‘ldi. “Nabiram bo‘sh vaqtidan unumli foydalansin”, deb o‘ylagan buvisi uni ushbu maktabga yetaklab kelgandi. Ilhom sinfxonalaridan kelayotgan yoqimli musiqa ohanglarni eshitib, konsert bo‘layapti, deb o‘ylagandi. Ilk bor rubobni qo‘liga olib, notalar joylashuvini o‘rgana boshlaganda, bu sozni chalish uchun ko‘p mehnat qilishi, bilim olish zarurligini bildi. Tinimsiz mashqlardan charchamadi. Maktabda o‘tkazilgan ko‘plab tadbir, bayramlarda qatnashib, ustozlar nazariga tushdi. 2012–2014-yillarda u bir qator tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 2014-yil Muhiddin Qori Yoqubov nomli respublika ko‘rik-tanlovida 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan Ilhomjon Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib o‘tadigan “VII Mug‘am va Ushoq” xalqaro festivalida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Rubobda “Ey, nozanin” kuyini ijro qilgan Ilhomjon guruhdoshlari bilan 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

– Festivalda turli davlat musiqalari qatori bizning milliy qo‘shiqlarimiz, milliy cholg‘ularimiz ham tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Musiqa maktabiga qatnaganimda “Bu men uchun ermak, tashlab ketsam ham hech narsa yo‘qotmayman”, deb o‘ylagandim. Hozir rubobimni har kuni qo‘limga olmasam turolmayman. Yutuqlarga erishishimda ustozim Mirzaolim aka Xalilovning xizmatlari beqiyos. Berilgan topshiriqni vaqtida bajarmasam yoniga olib soatlab dars o‘tardi. Bir marta ikki soat to‘xtovsiz rubob chalib barmoqlarim og‘rib qolgan, – deydi Zangiota tumanidagi 42-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Ilhomjon Umarboyev.

Keng imkoniyatlar davrida bilim olayotgan Rustambek va Ilhomjonlarning erishayotgan yutuqlari, orzulari haqida tinglarkanmiz, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shib kelayotgan ana shunday o‘g‘lonlar borligidan faxrlanamiz. Kelajakda ularning safi yanada ortishiga ishonamiz.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.